Shu yil 16-20 sentyabr kunlari Rossiya Federatsiyasining Dog‘iston Respublikasi poytaxti Maxachqala shahrida “Islom merosining ruhiy va axloqiy qadriyatlar va madaniy o‘zlikni mustahkamlashdagi o‘rni” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tmoqda.
Mazkur konferensiyada 50 dan ortiq davlat vakillari qatorida O‘zbekiston delegatsiya ham qatnashdi.
Dastlab O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakillari Ibrohimjon Inomov, Tohir Evadullayev va Oxunjon Ahmedovlarni Dog‘iston Respublikasi muftiysi Shayx Ahmad Afandi Abdullayev yuqori ehtirom ila qabul qildi.
Samimiy qabul davomida O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakillari Muftiy Ahmad Afandiga O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining duoyu salomlarini yetkazishdi. Ikki tomonlama hamkorlik aloqalari to‘g‘risida fikr-mulohaza almashildi. So‘ng Dog‘iston muftiysi vakillarimizni tashrif bilan qutlash barobarida xalqaro tadbirning martabali mehmon sifatida taklif qildi.
Muftiy Ahmad Afandi O‘zbekiston butun dunyoga Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Abul Muin Nasafiy, Burhoniddin Marg‘inoniy va Bahouddin Naqshband kabi yuzlab allomalarni tarbiyalagan yurt sifatida mashhur ekani, Dog‘istonga ham tasavvuf tariqatlari O‘zbekiston orqali kirib kelgani, yurtimiz SSSR davrida ham o‘z e’tiqodi va olimlarining ilmiy merosini yo‘qotmagani, hozirda butun Rossiyadagi aksar diniy olimlar ham o‘z davrida Toshkent va Buxoroda diniy ta’lim olishganini katta hurmat bilan yodga olib, yurtimiz haqida iliq fikrlarini bildirdi.
Shuningdek, Ahmad afandi 2011 yili O‘zbekistonga qilgan tashrifi chog‘ida Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlarida bo‘lganini xotirlab, yurtimizda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarga yuqori baho berdi va O‘zbekiton tajribasini e’tirof etdi.
Konferensiyada O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakili Ibrohimjon Inomov: “Buyuk allomalarimiz ilmiy merosining ruhiy va axloqiy qadriyatlar hamda madaniy o‘zlikni mustahkamlashdagi roli” mavzusida ma’ruza qildi.
Mazkur konferensiya doirasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakillari Dog‘iston gumanitar fanlar instituti rektori N.Baxmutkadiyev, Rossiya islom instituti rektori R.Muxametshin, Birlashgan Arab Amiliklari musulmon jamiyatlar kengashi Bosh kotibi doktor M.Bishariy va Damashq Fatvo markazi raisi Shayx A. Qabboniylar delegatsiyamiz a’zolari bilan o‘zaro muloqotda O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyatiga samimiy minnatdorchilik bildirib, salom va xayrli duolarini yetkazishni so‘radi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Muloqot davomida kengayib borayotgan hamkorlik holati yuzasidan atroflicha fikr almashilgan. ICESCO tomonidan amalga oshirilayotgan istiqbolli tashabbuslar, jumladan 2025 yil Samarqand shahri Islom dunyosining madaniyat poytaxti sifatida nishonlanishi ta’kidlandi.
“Islom olami madaniy merosi: xattotlik, musiqa, she’riyat va hamjihatlik” mavzusidagi anjumanda yuqori darajadagi rasmiylar, jumladan ICESCO tarkibidagi davlatlar madaniyat vazirlari, xalqaro tashkilot va muassasalar mas’ullari ishtirok etishiga urg‘u berildi.
Shu munosabat bilan ICESCO Bosh direktori doktor Salim bin Muhammad Al-Malik bir yil davomida ICESCO tomonidan respublikamizning tegishli vazirlik, idoralari bilan birgalikda tashkil etiladigan boy, rang-barang dasturlar, tadbirlar tashkil etilishi, tashabbuslar ilgari surilishiga e’tibor qaratdi. Bu sa’y-harakatlar shaharning betakror madaniy-tarixiy merosini ta’kidlash, islom olami sivilizatsiyasidagi yetakchilik rolini yana bir bor tasdiqlashdan iborat.
Muharrama Pirmatova, O‘zA