Bismillahir Rohmanir Rohiym
Namozxon qiyom holatida qiblaga yuzlangan, qaddi tik, qo‘llari ikki yonga tushirilgan, ikkala oyoqlarining orasi to‘rt barmoq kengligida ochilgan bo‘ladi.
Namozda qiyomda turganda oyoqlar orasi qanday holatda turishi haqida Abdurrahmon al-Juzayriy rahimahulloh “al-Fiqh ’ala-l-mazohib al-arba’a” asarida quyidagilarni yozgan: “Qiyom holatida ikki oyoqni ochish miqdori juda yaqin ham, juda uzoq ham bo‘lmasligi kerak. Faqat semizlik, to‘lalik, barvastalik va shunga o‘xshash uzr bilan bo‘lsa, joiz. Mazhablarda uning miqdori borasida ixtiloflar
Hanafiylar ikki oyoq orasini to‘rt barmoq miqdori ochish deb belgilaganlar. Undan ortiq yoki kam bo‘lsa, makruh bo‘ladi.
Shofe’iylar esa bir qarich deb belgilaganlar. Ular orasi bundan qisqa yoki ortiq ochilsa, makruh bo‘ladi. Xuddi bu bir oyoq oldinroqda, birisi orqaroqda turgandek makruh bo‘ladi.
Molikiylar ikki oyoq orasini ochishni sunnat emas, balki mandub bo‘ladi, deydilar. Ular fikricha, ikki oyoq orasi bir-biriga tekkizilgan yoki juda ochilgan holatda emas, balki urfda yomon ko‘rilmaydigan holatdagi o‘rtacha ochilishi kerak.
Hanbaliylarning fikrlari ham molikiylar singaridir, faqat ular mandub yoki sunnat deb belgilagan emaslar» (Abdurrahmon al-Juzayriy. al-Fiqh ’ala-l-mazohib al-arba’a. J. 1. – B. 202).
Bu masala bo‘yicha doktor Vahba Zuhayliy «Al Fiqhul Islamiyyu va adillatuhu» (Islom fiqhi va uning dalillari) nomli kitobida (J. 1. – B. 695) quyidagilarni yozadi:
Hanafiylar aytadilar: “Qiyomda ikki oyoq orasini to‘rt enlik miqdoricha ochib turish sunnatdir. Chunki bu xushu’ga yaqinroqdir”
Shofe’iylar aytadilar: “Ikki oyoq orasi bir qarich
miqdorida ochiladi”Molikiy va hanbaliylar aytadilar: “Ikki oyoqning orasini ochish mandubdir. O‘rtacha holatda bo‘lsin. Ikkisini bir-biriga qo‘shib olmasin yoki juda kengaytirib, urfda noxush sanaladigan bo‘lmasin”.
Demak, to‘rt mazhabning fiqhiy qarashlariga ko‘ra namozda qiyomda turganda ikki oyoq orasi juda katta ochilgan bo‘lmasligi, urfda va odamlar nazarida g‘ayritabiiy ko‘rinmasligi darkor. Shuning uchun ham, namozlarda ikki oyoqlarini kerib, keng ochib turish holati namoz borasidagi diniy an’anaga to‘g‘ri kelmagani bois erish tuyuladi.
“Sunnatga muvofiq namoz o‘qing” kitobidan olindi.
Xabar berganimizdek, 19-20 avgust kunlari Islom sivilizatsiyasi markazida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» nomli I ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tmoqda.
Bugun, 19 avgust kuni ishtirokchilar kutib olinib, ularning Islom sivilizatsiyasi markaziga sayohati tashkil etildi. Tashrif davomida mehmonlar markazning boy ekspozitsiyalari, Qur’oni karim zali, nodir qo‘lyozmalar hamda buyuk ajdodlarimizning ilmiy merosiga bag‘ishlangan bo‘limlar bilan yaqindan tanishdi. Ayniqsa, zamonaviy multimedia loyihalari va tarixiy eksponatlar ularda chuqur taassurot qoldirdi.
Ustozlar Markazda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar islom ma’rifatini targ‘ib qilish hamda yosh avlodni milliy-diniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etishini e’tirof etishdi.
Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasida ham bo‘lishdi. Hazrati Imom majmuasidagi tarixiy qadamjo va obidalarni ziyorat qilishdi.
Oqshomda Islom sivilizatsiyasi markazi binosida ma’rifiy dastur – mapping namoyish qilindi.
Mazkur tadbirlar islom sivilizatsiyasi merosini targ‘ib etish, diniy ta’lim tizimini yanada takomillashtirib, yangi bosqichga olib chiqishda salmoqli hissa bo‘lib qo‘shiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati