Bismillahir Rohmanir Rohiym
Cavol: Shariatda tish davolatish, plomba yoki yasama tish qo‘ydirish joiz. Hozirda implant tish uchun turli metallar bilan birga, hayvonlarning suyaklaridan ham foydalanilmoqda. Bunda o‘limtik hayvonning suyagi, shuningdek, cho‘chqa va odamning suyagidan foydalanish dinimizda mumkinmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Implant tish deganda metall vint yordamida suyakka joylashtiriladigan va tish ildizi vazifasini bajaradigan moslama tushuniladi. Ushbu moslama cho‘chqa va odam suyagidan boshqa o‘limtik hayvonning suyagidan bo‘lishi shariatimizga ko‘ra joiz sanaladi. Chunki barcha hanafiy fuqaholarimiz hamda molikiy ulamolardan Alloma Ibn Vahb hayvonlar garchi o‘limtik bo‘lsa ham ularning suyagidan foydalanish mumkin ekaniga fatvo berishgan. Alloma Ibn Nujaym bu borada Imom Muhammadning quyidagi gaplarini keltiradilar:
“Imom Muhammad “Siyarul kabir”da aytadilar: “Suyak bilan davolanish joiz. Bunda suyak qo‘y, mol, tuya yoxud boshqa hayvonlarning suyaklari bo‘lishi kerak. Lekin cho‘chqaning va odamning suyagi bundan mustasno. Chunki bu ikkisiniki bilan davolash mumkin emas. Suyak bilan davolashda hayvon shar’iy so‘yilgan yoki o‘limtik, ho‘l yoki quruq bo‘lishining farqi yo‘q” (“Bahrur roiq” kitobi).
Cho‘chqaning go‘shti, yog‘i va suyagi najosat ekani va undan foydalanish joiz emasligiga barcha fuqaholar ijmo qilishgan. Odamning suyagidan foydalanish joiz emasligi, uning mukarramligi, ulug‘ligiga, qadr-qimmati sabablidir.
Hanafiy mazhabiga ko‘ra, odam va cho‘chqaning suyagidan boshqa har qanday hayvonning, garchi o‘limtik bo‘lsa ham, foydalanish yoki davo sifatida ishlatish joiz. Chunki suyakda hayot bo‘lmagani sababli u pok hisoblanadi.
Demak, odam va cho‘chqadan boshqa jonzotlarning suyagidan implant tish uchun foydalanish joiz. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.