Sayt test holatida ishlamoqda!
19 Iyun, 2025   |   23 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:50
Peshin
12:29
Asr
17:40
Shom
20:02
Xufton
21:41
Bismillah
19 Iyun, 2025, 23 Zulhijja, 1446

Qarzni uzmaslik zulmdir (2-qism)

20.09.2024   7989   2 min.
Qarzni uzmaslik zulmdir (2-qism)

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Agar qarzdor bo‘lsangiz, uni uzishga shoshiling!

Agar bir inson qarz olishga o‘ta majbur bo‘lib qolsa, qarz olayotganida uzish niyatida bo‘lishi shart. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kimki birovdan qaytarib berish niyatida qarz olsa, Alloh unga qarzini uzishga yordam beradi. Kimki moliga talofat yetkazish maqsadida olsa, Alloh uning o‘ziga talofat yetkazadi”, deganlar.

Shuning uchun, qarzdor qarzni yaxshi niyatda olishi lozim.

Zimmasida qarzi bor odam Islomning rukni bo‘lgan – haj amalini ado etishga qarz olib, e’tibor bering, hatto farz ibodatni bajarishga dinimiz buyurmagan. Balki qarzni uzish yoki qarz olgan odamdan ruxsat so‘rash talab etiladi.


Boy odamning qarzni uzmasligi zulmdir

Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Boy (qodir) bo‘laturib qarzni kechiktirish zulmdir”, deganlar.

Kim qarzni qaytarishga imkoni bo‘la turib, qarzini uzmasdan, qarz bergan odamni “Xuda xohlasa beraman” deb sarson qilsa, unga zulm qilgan bo‘ladi. Bunday holatlar bugungi kunda nafaqat insonlar, balki yirik tashkilot va muassasalar o‘rtasida ham ko‘p kuzatilmoqda.


Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qarz olganlarmi?

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham juda zarur bo‘lgan holatdagina qarz olganlar. Masalan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam safarda bo‘lganlarida sahobalarning biridan qarz olganlar. Madinadaga qaytganlarida darhol qarzlarini qaytarib, sahobaning haqqiga: “Alloh molingga va aqlingga baraka bersin”, duo qilganlar va “Qarzning haqqi – uni qaytarish va Allohga hamd aytish”, deganlar.

Bugungi kundachi? Qarz olgan odamdan yalinib o‘z qarzingizni so‘raysiz, go‘yoki undan o‘z haqqingizni emas, ehson so‘rayotgandek bo‘lasiz. Bordi-yu, qarzingizni qaytarsa ham, xuddi sizga yaxshilik qilayotgandek, qovog‘ini solgan holatda, sizdan rahmat aytishni talab qilgandek o‘zini tutadi. Aslida qarzdor odam sizga tashakkur aytishi, haqqingizga duo qilishi kerak. Zero, qarzdor odamning odobi shunday bo‘ladi.

Qolaversa, shuni ham aytib o‘tish kerakki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qarzni go‘zal holatda uzish bilan birga, ziyodasi bilan qaytarganlar.

Davomi bor...

1-qism

Davron NURMUHAMMAD

Boshqa maqolalar
Maqolalar

Yolg‘iz qolganda ham Allohdan hayo qiling!

18.06.2025   1409   3 min.
Yolg‘iz qolganda ham Allohdan hayo qiling!

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilgan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Hayo – iymondandir. Iymon jannatdadir. Fahsh qabohatdandir. Qabohat esa do‘zaxdadir” [1], deganlar.

Ka’b hazratlarining bir gaplari bor: “Hammaning oldida odamlardan uyalganingiz singari yolg‘iz qolganda ham Alloh taolodan hayo qilinglar”.

Bizlar omma oldida uyatchan bo‘lganimiz qadar maxfiy paytlarda Alloh taolodan hayo qilayapmizmi?! Hammaning oldida biror xato qilib qo‘ygudek bo‘lsak, odamlar bizni gap-so‘z qilishlaridan qo‘rqib yurganimiz kabi hech kim ko‘rmagan paytda Alloh bizni ko‘rib turganini his qila olyapmizmi?! 

Ulug‘lardan biri bunday deydi: “Hammaning oldida qilishdan uyaladigan ishini yashirincha qilgan odamning qadri yo‘qdir”.

Alloh taoloning nazdida beqadr bo‘lishimiz va odamlar orasida hurmatimizni yo‘qotishimiz qay birimizga yoqadi?! Mana bu misralar juda to‘g‘ri yozilgan:

Gar hayo pardasi sitilsa nogoh,
Qo‘rquv ham solmasa ish nihoyasi,
Istagan narsangni qilaver gumroh,
Bexayr hayotning shudir doyasi.
Iffat tark aylasa insonni agar,
Ortidan ketgaydir xayru halovat.
Ko‘zlaring ochibroq solsang-chi nazar:
Po‘stloq turar ekan, novda salomat!

 Lekin hayo bobida uyalmaslik kerak bo‘lgan amallar ham borki, bu ishlarni hikmat va odob ila ado etmog‘imiz lozim. Ulug‘lardan biri: "Uch narsa borki, ulardan uyalma:

1. Ilm izlash. Bir so‘rab, bir so‘ramay yuradigan bo‘lsang, u holda hech qachon ilmga erisha olmaysan.

2. Badan kasalligi. Alloh taolo seni birorta kasallik bilan sinasa, o‘z qobig‘ingga o‘ralib olib, odamlardan ajralma.

3. Kambag‘al yaqin qarindosh. Bu mening amakimning o‘g‘li yoki tog‘amning o‘g‘li deyishdan uyalma”, deydi.

Hayo martabalarining eng yuqorisi banda Robbisidan hayo qilishi va U Zotga osiylik qilmasligi, ibodatlarida kamchilikka yo‘l qo‘ymasligidir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kim Alloh taolodan hayo qilsa, boshni va u qamrab olgan narsalar (ko‘z, quloq kabi a’zolar)ni  saqlasin, qorin va u qamrab olgan narsalar (farj kabi a’zolar)ni ehtiyot qilsin. O‘lim va chirishni yodga olsin. Oxiratni istagan kishi dunyo ziynatlarini tark qiladi, kim ularni qiladigan bo‘lsa, Alloh taolodan haqiqiy ma’noda hayo qilgan bo‘ladi”, [2] dedilar.

Alloh taolo bergan ne’matlarini va U Zotning haqqini ado etishda kamchilikka yo‘l qo‘yayotganingizni ko‘ra olishingiz hayodandir. Alloh taologa itoat qilib, Unga osiylik qilmasangiz qiyomat kunida bandaga amallari ko‘rsatilganida Alloh taolo u bandani azoblashdan hayo qiladi.

Rivoyat qilinishicha, Misr azizi (shoh yoki xazinabon)ning ayoli Yusuf alayhissalomga ko‘ngli tushib buzuq ishni qilmoqchi bo‘lganida, uyning burchagida turgan butning yuzini yopib qo‘yadi. Shunda Yusuf alayhissalom: “Nima qilyapsan?” – deb so‘raydi. Ayol javoban: “Undan hayo qilyapman”, deydi. Yusuf alayhissalom esa: “Men Allohdan hayo qilishga haqliroqman”, deydi.

 

Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.


[1]  Imom Termiziy rivoyat qilgan va “Hasan sahih” qaror bergan.
[2]  Imom Ahmad va Imom Termiziy rivoyati.

 

Maqolalar