Haftaning har chorshanba kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida fuqarolarni qabul qilish kuni etib belgilangan. Ushbu xayrli an’ana Rabiul avval (mavlid) oyida ham qizg‘in davom etmoqda.
Bugun, 18 sentyabr, fazilatli chorshanba kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov Diniy idoraga murojaat va takliflar bilan kelgan fuqarolarni qabul qildi.
Qabulda yurtimizning turli hududlaridan, xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Samarqand, Qashqadaryo, Toshkent, Andijon, Namangan viloyatlari hamda Toshkent shahridan kelgan har bir fuqaroning shar’iy masala, umra safari, diniy ta’lim, Qur’on kurslari va moddiy yordam kabi masalalardagi arz, muammo va takliflari tinglandi va ularning yechimi bo‘yicha amaliy choralar ko‘rildi.
Xususan, oilaviy munosabatlarda kelganlarga muammolar yechimi bo‘yicha maslahatlar, shar’iy masalalar yechimi yuzasidan tavsiyalar va moddiy yordam so‘raganlarga belgilangan tartibda ko‘mak berildi. Masjid va imomlar faoliyati, diniy ta’lim va umraga oid murojaatlar ko‘rib chiqish uchun Idora bo‘limlariga tegishli vazifalar yuklandi.
Samimiy qabuldan mamnun bo‘lgan fuqarolar O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyatiga o‘z tashakkurlarini izhor etdilar.
Bu kabi qabul jarayonlari haftaning har chorshanba kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasining hududlardagi vakilliklarida ham amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Cavol: Kollejda o‘qib yurgan vaqtlarimda ba’zan avtobusdan yo‘lkirani bermasdan tushib ketardim. Bu ishning og‘ir gunoh ekanini anglab yetdim. Buni qanday to‘g‘rilasam bo‘ladi? Taxminiy hisoblab, sadaqa qilsam bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Siz bu ishingiz uchun avvalo istig‘for aytib, tavba qilasiz. To‘lamagan yo‘lkiralaringizni taxminiy hisoblaysiz hamda o‘zingiz foydalangan avtobuslar boshqarmasidan yo‘lkiralar to‘lanadigan hisob raqamlari bo‘lsa, qarzlaringizni shunga o‘tkazib qo‘yasiz va shu bilan zimmangizdagi yukdan qutilasiz, inshaalloh. Agar ularda bunday imkoniyat bo‘lmasa, sadaqa qilib yuborasiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.