Islom faqat diniy ahkomlardangina iborat bo‘lgan din emas, balki u jamiyat ma’naviyati va ma’rifatini shakllantiruvchi hamda kamolga yetkazuvchi, jumladan, uning ijtimoiy-siyosiy, ruhiy-ma’naviy talablarini qondiruvchi ta’limotdir. Ammo islomiy arkonlarning ijrosi barobarida inson diniy ilmsizlik sababli, ko‘pgina muammolarga duch kelishi tabiiy holdir. Mana shu muammolardan biri mutaassiblik va dinda chuqur ketishdir.
Alloh taolo aytadi:
فَاتَّقُوا اللَّهَ مَا اسْتَطَعْتُمْ وَاسْمَعُوا وَأَطِيعُوا وَأَنْفِقُوا خَيْرًا لِأَنْفُسِكُمْ ۗ وَمَنْ يُوقَ شُحَّ نَفْسِهِ فَأُولَٰئِكَ هُمُ الْمُفْلِحُونَ
“Allohga qo‘lingizdan kelganicha taqvo qiling va (amrini) tinglang va itoat qiling va infoq qiling – o‘zingizga yaxshi bo‘ladi. Va kimki nafsining qizg‘anchiqligidan saqlansa, ana o‘shalar najot topuvchilardir” – Tag‘obun surasi 16-oyat.
Shariatimiz diniy mutaassiblikka va dinga chuqur berilishga doimo qarshi bo‘lgan. Muqaddas dinimizning asl manbalari hisoblangan Qur’ondagi oyati karimalar va Sunnadagi hadisi shariflarda dindagi bu bid’atlar qattiq qoralangan. Chunki bu ikki illat turli zamonlarda har xil nomlar ostida dinimizga tasvirlab bo‘lmas darajada zarar yetkazgan, bu hol hozir ham har xil jarangdor nomlar va shiorlar ostida davom etmoqda.
Xo‘sh, diniy mutaassiblik, dinda chuqur ketishning o‘zi nima? Dinimizning mazkur ikki illatga munosabati qanday?
Mutaassiblik — uning lug‘aviy ma’nosi biron e’tiqodga yoki dunyoqarashga o‘ta berilganlik, o‘z fikrida qat’iy turib olib, boshqalarning fikrini inobatga olmaslik hamda inkor qilish va hamisha o‘zini haq deb bilishdir. Hozirgi vaqtda bu “fanatizm” ham deyiladi. Mutaassib (fanat) kishi ko‘r-ko‘rona xoh to‘g‘ri, xoh noto‘g‘ri bo‘lsin, o‘ziga ma’qul bo‘lgan bir fikrda mahkam turib, o‘zining fikrini haq, boshqalarning fikrini esa nohaq deb e’tiqod qilgan holda o‘z fikrini amalda ko‘rsatishga harakat qiladi.
Dinda g‘ulu (g‘uluv) ketish — “dinda chuqur ketish, diniy arkonlar va ibodatlarni bajarishda haddidan oshish, to‘g‘ri yo‘ldan og‘ib, noto‘g‘ri yo‘lga burilish” ma’nolarini anglatadi.
Oisha onamiz roziyallohu anhodan rivoyat qilingan quyidagi hadis buning dalilidir: ‘Bani Asad qabilasiga mansub bir ayol huzurimda o‘tirgan edi. Shu payt Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uyga kirib kelib: “Bu ayol kim — deb so‘radilar. “Bu o‘sha, kechasi uxlamay namoz o‘qib chiqadigan ayol”, — dedim. So‘ng, mazkur ayolning ko‘p namoz o‘qishi haqida so‘zlashdik, Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bunday qilmanglar, solih amallarni qurbingiz yetganicha ado etinglar, qancha ibodat qilsangiz ham Alloh taologa malol kelmaydi-yu, biroq , o‘zingizga malol kelib qolmasin! — dedilar. Hadisdan ma’lum bo‘ladiki, har bir insonga dinda chuqur ketishdan yoxud mutaassibona bironta farz qilinmagan amalni o‘ziga vojib qilib olib, so‘ng bajarolmaydigan holatga tushib qolgandan ko‘ra, mo‘tadillik, ya’ni vasatiylik yo‘lini tanlab solih amallarda mudom bo‘lishi a’loroq va yaxshiroq ekan. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam mazkur hadis orqali dinda chuqur ketishning oqibati yaxshi bo‘lmasligini ma’lum qilib, ibodatga oid amallardan toqat yetadiganini olishga buyurganlar. Jumladan, ibodatlarning shartlarini bajarishda ham g‘ulu ketish dinimizda qattiq qoralanadi. Masalan, tahorat va g‘uslda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning sunnatlarida ko‘rsatilgan me’yordan ortiq suv ishlatishni ulamolarimizning ayrimlari “isrof” desa, ba’zilari “g‘ulu”ning bir ko‘rinishi deb ham aytganlar. Shuningdek, g‘ulu amali insonning yeb-ichishi, kiyinishi va hatto kafanlanishida ham mavjuddir. Zero, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: (Mayyitni) kafanlashda haddingizdan oshmanglar , — deb buyurganlar.
Aslida, Alloh taboraka va taolo tomonidan nozil qilingan muqaddas dinimiz — Islomning asosini tashkil qilgan amallar bandalarning toqatidan kelib chiqqan holda farz qilingan, ya’ni mo‘tadillik va bag‘rikenglikka asoslangandir.
http://oliymahad.uz/43342
Musulmonlar Hunayn g‘azotida g‘alaba qozonishdi. Hunayn g‘azoti Shavvol oyida, hijratning sakkizinchi yili, Makka fathidan so‘ng Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bilan Havozin va Saqiyf qabilalari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan edi. Jangda g‘alaba qozongan musulmonlar katta g‘animatga (o‘ljaga) ega bo‘ldilar.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu g‘animatlarni qalbi Islomga moyil bo‘lgan yangi musulmonlarga taqsimlab berdilar. Qavmning kattalari Abu Sufyon, Uyayna, Aqra’, Suhayl ibn Amr va boshqalarga ham berdilar.
Vaholanki, ular Quraysh mushriklarining eng kattalari bo‘lib, uzoq yillar Payg‘ambarimizga qarshi urushgan kishilar edi. Ushbu g‘animatlar taqsimlanishidan bir necha kun oldingina islomni qabul qilishgan edi. Lekin Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ansorlarga (Madinalik sahobalarga) ushbu g‘animatlardan hech narsa bermadilar.
Holbuki, ular Islomni yoyish va Payg‘ambar alayhissalomni himoya qilish uchun qonlarini to‘kkan, jonlarini fido qilgan kishilar edi. Bu holat ularning qalblariga og‘ir botdi va xasratlanib shunday deyishdi: «Qilichlarimizning tig‘idagi dushmanning qoni hali qotgani yo‘q, ammo g‘animatlardan boshqalar bahramand bo‘ldi. Bizga esa, hech narsa berilmadi».
Bu borada Sa’d ibn Uboda roziyallohu anhu kelib Payg‘ambarimizga bo‘layotgan gaplar xaqida, odamlarning qalbidagi xafalikni aytdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ey Sa’d, sen bu haqda nima deysan?” dedilar. Sa’d: “Men ham qavmim tarafidaman”, deb javob berdi. Shunda Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Qavmingni mening huzurimga yig‘”, dedilar. Ular to‘planganlaridan keyin, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamjuda buyuk, nihoyatda ta’sirli, qalblarni jumbushga keltiruvchi, ko‘zlarni yoshga to‘ldiruvchi xutba qildilar.
U zot ularga muloyimlik va muhabbat bilan quyidagicha murojaat qildilar: “Ey ansorlar! Men sizlarni gumroh holda topmaganmidim? Alloh taolo men tufayli sizlarni hidoyat qilmadimi? Sizlar tarqoq va parokanda emasmidinglar, Alloh taolo men sababli sizlarni birlashtirmadimi? Sizlar faqir va muhtoj emasmidinglar, Alloh taolo men orqali sizlarni boy qilmadimi?”.
Har safar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam savol bilan murojaat qilganlarida, ular: “Alloh va Uning Rasulidan minnatdormiz”, deb javob qaytarishardi.
So‘ng Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Nima uchun menga javob qaytarmayapsizlar?” dedilar. Ular yana: “Alloh va Rasulidan minnatdormiz!”, deyishdi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Agar istasangiz, sizlarning ham shunday deyishga haqqingiz bor: “Siz bizning huzurimizga qavmingiz tomonidan inkor qilingan holda keldingiz, biz esa, sizni tasdiqladik. Siz qavmingiz tomonidan yolg‘onchiga chiqarilgan edingiz, biz sizga ishondik, imon keltirdik va sizga yordam berdik. Siz o‘z yurtingizdan quvildingiz, biz esa, sizga panoh berdik. Siz muhtoj holda keldingiz, biz esa, Sizni o‘z mol-mulkimizga sherik qildik”.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ushbu so‘zlarni aytganlarida ular: Alloh va Uning rasuligina bizlarga minnat qilishga haqli, deyishdi. Aslida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu so‘zlarni ularga tavozelik va insof yuzasidan aytgan edilar. Lekin, haqiqatan olganda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam minnat qilishga haqli edilar, ular har qancha minnatdor bo‘lsalar arziydi. Chunki agar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Madinaga hijratlari bo‘lmaganida, ularning orasida yashamaganlarida, ularning boshqalardan farqlari bo‘lmas edi. Ansorlarning sha’ni yuksalmas edi, qadrlari ko‘tarilmas edi.
Shuning uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularga qarab: “Ey ansorlar! Nima deb o‘ylaysizlar, boshqalar qo‘y va tuyalar bilan uylariga qaytsalar, sizlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan uylaringizga qaytishni istamaysizlarmi? Bundan rozimasmisizlar?”-dedilar.
Bu gapning naqadar ulug‘ligi, ansorlarning qalbiga yetib borishligini bilganlari uchun ham Rasululloh ularga g‘animatdan bermagan edilar.
So‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: “Agar hijrat qilmaganimda, albatta men ansorlardan bo‘lar edim, agar odamlar bir vodiyda yursalar, men ansorlar yurgan yo‘llardan yurar edim, ansorlar men uchun ichki kiyimimdek, boshqalar esa tashqi kiyimimdek”, dedilar va: “Allohim ansorlarga rahmatingni yog‘dir, ularning farzandlariga va farzandlarining farzandlariga ham”, deb ularning haqqiga duo qildilar.
Bu so‘zlarni tinglagan ansorlarning ko‘zlaridan yoshlar to‘kildi, soqollari xo‘l bo‘ldi. Ular yig‘lagan holatda: Biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni biz bilan bo‘lishlariga rozimiz, bizning g‘animatimiz, bizning ulushimiz bo‘lganlaridan rozimiz!” — deyishdi.
Shundan keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularni kelajakda bo‘ladigan fitnalardan ogohlantirib shunday dedilar:
“Mendan keyin sizlar o‘zingizga nisbatan adolatsizlikni ko‘rasizlar, ammo sabr qilinglar. Mening havzimda men bilan yuzlashguningizcha, sabr qilinglar!”.
Homidjon qori ISHMATBЕKOV