Sayt test holatida ishlamoqda!
16 Yanvar, 2025   |   16 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:23
Quyosh
07:46
Peshin
12:38
Asr
15:39
Shom
17:23
Xufton
18:41
Bismillah
16 Yanvar, 2025, 16 Rajab, 1446
Maqolalar

Oyoqlar orasi to‘rt barmoq kengligida ochiladi

18.09.2024   2614   2 min.
Oyoqlar orasi to‘rt barmoq kengligida ochiladi

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Namozxon qiyom holatida qiblaga yuzlangan, qaddi tik, qo‘llari ikki yonga tushirilgan, ikkala oyoqlarining orasi to‘rt barmoq kengligida ochilgan bo‘ladi.

Namozda qiyomda turganda oyoqlar orasi qanday holatda turishi haqida Abdurrahmon al-Juzayriy rahimahulloh “al-Fiqh ’ala-l-mazohib al-arba’a” asarida quyidagilarni yozgan: “Qiyom holatida ikki oyoqni ochish miqdori juda yaqin ham, juda uzoq ham bo‘lmasligi kerak. Faqat semizlik, to‘lalik, barvastalik va shunga o‘xshash uzr bilan bo‘lsa, joiz. Mazhablarda uning miqdori borasida ixtiloflar

Hanafiylar ikki oyoq orasini to‘rt barmoq miqdori ochish deb belgilaganlar. Undan ortiq yoki kam bo‘lsa, makruh bo‘ladi.

Shofe’iylar esa bir qarich deb belgilaganlar. Ular orasi bundan qisqa yoki ortiq ochilsa, makruh bo‘ladi. Xuddi bu bir oyoq oldinroqda, birisi orqaroqda turgandek makruh bo‘ladi.

Molikiylar ikki oyoq orasini ochishni sunnat emas, balki mandub bo‘ladi, deydilar. Ular fikricha, ikki oyoq orasi bir-biriga tekkizilgan yoki juda ochilgan holatda emas, balki urfda yomon ko‘rilmaydigan holatdagi o‘rtacha ochilishi kerak.

Hanbaliylarning fikrlari ham molikiylar singaridir, faqat ular mandub yoki sunnat deb belgilagan emaslar» (Abdurrahmon al-Juzayriy. al-Fiqh ’ala-l-mazohib al-arba’a. J. 1. – B. 202).

Bu masala bo‘yicha doktor Vahba Zuhayliy «Al Fiqhul Islamiyyu va adillatuhu» (Islom fiqhi va uning dalillari) nomli kitobida (J. 1. – B. 695) quyidagilarni yozadi:

Hanafiylar aytadilar: “Qiyomda ikki oyoq orasini to‘rt enlik miqdoricha ochib turish sunnatdir. Chunki bu xushu’ga yaqinroqdir”

Shofe’iylar aytadilar: “Ikki oyoq orasi bir qarich
miqdorida ochiladi”

Molikiy va hanbaliylar aytadilar: “Ikki oyoqning orasini ochish mandubdir. O‘rtacha holatda bo‘lsin. Ikkisini bir-biriga qo‘shib olmasin yoki juda kengaytirib, urfda noxush sanaladigan bo‘lmasin”.

Demak, to‘rt mazhabning fiqhiy qarashlariga ko‘ra namozda qiyomda turganda ikki oyoq orasi juda katta ochilgan bo‘lmasligi, urfda va odamlar nazarida g‘ayritabiiy ko‘rinmasligi darkor. Shuning uchun ham, namozlarda ikki oyoqlarini kerib, keng ochib turish holati namoz borasidagi diniy an’anaga to‘g‘ri kelmagani bois erish tuyuladi.

“Sunnatga muvofiq namoz o‘qing” kitobidan olindi.

MAQOLA
Boshqa maqolalar

“Ya Haliymu ya Aliym, ya Aliyyu ya Aziym” duosining fazilati

15.01.2025   1511   3 min.
“Ya Haliymu ya Aliym, ya Aliyyu ya Aziym” duosining fazilati

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Mutorrif ibn Mus’ab aytadilar: “Men xalifa Mansurning huzuriga kirsam, u g‘amgin va xafa holatda ekan. Ayrim yaqin insonlaridan judo bo‘lgani sabab, hatto so‘zlashmay qo‘ygan ekan. U menga: “Ey Mutorrif! Men musibatga duchor bo‘ldim. Bu baloni Allohdan boshqa hech kim bartaraf qila olmas. Alloh bu musibatni daf qilishini so‘rashim uchun biron duo bormi? Men uni o‘qib yurardim”, dedi.

Men: “Ey mo‘minlarning amiri! Muhammad ibn Sobit menga Amr ibn Sobit al-Basriydan rivoyat qilib gapirib bergan. “Basralik bir kishining qulog‘iga pashsha kirib ketib, quloq pardasigacha yetib bordi. U og‘riqdan qiynalib, kechasiyu kunduzi uxlolmay qoldi. Shunda Hasanning yaqinlaridan bir kishi: “Sahoba Alo ibn Hazramiyning duolarini o‘qigin, chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalari ushbu duoni sahroda va dengizda so‘rab duo qilganlarida, Alloh taolo ularni mashaqqatdan xalos qilgan”, deb aytgan edi, u kishi: “Alloh rahm qilsin, u qanaqa duo?” dedi. Shunda men u kishiga quyidagi rivoyatni aytib berdim:

“Alo ibn Hazramiyni Bahraynga yuborildi. U kishi sahroni yurib borarkan, juda qattiq chanqoq va suvsizlikdan o‘lar holatga keldi. Shunda u zot ulovdan tushdi va  ikki rakat namoz o‘qidi. So‘ngra: “Ya Haliymu, ya Aliym, ya Aliyyu, ya Aziym, isqinaa” (Ey Halim, ey Biluvchi, ey Oliy va ey Buyuk Zot, bizni suv bilan sug‘or, tashnaligimizni qondir) deb duo qilgandi, birdan qushning qanotiga o‘xshab ketadigan bulutlar paydo bo‘lib, gumburlay boshladi. So‘ngra yomg‘ir yog‘a boshladi, biz idish va meshkoblarimizni to‘ldirib oldik. Yo‘limizda davom etib, dengiz qirg‘ogidagi kichik ko‘rfazga yetib keldik. U yerda hech qimirlashni iloji yo‘q edi. Suzib ketishimiz uchun kemalarimiz ham yo‘q edi. U kishi ikki rakat namoz o‘qib: “Ya Haliymu ya Aliym, ya Aliyyu ya Aziym, ajiznaa” (Ey Halim, ey Biluvchi, ey Oliy va ey Buyuk Zot, bizni bu yerdan o‘tkazib yubor), deb aytdilar. So‘ngra otning tizginidan ushlab: “Allohning ismini aytib bu yerdan kechib o‘tinglar”, dedilar.

Abu Hurayra roziyallohu anhu: “Biz suvning ustidan yurib o‘tdik. Allohga qasamki, bizni na oyoqlarimiz, na mahsilarimiz va na oyoq kiyimlarimiz ho‘l bo‘lgan edi. O‘sha paytda qo‘shin to‘rt ming otliqdan iborat  edi”, deb aytdilar.

(Ibn Abu Dunyo, Lalkaiy va Ibn Abu Shayba musanniflarida ba’zi qisqartirish va qo‘shimchalar bilan rivoyat qilishgan).

Haligi qulog‘iga pashsha kirib ketgan kishi ham ushbu duoni o‘qigan edi, qulog‘idan pashsha chiqib, o‘z holiga keldi.

Xalifa Mansur ham qiblaga qarab, ushbu duo bilan so‘ray boshladi. Biroz fursat o‘tib, menga yuzlandi va: “Ey Mutorrif, Alloh mendagi g‘amni aritdi”,  deb ovqat keltirishlarini amr qildi va meni ham taklif etdi, birga o‘tirib tanovvul qildik.

“Yoqimsiz narsalarni bartaraf qilish va balo ofatdan qutulishda duoning ahamiyati” nomli kitobdan.

Biz ham hayotda qandaydir muammo va to‘siqlarga duch kelib: “Ya Haliymu ya Aliym, ya Aliyyu ya Aziym”, deb aytib, o‘sha muammoni ko‘tarishini Allohdan astoydil va chin ixlos bilan so‘rasak, insha Alloh U Zotning yordami bilan muammolardan xalos bo‘lamiz.