Bismillahir Rohmanir Rohiym
Hanafiy mazhabiga ko‘ra, Fotiha surasidan keyin omiynni har bir namozxon ichida (maxfiy) aytadi. Barcha mujtahid ulamolarimizning nazdlarida namozda Fotiha surasidan keyin “omiyn”ni aytish sunnat hisoblanadi. Hanafiy mazhabimiz va molikiy mazhabida “omiyn”ni ovoz chiqarmay aytish kerak bo‘ladi. Bunga quyidagi ma’lumotlar dalil qilib keltirganlar:
1. “Omiyn” lafzi duodir. Uning ma’nosi “ijobat qil”, ya’ni “duoni qabul qil”, demakdir. Qanday duo qilish haqida Alloh taolo Qur’oni karimda bunday marhamat qilgan: “Robbingizga zorlanib va xufyona (ovozsiz) duo qilingiz! Zero, U (duoda va boshqada) haddan oshuvchilarni yoqtirmagay” (A’rof surasi, 55-oyat).
Hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu haqda bunday dedilar: “Ichida (maxfiy) qilingan duo ustida (oshkor) qilingan duoning yetmishtasiga teng keladi” (Imom Abu Shayx rivoyati).
Muhaddis Ibn Hibbon “Sahih” asarida ushbu hadisni keltiradi: “Duoning yaxshisi maxfiysidir”.
Demak, “omiyn”ni ichimizda aytsak, mazkur oyat va hadislarga amal qilgan bo‘lamiz.
2. Abu Voil roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Ali va Ibn Mas’ud roziyallohu anhumo “(Namoz ichidagi) bismillahir rohmanir rohiym”ni ham, “a’uuzu”ni ham, “omiyn”ni ham ovoz chiqarib aytishmasdi” (Imom Tabaroniy rivoyatlari).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan doimo birga yurgan hazrat Ali va Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhumo kabi sahobiylarning “omiyn”ni ichlarida aytishlari ham kuchli dalil hisoblanadi. Boshqa bir rivoyatda hazrat Umar roziyallohu anhuning ham “omiyn”ni ichlarida aytib namoz o‘qiganlari ta’kidlanadi.
Hanafiy ulamolar xuddi shu ma’nodagi, lekin boshqa sahobai kiromlarning ismlari zikr qilingan rivoyatlarni ham keltiradilar.
3. “Omiyn” lafzini Qur’ondan emasligi hammamizga ma’lum. Buning ustiga, ushbu lafz arabcha ham emas. “A’uuzu billahi minash shaytonir rojiym” esa Qur’onda kelgan, yana Alloh taolo bizga Qur’on o‘qiganimizda uni aytishni vojib qilgan. Shunday bo‘lsa ham “A’uuzu billahi minash shaytonir rojiym”ni namozda ichimizda aytamiz. Nima uchun endi “omiyn”ni ovoz chiqarib aytishimiz kerak?!
4. Namoz juda ham mashhur ibodat hisoblanadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam namoz farz bo‘lgan kundan boshlab har kuni besh vaqt namozni jamoat bilan o‘qiganlar. U zot sollallohu alayhi vasallamning har bir namozlari minglab kishilar tomonidan sinchkovlik bilan kuzatib borilgan.
Agar “omiyn”ni ovoz chiqarib aytish afzal bo‘lganida, u zot alayhissalom bu narsani bayon qilgan bo‘lardilar va orada hech qanday shubha qolmas edi. Holbuki, u zot sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari imomlik qilayotganlarida, ba’zan ta’lim uchun birinchi safdagilar eshitadigan qilib “omiyn”, deganlaridan boshqa hech bir dalil yo‘q. Ayniqsa imomga iqtido qilgan kishilarning “omiyn”ni ovoz chiqarib aytganlari haqida hech qanday rivoyat ma’lum emas.
“Sunnatga muvofiq namoz o‘qing” kitobidan olindi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Imom Bayhaqiy, Ibn Munzir va al-Hokim Abu Imron al-Juniydan rivoyat qiladilar:
«Umar roziyallohu anhu bir rohibning oldidan o‘tib ketayotib, to‘xtadi. Rohib chaqirildi va unga: «Bu mo‘minlarning amiri», deyishdi.
Bas, Umar unga sinchiklab qarab chiqdi. Rohibning tarkidunyo qilib, charchab-horib, qiynalgani ko‘rinib turar edi. Umar uning bu holini ko‘rib, yig‘ladi. Unga:
«Bu nasroniy!» deyishdi.
«Bildim, lekin unga rahmim keldi. Alloh azza va jallaning «Amal qiluvchilar, charchovchilar. Qizigan o‘tga kirurlar», deganini esladim. Uning charchab, ijtihod qilib turib, do‘zaxga kirganiga rahmim keldi», dedi Umar».
Zalolat yo‘lini tanlab, o‘zini behuda qiynab yurgan insonga rahmi kelib, yig‘lash uchun inson hazrati Umar roziyallohu anhuning qalbi kabi buyuk qalbga sohib bo‘lishi kerak. Alloh taoloning Iymon-Islom deb atalmish ulug‘ ne’matiga muyassar bo‘lgan Umar ibn Xattob roziyallohu anhu o‘zlariga yetgan baxt-saodatning boshqalarga ham nasib etishini chin musulmon sifatida juda ham istar edilar. Shuning uchun ham rohibni ko‘rganlarida chidab tura olmay, yig‘lay boshladilar. Atroflaridagi kishilar bu haqiqatni anglab yetmay, o‘zlaricha boshqacha ta’vil qildilar. Ular: «Hazrati Umar roziyallohu anhu bu odamning nasroniy ekanligini bilmasdan, havas qilib yig‘lamoqdalar», deb tushundilar. Ammo Umar ibn Xattob roziyallohu anhu uning kimligini bilganlari va shuncha o‘zini qiynagani bilan iymoni bo‘lmaganligi uchun do‘zaxga kirishini o‘ylab yig‘layotganlarini aytdilar.
«Hadis va hayot» kitobining 23-juzidan olindi