Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Dekabr, 2024   |   23 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:21
Quyosh
07:47
Peshin
12:28
Asr
15:18
Shom
17:02
Xufton
18:22
Bismillah
24 Dekabr, 2024, 23 Jumadul soni, 1446
Maqolalar

O‘zbekiston kasaba uyushmalari faollari va respublika nuroniylarining O‘zbekiston xalqiga murojaati

18.09.2024   3458   13 min.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari faollari va respublika nuroniylarining O‘zbekiston xalqiga murojaati

Qadrli vatandoshlar!

Jonajon O‘zbekistonimiz o‘z davlat mustaqilligining 33 yilligini keng nishonlab, ana shu davrda bosib o‘tgan g‘oyat murakkab va sharafli yo‘lda erishgan yutuq va marralarini chuqur tahlil va sarhisob etib, yanada ulkan vazifalarni belgilab olayotgan mana shu shukuhli kunlarda qalblarimizda Vatanga mehr va iftixor, o‘z kuch va imkoniyatlarimizga ishonch tuyg‘usi yanada kuchaymoqda.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida ishlab chiqilgan va izchil amalga oshirilayotgan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi amalda qanday ulkan natijalar berayotganini har birimiz o‘z hayotimiz va faoliyatimizda yaqqol ko‘rib, his etib kelmoqdamiz.

Qisqa muddatda mamlakatimizning siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-gumanitar yo‘nalishlardagi taraqqiyot sur’atlari keskin o‘zgarib, yangicha sifat va mazmun kasb etib, beqiyos qudrat va shiddatga ega bo‘lib bormoqda.

Eng muhimi, yurtimizda davlat va jamiyat tayanchi bo‘lgan xalqimizga, uning bunyodkorlik salohiyatiga munosabat tubdan o‘zgardi.

Inson, uning erkin va farovon hayoti barcha islohotlar markazida turadigan bosh maqsadga aylandi. Inson qadrini, huquq va manfaatlarini ta’minlash Konstitutsiya va qonunlarimiz darajasida qat’iy qoida sifatida mustahkamlanib, barcha darajadagi davlat hokimiyati organlari, rahbar xodimlar faoliyatining asosiy mezoni bo‘lib bormoqda.

Iqtisodiyotimizga jahon miqyosida ustuvor tendensiyaga aylanayotgan raqamli va “yashil” texnologiyalar jadal kirib kelmoqda. Mamlakatimizda tadbirkorlik va ishbilarmonlik misli ko‘rilmagan darajada rivojlanmoqda.

Dunyoda va mintaqamizda do‘stlarimiz va hamkorlarimiz ko‘payib, mamlakatimizning xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tibori muttasil yuksalib bormoqda.

Hech shubhasiz, bularning barchasi hayotimizning turli xil sohalarida ilgari tasavvur ham qilib bo‘lmaydigan amaliy natijalar bermoqda.

Vatanimiz har tomonlama taraqqiy etgan, millati, tili va dinidan qat’i nazar, har bir inson erkin yashab, mehnat qiladigan, zamonaviy bilim va kasb-hunarga ega farzandlarimiz o‘z baxtini aynan shu zaminda topadigan, dunyodagi eng go‘zal, tinch va farovon mamlakat bo‘lishini barchamiz orzu qilamiz va shu maqsad yo‘lida butun borlig‘imiz bilan harakat qilishga tayyormiz.

Davlatimiz rahbarining olib borayotgan keng ko‘lamli, oqilona siyosati, amalga oshirayotgan islohotlari ana shu ezgu maqsadga qaratilgandir.

Shu yo‘lda Yurtboshimizga kamarbasta bo‘lish – bu barchamiz intilayotgan kelajakni, oilamiz, farzandlarimizning baxtu saodatini ta’minlashning eng muhim sharti va garovidir.

Hurmatli yurtdoshlar!

Biz siz, azizlarga ana shunday ezgu da’vatlar bilan murojaat qilar ekanmiz, muhtaram Prezidentimiz tomonidan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining ajralmas bir qismi sifatida ilgari surilayotgan va keyingi yillarda maxsus davlat dasturi asosida amalga oshirilayotgan kambag‘allikni qisqartirish masalasiga alohida e’tiboringizni qaratmoqchimiz.

Davlatimiz rahbari Birlashgan Millatlar Tashkilotining yuksak minbaridan yurtimiz aholisining muayyan qismi o‘rtasida kambag‘allik borligini e’tirof etib, mamlakatimizda bu muammoni hal etishga qaror qilinganini jahon hamjamiyatiga e’lon qilgan edi.

Bu, hech shubhasiz, xalqimizga bo‘lgan yuksak mehr va g‘amxo‘rlik, O‘zbekistonni rivojlangan davlatlar qatoriga ko‘tarish yo‘lidagi qat’iy harakatlarning yana bir ifodasi edi.

Uchinchi Renessans poydevorini bunyod etishdek tarixiy missiyani zimmasiga olgan xalqimiz yetakchisi, avvalo bu maqsadlar yo‘lida aholining kam ta’minlangan qatlami turmush sharoitini yaxshilash, uning hayotdan rozi bo‘lib, baxtli yashashini, o‘zining eng oliy maqsadi qilib belgilagani millatimiz baxti emasmi? 

Barchamizga ma’lumki, muhtaram Prezidentimiz kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha murosasiz kurashni boshlagan vaqtda 7,5 million yoki jami aholining 23 foizi kambag‘allik darajasida deb qayd etilgan edi.

Kambag‘al fuqarolarni kuchli va manzilli ijtimoiy himoya qilishni nazarda tutuvchi qonunchilik asoslari yaratildi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi va "Inson" ijtimoiy xizmatlar markazlari tashkil etildi, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”, “Mehr daftari” kabi mutlaqo yangi tashkiliy-huquqiy mexanizmlar ishga tushirildi.

Bu yo‘nalishga sarflanayotgan mablag‘lar miqdori yildan-yilga izchil ko‘paytirildi.

Xususan, 2020 yilda aholini ijtimoiy himoya qilishga 3,7 trillion so‘m yo‘naltirilgan bo‘lsa, 2023 yilda 12,3 trillion so‘m sarflandi. So‘nggi 3 yilda pensiya va nafaqalar miqdori ham 1,5 baravar oshirildi.

Mahallada kambag‘allikni qisqartirish, tadbirkorlik loyihalarini moliyalashtirish uchun 35 trillion so‘mlik arzon kredit va 7 trillion so‘m subsidiya ajratildi, 260 ming gektar yer 800 ming aholiga daromad topishi uchun tarqatildi.

O‘tgan davrda aholimiz soni 3,7 million nafarga ko‘payishi bilan birga, kambag‘allikni belgilash chegarasi ham 1,5 karraga ko‘tarildi.

Samarali va adolatli ijtimoiy siyosat hamda manzilli va aniq chora-tadbirlar ko‘rilishi natijasida shu qisqa fursatda 3,5 million aholi yetarli darajada daromadli bo‘ldi va 2023 yil yakuni bilan kambag‘allik darajasining 11 foizga tushishiga erishildi.

Bu ko‘rsatkichlar Yangi O‘zbekistonning bosh shiori qilib “Inson qadri uchun!” degan xalqchil tamoyil belgilangani, aholining hayotini erkin va farovon qilish, odamlarni shu aziz yurt ravnaqi yo‘lida safarbar etishdek ulug‘ niyatni xalqimiz nechog‘li xayrixohlik va hamjihatlik bilan qarshi olayotganining yaqqol dalolatidir.

Aziz hamyurtlar!

Kuni kecha O‘zbekiston Prezidenti kambag‘allikni qisqartirish masalasini yana bir bor o‘ta jiddiy tarzda kun tartibiga olib chiqdi. Muhtaram Yurtboshimiz tashabbusi bilan kambag‘allikni qisqartirish davlat siyosatining eng muhim masalasi bo‘lib qolishi belgilandi.

Bu tarixiy qarordir!

Bundan buyon aholi daromadlarini oshirishdek ezgu maqsad davlat hokimiyati organlari mas’ullarining eng muhim vazifalaridan biri sifatida belgilandi.

Biz bugun Yangi O‘zbekiston xalqiga murojaat qilar ekanmiz, shunday savollarni o‘rtaga qo‘ymoqchimiz:

Kambag‘allik nima? U qanday paydo bo‘ladi va uning sabablari nimada? Kambag‘allikni qanday qilib yenga olamiz? 

Kambag‘allik faqat qonunlar va farmonlar chiqarish bilan emas, balki jamiyatning umummilliy safarbarligi, birligi, shunday istak va intilish bilan yashashi hisobiga kamayadi.

Bunday falsafiy savoldan maqsad shuki, biz toki odamlarning dunyoqarashi, hayotga munosabatini to‘g‘ri shakllantira olmas ekanmiz, demak, ajdodlarimizga xos bo‘lmagan boqimandalik, o‘zibo‘larchilik kabi illatlar bizni uzoq yillar kambag‘allikda ushlab turaveradi.

O‘tgan yillar davomida kambag‘allikni qisqartirishga to‘siq bo‘layotgan muammolar ham chuqur tahlil qilindi. Bular orasida barchamizning ko‘z o‘ngimizda keng ommalashayotgan, xalqimizning azaliy urf-odatlariga yot bo‘lgan dabdababozlik, isrofgarchiliklar, kimo‘zarga to‘y-ma’rakalar o‘tkazish, hashamatli imoratlar solish kabilarni keltirib o‘tish mumkin.

Mamlakatimiz aholisining jadal sur’atlarda ko‘payayotgani qanchalar quvonarli bo‘lsa, navqiron avlodni o‘qitish, farzandlarni bilimli, hayotga tayyor qilib voyaga yetkazishdek ulkan vazifalar ham oldimizda ko‘ndalang turibdiki, millatning ertasini o‘ylaydigan xalq bu masalalarni chuqur mulohaza, o‘zaro yelkadoshlik va hamjihatlik bilangina hal qila olishini barchamiz teran anglaydigan vaqt keldi. 

Shunday ekan, muhtaram Prezidentimiz raisligida kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ilgari surilgan har bir masala ortida inson taqdiri, uning ertangi kuni, oila farovonligi va pirovard oqibatda yurt tinchligi, halollik, adolat ustuvorligi va jinoyatchilikning kamayishi turgani ayni haqiqatdir. 

Shunday ekan, jamiyatda hech bir kishi bu ishda befarq qarab turishga haqli emas, deb o‘ylaymiz! Har bir mahalla faoli, maktablar va oliy ta’lim sohasi mutasaddilari o‘z faoliyatini adolat nuqtayi nazaridan qayta ko‘rib chiqishlari zarur, deb hisoblaymiz.

Biz barcha yurtdoshlarimiz – tadbirkorlar, ziyolilar, kasaba uyushmalari faollari va nuroniylar, olimlar, o‘qituvchi va ustozlarni, ijodkor ziyolilarni ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga har tomonlama – nafaqat moddiy, balki ma’naviy, ruhiy yelkadosh bo‘lishga chaqiramiz.

Biz bu yo‘lda tadbirkorlar, ishbilarmonlarning har bir qo‘shgan hissasiga davlatning alohida e’tibori, imtiyozlari tizimi shakllantirilganini, kambag‘allikda yashayotganlarga berilgan har qaysi ko‘makning hisobda ekanini alohida ta’kidlagan holda, aslida har bir inson o‘z hamyurtining birodari va do‘sti, opasi va akasidek yaqin bo‘lishini anglashning ayni fursati kelganini ta’kidlashni istar edik.

Kambag‘allik kulfatdir, u bir odamning emas, jamiyatning, xalqning kamchiligi, xatosi, e’tiborsizligi, loqaydligi hosilasidir va unga qarshi kurash barchamizning burchimiz, degan qarashni har bir inson qalbiga singdirishni maqsad qilib olishimiz zarur.

Chunki kambag‘allikda yashash insonni hayotdan sovitadi, uning ertangi kunga umidini so‘ndiradi, uni befarq va maqsadsiz odamga aylantiradi.

Binobarin, bu muammoni bartaraf etish jamiyatning barcha a’zosiga daxldor masaladir.

Aziz yurtdoshlar!

Mamlakatimizda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar ko‘lami va natijalar qanchalik zalvorli bo‘lmasin, Davlatimiz rahbari bu borada butun xalqimizga chaqiriq bilan chiqmoqda.

Prezidentimiz kambag‘allikni qisqartirishni umummilliy harakatga aylantirish tashabbusini ilgari surmoqda. 

Bu masala bo‘yicha maxsus “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi ishlab chiqilmoqda.

Xalqimiz saylagan har bir deputat, hukumat a’zosi, joylardagi hokimdan tortib, to mahalla yettiligiga qadar bo‘lgan mas’ullar bilib olsinki, Davlatimiz rahbari tomonidan ularning faoliyati faqat va faqat aholiga yaratayotgan sharoitlar, joylardagi oddiy xalqning farovonligi bilan baholanadi.

Qadrli vatandoshlar!

Biz shu aziz yurtni chin qalbdan sevadigan har bir insonni shu muqaddas g‘oya, olijanob tashabbus atrofida birlashishga chaqiramiz.

Jamiyatimizda yillar davomida chuqur ildiz olgan kambag‘allik “kasalligi”ni davolashda, kelgusi bir yilda kambag‘allik darajasini sezilarli ravishda tushirishda barchamiz bir yoqadan bosh chiqarib, Davlatimiz rahbari atrofida birlashaylik!

Eng avvalo, kambag‘allikka tushib qolgan har bir insonga munosabatimizni o‘zgartiraylik! Bunday insonlarni begona emas, o‘z birodarimiz, farzandimiz qatori ardoqlaylik, ularga shu muqaddas Vatanga bo‘lgan muhabbat hissini targ‘ib qilaylik, imkonimiz boricha ularni munosib yashash uchun rag‘batlantiraylik, ularga har jihatdan yordamlashaylik!

Jamiyatimizda kambag‘allikni keskin kamaytirish bo‘yicha muhtaram Prezidentimizning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlagan holda, biz – kasaba uyushmalari faollari va respublika nuroniylari quyidagi vazifalarni amalga oshirishni belgilab olmoqdamiz:

birinchidan, mahalla yettiligi bilan hamkorlikda xonadonbay yurib, oila a’zolarining birontasi daromadli ish bilan band bo‘lmagan yoki oila boquvchisi yagona bo‘lgani sababli og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan oilalarning ro‘yxatini tuzish;

ikkinchidan, har bir tuman va shaharda 10 tadan ehtiyojmand oilani kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha kompleks choralarni amalga oshirish, xususan, ularning sog‘lig‘ini tiklash va o‘qitishdan tortib, doimiy daromadga ega bo‘lishiga qadar ko‘maklashib borish;

uchinchidan, kam ta’minlangan aholini kooperatsiyalarga jalb qilish, tadbirkorlikka va kasbga o‘rgatish, ish o‘rni yaratuvchi tadbirkorlar bilan hamkorlik o‘rnatish orqali har yili 5 mingta yangi ish o‘rni yaratish;

to‘rtinchidan, mehnat qilib daromadli bo‘lish istagini bildirgan yoshlarni kasbga o‘rgatish, kamida 5 million so‘m daromad qiladigan ish bilan band qilish choralarini ko‘rish;

beshinchidan, ishlashga ishtiyoqi bo‘lgan, imkoniyati cheklangan aholi vakillarining 5 ming nafariga nogironlik aravachasi va boshqa reabilitatsiya vositalari berib, kasalliklarini davolashga ko‘maklashish, ularni daromadli kasblarga o‘rgatish va kambag‘allikdan chiqarish;

oltinchidan, bir yilda 5 ming nafar nogironligi bo‘lgan bolani reabilitatsiya markazlarida davolashda ko‘maklashish;

yettinchidan, ehtiyojmand oilalarning iqtidorli yigit va qizlari mamlakatimiz va xorijiy universitetlarga grant qo‘lga kiritishi uchun yordam berish, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Mehnat va ijtimoiy munosabatlar akademiyasida har yili 100 nafar ehtiyojmand fuqaroning farzandini o‘qitib, ularni ish bilan ta’minlashga ko‘maklashish;

sakkizinchidan, kam ta’minlangan oilalarning 4 ming nafar farzandini bolalar oromgohlarida bepul sog‘lomlashtirish;

to‘qqizinchidan, kam ta’minlangan oilalarning 100 nafar farzandini suv sporti majmualarida bepul sog‘lomlashtirish;

o‘ninchidan, 1 ming nafar ehtiyojmand fuqaro va 1,5 ming nafar yolg‘iz nuroniyni tizimdagi sanatoriylarda bepul sog‘lomlashtirish;

o‘n birinchidan, 10,5 ming nafar nuroniyning salomatligini tiklash uchun sport komplekslariga abonement xarajatlarini qoplab berish;

o‘n ikkinchidan, har yili Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, mehnat fronti faxriylari, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalardan
37 ming nafarining holidan xabar olish, uy-joy sharoitlarini yaxshilash;

o‘n uchinchidan, nuroniy va ehtiyojmand 200 ming nafar fuqaroni yurtimizning so‘lim go‘shalarida dam olishlarini tashkillashtirib, shu yerda ularga tadbirkorlik ko‘nikmalarini o‘rgatish bo‘yicha motivatsion seminarlar tashkillashtirish.

Hurmatli vatandoshlar!

Bu ezgu yo‘lda qaysi kasbu kor egasi, qaysi millat va elat farzandi bo‘lmasin, hech kim chetda qolmasligi kerak!

Shu maqsadda barchamiz birlashib, yurtimizni obod va farovon mamlakatga aylantiraylik!

Zero, “Biz bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!”

 

UzA

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Masiyh Dajjolning sifatlari (birinchi maqola)

23.12.2024   1006   8 min.
Masiyh Dajjolning sifatlari (birinchi maqola)

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

عَنِ ابْنِ عُمَرَ اللهِ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: قَامَ رَسُولُ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فِي النَّاسِ فَأَثْنَى عَلَى اللهِ بِمَا هُوَ أَهْلُهُ ثُمَّ ذَكَرَ الدَّجَّالَ، فَقَالَ: «إِنِّي َلَأُنْذِرُكُمُوهُ وَمَا مِنْ نَبِيٍّ إِلَّا وَقَدْ أَنْذَرَ قَوْمَهُ، وَلَكِنِّي سَأَقُولُ لَكُمْ فِيهِ قَوْلًا لَمْ يَقُلْهُ نَبِيٌّ لِقَوْمِهِ، إِنَّهُ أَعْوَرُ، وَإِنَّ اللهَ لَيْسَ بِأَعْوَرَ».

Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh alayhissalom odamlar orasida turib, Allohga loyiq hamdu sano aytdilar, so‘ng Dajjol haqida so‘zlab, shunday dedilar: «Men sizlarni undan ogohlantiraman! Har bir nabiy ham o‘z qavmini undan ogohlantirgan. Lekin men sizlarga u haqda hech bir nabiy o‘z qavmiga aytmagan gapni aytaman: uning bir ko‘zi yo‘q, Alloh esa unday emas!»

عَنْ أَنَسٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولَ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: «مَا مِنْ نَبِيٍّ إِلَّا وَقَدْ أَنْذَرَ أُمَّتَهُ الْأَعْوَرَ الْكَذَّابَ أَلَا وَإِنَّهُ أَعْوَرُ وَإِنَّ رَبَّكُمْ لَيْسَ بِأَعْوَرَ مَكْتُوبٌ بَيْنَ عَيْنَيْهِ «ك ف ر» أَيْ كَافِرٌ يَقْرَؤُهُ كُلُّ مُسْلِمٍ». رَوَاهُمَا الْأَرْبَعَةُ.

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh alayhissalom shunday dedilar: «Qaysi bir nabiy bo‘lmasin, albatta, ummatini bir ko‘zi yo‘q kazzobdan ogohlantirgan. Bilib qo‘yinglarki, uning bir ko‘zi yo‘q! Robbingiz esa unday emas! Dajjolning ikki ko‘zi orasiga «ka», «fa» «ro», ya’ni «kofir» deb yozilgan. Uni har bir musulmon o‘qiydi».

To‘rtovlari rivoyat qilganlar.

Sharh: Alloh taolo odamlarni sinash uchun Dajjolga turli imkoniyatlar berib qo‘yadi. Jumladan, Alloh taoloning izni ila u o‘likni tiriltirish, yomg‘ir yog‘dirish, yerni hosildor qilish va shunga o‘xshash ishlarga imkon topadi. So‘ngra o‘zidan ketib, xudolik da’vosini qiladi. Shunda Alloh taolo uning ojizlik taraflarini zohir qilib qo‘ygani ish beradi. Uning bir ko‘zi yo‘qligi, peshonasiga «kofir» deb yozib qo‘yilgani, Dajjol bu narsalarni o‘zidan ketkaza olmasligi uni fosh qiladi.

عَنِ ابْنِ عُمَرَ اللهِ رَضِي اللهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: «بَيْنَا أَنَا نَائِمٌ رَأَيْتُنِي أَطُوفُ بِالْكَعْبَةِ فَإِذَا رَجُلٌ آدَمُ سَبْطُ الشَّعَرِ يَنْطُفُ أَوْ يُهْرَاقُ رَأْسُهُ مَاءً قُلْتُ: مَنْ هَذَا؟ قَالُوا: ابْنُ مَرْيَمَ ثُمَّ ذَهَبْتُ أَلْتَفِتُ فَإِذَا رَجُلٌ جَسِيمٌ أَحْمَرُ جَعْدُ الرَّأْسِ أَعْوَرُ الْعَيْنِ كَأَنَّ عَيْنَهُ عِنَبَةٌ طَافِيَةٌ قَالُوا: هَذَا الدَّجَّالُ أَقْرَبُ النَّاسِ بِهِ شَبَهًا ابْنُ قَطَنٍ»، وَابْنُ قَطَنٍ رَجُلٌ مِنْ خُزَاعَةَ. رَوَاهُ الشَّيْخَانِ.

Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: «Tushimda Ka’bani tavof qilayotgan emishman. Sochlari yaxshilab taralgan bug‘doyrang kishini ko‘rdim. Qarasam, sochlaridan suv tomib turibdi. «Bu kim?» desam, «Bu – Masiyh ibn Maryam», deyishdi. So‘ngra boshqa yoqqa qarab, bir barvasta kimsaga duch keldim. Sochi qizil, jingalak, bir ko‘zi yo‘q, biri esa xuddi bo‘rtib turgan uzum donasiga o‘xshaydi. Bu – Dajjol, unga eng o‘xshaydigan odam esa xuzo’alik Ibn Qatandir».

Ikki shayx rivoyat qilganlar.

Sharh: Ibn Qatan – johiliyat davrida o‘lib ketgan odam edi.

وَلِمُسْلِمٍ: «الدَّجَّالُ أَعْوَرُ الْعَيْنِ الْيُسْرَى، جُفَالُ الشَّعَرِ، مَعَهُ جَنَّةٌ وَنَارٌ فَنَارُهُ جَنَّةٌ وَجَنَّتُهُ نَارٌ».

Muslimning rivoyatida:

«Dajjolning chap ko‘zi yo‘q, o‘zi sersoch bo‘ladi. Uning jannati va do‘zaxi bo‘ladi. Uning do‘zaxi – jannatdir, jannati – do‘zaxdir», deyilgan.

وَلِأَبِي دَاوُدَ: «إِنَّ مَسِيحَ الدَّجَّالَ رَجُلٌ قَصِيرٌ أَفْحَجُ جَعْدٌ أَعْوَرُ مَطْمُوسُ الْعَيْنِ لَيْسَ بِنَاتِئَةٍ وَلَا جَحْرَاءَ فَإِنِ الْتَبَسَ عَلَيْكُمْ فَاعْلَمُوا أَنَّ رَبَّكُمْ لَيْسَ بِأَعْوَرَ».

Abu Dovudning rivoyatida:

«Dajjol pakana, maymoq, jingalaksochdir, uning bir ko‘zi yo‘q, ko‘zi tep-tekis – bo‘rtib ham chiqmagan, ichkariga ham kirmagan. Agar ikkilanib qolsangiz, bilingki, Robbingiz unday emas», deyilgan.

Sharh: Mana shu sifatlardan uni tanib olaveringlar, tag‘in uning xudolik da’vo qilayotganiga aldanib qolmanglar.

عَنِ الْمُغِيرَةِ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: مَا سَأَلَ أَحَدٌ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ عَنْ الدَّجَّالِ مَا سَأَلْتُهُ وَإِنَّهُ قَالَ لِي: «مَا يَضُرُّكَ مِنْهُ»، قُلْتُ: لِأَنَّهُمْ يَقُولُونَ إِنَّ مَعَهُ جَبَلَ خُبْزٍ وَنَهَرَ مَاءٍ، قَالَ: «هُوَ أَهْوَنُ عَلَى اللهِ مِنْ ذَلِكَ». رَوَاهُ الشَّيْخَانِ.

Mug‘iyra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Hech kim Dajjol haqida Nabiy alayhissalomdan men so‘raganchalik so‘ragan emas. U zot menga «U senga zarar qila olmaydi», deganlar. «Uning non tog‘i, suv anhori bo‘ladi, deyishadi», dedim. «Allohning nazdida u bunchalik bo‘lishga arzimaydi», dedilar».

Ikki shayx rivoyat qilganlar.

Sharh: Alloh taolo unga mo‘jiza kabi narsalarni juda ham oshirib berib qo‘ygan emas.

عَنْ حُذَيْفَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: «لَأَنَا أَعْلَمُ بِمَا مَعَ الدَّجَّالِ مِنْهُ، مَعَهُ نَهَرَانِ يَجْرِيَانِ أَحَدُهُمَا رَأْيَ الْعَيْنِ مَاءٌ أَبْيَضُ وَالْآخَرُ رَأْيَ الْعَيْنِ نَارٌ تَأَجَّجُ فَإِمَّا أَدْرَكَنَّ أَحَدٌ فَلْيَأْتِ النَّهَرَ الَّذِي يَرَاهُ نَارًا وَلْيُغْمِّضْ ثُمَّ لِيُطَأْطِئْ رَأْسَهُ فَيَشْرَبَ مِنْهُ فَإِنَّهُ مَاءٌ بَارِدٌ وَإِنَّ الدَّجَّالَ مَمْسُوحُ الْعَيْنِ عَلَيْهَا ظَفَرَةٌ غَلِيظَةٌ مَكْتُوبٌ بَيْنَ عَيْنَيْهِ كَافِرٌ يَقْرَأُهُ كُلُّ مُؤْمِنٍ كَاتِبٍ وَغَيْرُ كَاتِبٍ».

Huzayfa roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: «Men Dajjolda nimalar bo‘lishini uning o‘zidan ham yaxshi bilaman. Uning ikkita oqib turgan anhori bo‘ladi, biri ko‘zga ko‘rinib turgan oq suv, biri – ko‘zga ko‘rinib turgan alangali olov bo‘ladi. Kimdir unga yetishsa, o‘ziga olov bo‘lib ko‘ringan anhorga sho‘ng‘isin. So‘ngra boshini egib, undan ichsin, chunki o‘sha sovuq suv bo‘ladi. Dajjolning ko‘zi tekis, ustini qalin et qoplagan. Uning ikki ko‘zi orasiga «kofir» deb yozilgan bo‘lib, yozishni bilganu bilmagan har bir mo‘min uni o‘qiy oladi».

Sharh: Dajjolning chap ko‘zi qalin et bilan qoplangan bo‘lib, tep-tekis holda bo‘ladi. Shuning uchun u «masiyh» – tekislangan deb ham ataladi.

وَعَنْهُ عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: «إِنَّ الدَّجَّالَ يَخْرُجُ وَإِنَّ مَعَهُ مَاءً وَنَارًا فَأَمَّا الَّذِي يَرَاهُ النَّاسُ مَاءً فَنَارٌ تُحْرِقُ وَأَمَّا الَّذِي يَرَاهُ النَّاسُ نَارًا فَمَاءٌ بَارِدٌ عَذْبٌ فَمَنْ أَدْرَكَ ذَلِكَ مِنْكُمْ فَلْيَقَعْ فِي الَّذِي يَرَاهُ نَارًا فَإِنَّهُ مَاءٌ عَذْبٌ طَيِّبٌ». رَوَاهُمَا الثَّلَاثَةُ.

Yana o‘sha kishidan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: «Dajjol chiqqanda uning suvi va olovi bo‘ladi. Odamlarga suv bo‘lib ko‘ringan narsa – kuydiruvchi olovdir. Odamlarga olov bo‘lib ko‘rinadigan narsa – muzdek, shirin suvdir. Qay biringiz bunga duch kelsa, o‘ziga olov bo‘lib ko‘ringan narsaga tushsin, o‘sha shirin, pok suv bo‘ladi».

Ikkisini uchovlari rivoyat qilganlar.

(Davomi bor)

«Fitnalar va Qiyomat alomatlari» kitobidan

Maqolalar