Bismillahir Rohmanir Rohiym
Qachon qarz olish mumkin?
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Agar omonlikda bo‘lsangiz o‘zingizni xavfga tashlamang” degan ma’nodagi hadisni aytgandilar, sahobalar roziyallohu anhum: “Qanday qilib, yo Rasululloh?” deyishdi. Shunda Nabiy alayhissalom: “Qarz (olib)”, deb javob berdilar.
Qarz
Qarz inson halovatini va tinchini buzadi. Kechalari tashvishga, kunduzlari esa, xorlikka sabab bo‘ladi. Shuning uchun musulmon banda imkon qadar qarz olishdan saqlanmog‘i lozim. Qarzdorlik og‘ir mas’uliyat va javobgarlikdir. Jobir roziyallohu anhu aytadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam zimmasida qarzi bo‘la turib vafot etgan odamga janoza namozi o‘qimas edilar. Bir mayyit olib kelindi. Shunda u zot alayhissalom:
“Uning zimmasida qarz bormi?” dedilar.
“Ha, ikki dinor”, deyishdi.
“Sohibingizga o‘zingiz janoza o‘qing. Zimmasida qarzi bor odamga janoza o‘qimayman”, dedilar.
Bu ishdan sahobalar qattiq hayratlandilar. Shu payt sahobalardan biri: “O‘sha ikki dinor mening zimmamga, yo Allohning Rasuli”. Keyin Nabiy sollallohu alayhi vasallam u(mayyit)ga janoza o‘qidilar.
Alloh taolo fathlar ato etganidan keyin, musulmonlar boyliklarga ega bo‘lishgach Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Men har bir mo‘min uchun uning o‘zidan ham yaqinman. Kim qarz qoldirsa, uni ado etish mening zimmamda”, deganlar.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ummatlarining qarzlarini to‘lashda ham otamizdan ko‘ra mehribonroq edilar.
Nabaviy ogohlantirish
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam har bir narsani o‘z nomidan boshqa nom bilan atashdan qaytarganlar. Bugungi kunda ribo boshqa nom bilan, qarz esa bo‘lib to‘lash, yana qayndayir xayriya tashkilotlari kabi nomlar bilan atalmoqda. Lekin qanday atalmasin qarz bu – majburiyat, insonning zimmasidagi og‘ir mas’uliyatdir.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qarzdorlikdan panoh so‘rardilar
Aqlli inson imkon qadar agar o‘ta muhtoj yoki zarur bo‘lmasa qarz olmaydi. Afsuski bugungi kunda esa qarz olish odatiy holatga aylandi. Qarz berish osonlashdi, uning turlari ko‘paydi. Har qadamda, ko‘chalarda, OAV, hatto qo‘l telefoningizda ham “Hashamatli uyga, yangi mashinaga ega bo‘ling degan” qarz olishga targ‘ib qiluvchi reklamalar to‘lib-toshdi. Ammo unutmangki, qarz faqatgina muhtoj bo‘lingan holatda olinadi. Lekin ba’zi odamlar ortiqcha narsalar, hattoki dam olish, sayyohatlar uchun ham qarz olishmoqda. Inson bularning barchasidan ehtiyot bo‘lishi lozim.
Inson imkon qadar boriga qanoat qilmog‘i lozim. Masalan, ehtiyojini qondiradigan mashinani haydasin. Qimmatbaho mashinani qarzga olish shart emas. Keyin zimmasidagi qarzlarni uzolmay qiynalib yuradi.
Davomi bor...
Davron NURMUHAMMAD
Savol: Masjidul haromda namozlarni jamoat bilan o‘qib, keyingi namoz vaqtini kutib o‘tirganimizda, ayrim hojilarimiz yotgan holda uxlab qolib, keyingi namozga azon aytilganda, tahorat qilmay namoz o‘qishayotganiga guvoh bo‘ldim.
Buning xukmi dinimizda qanday? Chunki uxlash tahoratni buzadi deb o‘qiganmiz va shunga amal qilamiz. Yoki masjidul haromda ayrim hukmlar o‘zgaradimi?
Javob: Bismillahir rohmanir rohiym. Hanafiy mazhabiga ko‘ra, biror narsaga suyanib, yoki yonboshlagan holda uxlash tahoratni sindiradi. Bu hukm masjidul haromga ham tegishli. Siz aytgan hojilar yerga yonboshlagan holda uxlagan bo‘lsalar, tahoratlari sinadi. Lekin ko‘zini yumib, uxlamasdan, zikr qilib yotadiganlar ham bo‘ladi. Agar shunday qilgan bo‘lsalar, tabiiyki tahoratlari sinmaydi.
Masjidul haromda dunyoning turli nuqtasidan kelgan ziyoratchilar ibodat qiladi. Ularning ichida ilmli insonlar bilan bir qatorda ibodatga endi kirgan, shar’iy hukmlarni yaxshi o‘zlashtirmaganlar ham bo‘ladi. Ularning qilayotgan ishini ko‘rib, anavilar qilyapti-ku, demak, noto‘g‘ri emas ekanda, deb qilib ketavermaslik kerak.
Qolaversa, u yerda turli mazhab odamlari ibodat qiladi. Ayrim mazhablarda uxlash, badandan qon chiqish kabi ishlar tahoratni sindirmaydi. Ammo bizning mazhabimizda har ikkisi ham tahoratni buzadi va bunga ulamolarimiz bir qancha hadislarni dalil o‘laroq keltirganlar.
Shu bois, ulug‘ makonlarga ibodatga otlanayotgan odamlar: xoh erkak, xoh ayol kishi bo‘lsin, shar’iy hukmlarni bilib olishi yoki biladigan odam hamrohligida borishi maqsadga muvofiq bo‘ladi. Aks holda ibodat qilaman deb, gunohga botishi hech gap emas. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.