Shu yil 16-20 sentyabr kunlari Rossiya Federatsiyasining Dog‘iston Respublikasi poytaxti Maxachqala shahrida “Islom merosining ruhiy va axloqiy qadriyatlar va madaniy o‘zlikni mustahkamlashdagi o‘rni” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tmoqda.
Mazkur konferensiyada 50 dan ortiq davlat vakillari qatorida O‘zbekiston delegatsiya ham qatnashdi.
Dastlab O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakillari Ibrohimjon Inomov, Tohir Evadullayev va Oxunjon Ahmedovlarni Dog‘iston Respublikasi muftiysi Shayx Ahmad Afandi Abdullayev yuqori ehtirom ila qabul qildi.
Samimiy qabul davomida O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakillari Muftiy Ahmad Afandiga O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining duoyu salomlarini yetkazishdi. Ikki tomonlama hamkorlik aloqalari to‘g‘risida fikr-mulohaza almashildi. So‘ng Dog‘iston muftiysi vakillarimizni tashrif bilan qutlash barobarida xalqaro tadbirning martabali mehmon sifatida taklif qildi.
Muftiy Ahmad Afandi O‘zbekiston butun dunyoga Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Abul Muin Nasafiy, Burhoniddin Marg‘inoniy va Bahouddin Naqshband kabi yuzlab allomalarni tarbiyalagan yurt sifatida mashhur ekani, Dog‘istonga ham tasavvuf tariqatlari O‘zbekiston orqali kirib kelgani, yurtimiz SSSR davrida ham o‘z e’tiqodi va olimlarining ilmiy merosini yo‘qotmagani, hozirda butun Rossiyadagi aksar diniy olimlar ham o‘z davrida Toshkent va Buxoroda diniy ta’lim olishganini katta hurmat bilan yodga olib, yurtimiz haqida iliq fikrlarini bildirdi.
Shuningdek, Ahmad afandi 2011 yili O‘zbekistonga qilgan tashrifi chog‘ida Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlarida bo‘lganini xotirlab, yurtimizda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarga yuqori baho berdi va O‘zbekiton tajribasini e’tirof etdi.
Konferensiyada O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakili Ibrohimjon Inomov: “Buyuk allomalarimiz ilmiy merosining ruhiy va axloqiy qadriyatlar hamda madaniy o‘zlikni mustahkamlashdagi roli” mavzusida ma’ruza qildi.
Mazkur konferensiya doirasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakillari Dog‘iston gumanitar fanlar instituti rektori N.Baxmutkadiyev, Rossiya islom instituti rektori R.Muxametshin, Birlashgan Arab Amiliklari musulmon jamiyatlar kengashi Bosh kotibi doktor M.Bishariy va Damashq Fatvo markazi raisi Shayx A. Qabboniylar delegatsiyamiz a’zolari bilan o‘zaro muloqotda O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyatiga samimiy minnatdorchilik bildirib, salom va xayrli duolarini yetkazishni so‘radi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Vafot etganingizdan keyin nimalar bo‘lishini tasavvur qilasizmi? Bir necha soat o‘tib, siz uchun yig‘layotgan odamlarning yig‘isi to‘xtaydi. Yaqin qarindoshlaringiz ham hayot tashvishlariga ovunadi.
Ko‘p o‘tmay, rahbaringiz o‘rningizga boshqa xodim topadi. Yaqinlaringiz, farzandlaringiz ishga, tirikchilik tashvishiga tushib ketadi.
Bir oy o‘tgandan so‘ng turmush o‘rtog‘ingiz ham sizni kamroq eslay boshlaydi. Ha, odam o‘zi o‘ylaganidan ko‘ra tezroq unutiladi.
Modomiki, odamlar sizni shunchalar tez esdan chiqarar ekan, bu o‘lchovli umringizni kim yoki nima uchun sarflamoqdasiz? Bir umr “Odamlar nima derkin?” deb yashab o‘tmayapsizmi? Yashashdan maqsadingiz nima o‘zi?
Bir lahza tin olib, shular haqda o‘ylab ko‘ring. Bu olamga keltirilish sababingiz haqida mulohaza yuriting. Yaqinlaringizni hayotlik chog‘ida qadrlangki, vaqti yetganda qadr topasiz. Alloh taolo O‘zi rozi bo‘ladigan hammamizga mazmunli hayot, xayrli oqibat nasib etsin!
Akbarshoh Rasulov