Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: «Mo‘min (iymonli) bo‘lmaguningizcha jannatga kirmaysizlar, bir-birlaringizni yaxshi ko‘rmaguningizcha mo‘min (iymonli) bo‘lmaysizlar. O‘zaro bir-biringizni yaxshi ko‘rishingizga sabab bo‘ladigan ishni aytaymi? Orangizda salomni yoyinglar!» (Imom Muslim «Sahih»ida rivoyat qilgan).
Jannatga kirish sharti iymonli bo‘lishdir. Hadisdagi: “Mo‘min (iymonli) bo‘lmaysizlar” jumlasidan murod “komil iymonli” bo‘lmaysizlardir. Har bir musulmon Rasululloh sollallohu alayhi va sallam amrlariga amal qilishi lozim.
Salom musulmonning boshqa musulmonlarga nisbatan qalbidagi muhabbatning tasdig‘idir. Salom berish bilan inson qarshisidagi kishiga xotirjamlik ulashadi. Chunki “Assalomu alaykum” deyish tinchlik, salomatlik tilashdir.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ba’zida sahobalariga savol berib, ba’zida ulardan javobini so‘rardilar, ba’zan aksincha bo‘lardi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shu tarzda sahobalar qalblarida Islom ahkomlari va odoblarini mustahkam o‘rnatganlar.
Shuningdek, Rasuli akram sollallohu alayhi va sallam bizlarga salom berishning odoblari va tartiblarini ham o‘rgatganlar: ulovdagi piyodaga; yolg‘iz kishi ko‘pchilikka; yosh kattalarga salom beradi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Kichik kattaga, o‘tib ketayotgan o‘tirganga, kamchilik ko‘pchilikka salom beradi”, dedilar» (Imom Buxoriy rivoyati). Birinchi bo‘lib salom berish kishining yaxshiligi, qalbi pokligi belgisidir.
Abu Ayyub Ansoriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: “Musulmon birodari bilan uch kundan ortiq arazlashishi halol emas. Uchrashganlarida unisi ham, bunisi ham yuz o‘girib ketadi. Ularning yaxshisi birinchi salom berganidir” (Imom Buxoriy rivoyati).
Abu Hurayra roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: «U zot o‘tirgan bir necha odamlar oldiga kelib: “Sizlarning yaxshingiz va yomoningiz kimligini aytaymi?” dedilar. Ular hech nima deyishmadi. U zot savollarini uch marta takrorladilar. Shunda bir kishi: “Ha, yo Rasululloh, yaxshimiz va yomonimiz kimligini ayting”, dedi. U zot: “Yaxshingiz yaxshiligi umid qilinadigan, yomonligidan qo‘rqilmaydigan kishidir. Yomoningiz esa yaxshiligi umid qilinmaydigan, yomonligidan qo‘rqiladigan kishidir”, dedilar» (Imom Termiziy “Sunan”ida rivoyat qilgan).
Manbalar asosida
Jamshid SHODIYEV tayyorladi.
#Mustaqillikning 35 yilligi
Mustaqilligimizning 35 yillik to‘yi yaqinlashib, joylarda bayram shukuhi keza boshladi. Bundan dilda shukronalik hissi ortmoqda.
Tarixga nazar tashlansa, hamma davrda ham davlatning rivojlanishi, taraqqiy topishi jamiyatning farovon va osoyishta hayot kechirishiga bog‘liqligi ayon bo‘ladi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam tinchlik-xotirjamlik eng katta ne’mat ekanligini ta’kidlab, bunday deganlar: “Ikki ne’mat borki, ko‘pchilik insonlar uning qadriga yetmaydi. Ular xotirjamlik va sihat-salomatlik” (Imom Buxoriy rivoyati).
Demak, tinchlik va xotirjamlik Alloh ta’oloning behisob bo‘lgan buyuk ilohiy ne’matlaridan. Shunday ekan, tinchlikning qadriga yetib, uning shukrini ado etish insonning burchlaridandir. Zero, hayotning bir maromda davom etishi, Haq taolo buyurgan ishlar xotirjam ado etilishi uchun ham osoyishtalik lozim bo‘ladi. Alloh taolo ham: “Ey, imon keltirganlar! Yoppasiga tinchlik ishiga kirishingiz!” deya buyuradi (Baqara surasi, 208-oyat). Tinchlik, salimlik mavzusi o‘ta muhim bo‘lgani bois Qur’oni karim oyatlaridan o‘rin olgan. Zotan, arab tilidagi “salm”, “silm”, “salom”, va “islom” so‘zlari bir o‘zakdan chiqqan, turli ma’nodagi so‘zlar bo‘lsada, aynan bir maqsadga yo‘naltirilgandir.
Bandaga berilgan ne’matlarning qadriga yetishda va uni asrashda, bizga payg‘amlarlarning otasi bo‘lgan, Ibrohim alayhissalom o‘rnak bo‘lib kelgan. U zot o‘z davrida Makkaga tinchlik, uning ahliga rizq so‘ragani so‘zimizning yorqin misolidir: “Ibrohim: “Ey, Rabbim, bu (Makka)ni tinchlik shahri qilgin va uning aholisidan Allohga va oxirat kuniga ishonuvchilarga (turli) mevalardan rizq qilib bergin” dedi” (Baqara surasi,126-oyat).
Alloh taolo bu orqali Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni o‘tgan payg‘ambarlar hayotidan xabardor qilish barobarida, ular so‘ragan narsalarni ham bildirib, shunga chaqirgan.
Bu ne’atlar bardavom bo‘lishi uchun ham insondan shukr va qadrlash talab etiladi. Tinchlik hukm surib turgan joyga yana tinchlik so‘rab duo qilish esa, muqaddas dinimiz buyuradigan ishlardan. Shunday ekan, inson kim bo‘lishidan qat’iy nazar, o‘zi yashab turgan, Alloh ne’mat qilib bergan Vatani, uning zilol suvlari, havosi, nozi ne’matlari va boshqa barcha sharoitlariga shukr qilib, uni ziyoda bo‘lishini so‘rab duo qilishi lozim.
Bugun dunyoda tinchligi, xotirjamligini yo‘qotganlar qancha. Bularni ko‘rib, eshitib turganlar ibrat olib, xulosalar chiqarib, o‘zlari uchun in’om qilingan tinchlik va xotirjamlikni qadrlab, asrab avaylashi lozim.
Yurtimizda hukm surayotgan tinchlik, xotirjamlikni saqlash, uni turli xil g‘arazli xuruj, hamlalardan, fitna va bo‘htonlardan himoya qilish, g‘arzli va manfur kimsalarning makrlariga uchmasdan, yosh avlodni ham ulardan xabardor qilib, islom ta’limotining ezgu g‘oyalarini keng targ‘ib etish har birimizning burchimizdir. Bu xususida Alloh taolo bunday degan: “Ezgulik va taqvo (yo‘li)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yo‘li)da hamkorlik qilmangiz! Allohdan qo‘rqingiz! Albatta, Alloh azobi qattiq zotdir” (Moida surasi, 2-oyat).
Xulosa qiladigan bo‘lsak, dinimizning tinchlik va xotirjamlikka bo‘lgan e’tibori nechog‘lik katta, hamda bag‘rikenglik uning negizi ekani yaqqol namoyon bo‘ladi. Inson o‘zidagi ne’matning qadrini uning ustida mulohaza yuritish, shu ne’matdan o‘zgalar ham bahramand yoki bebahra ekanini o‘ylab ko‘rish bilan biladi. Bu esa Allohga yanada ko‘proq shukr qilishga undaydi.
Ne’matning bardavom bo‘lishi, uning shukri ado etilishiga ham bog‘liq. Yoshi ulug‘ nuroniy otaxon va onaxonlarimiz ushbu ikki ulug‘ ne’matning mustahkamligini so‘rab duo qilishlari shundan. Alloh taolo yurtimiz tinchligi va xotirjamligini barqaror, bardavom, xalqimiz hayotini bundan-da farovon qilsin.
Isomiddin AHROROV