Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasining 78-sessiyasida muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazish taklifini ilgari surgan edilar.
Shu yil 15 avgustda qabul qilingan “Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi Prezident farmonida ham mazkur masalaga e’tibor qaratilgan. Shulardan kelib chiqib joriy yilning 15-16 oktyabr kunlari Toshkent va Xiva shaharlarida “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida xalqaro konferensiyani o‘tkaziladi.
Insoniyat tarixiga nazar tashlansa, barcha davrlarda davlatning rivojlanishi, taraqqiy topishi jamiyatning farovon va osoyishta hayot kechirishiga bog‘liq bo‘lgan. Shu bois Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam bunday deganlar: “Ikki ne’mat borki, aksariyat insonlar ularning qadriga yetmaydilar. U xotirjamlik va sihat-salomatlik”, (Imom Buxoriy rivoyati).
Tinchlik-xotirjamlik Alloh taoloning buyuk ne’matlaridan biridir. Qolaversa, barcha ezgu ishlar ro‘yobga chiqishining boisi ham osoyishtalikdir. Shunday ekan, insonlar nafaqat tinchlikni qadriga yetib, shukrini ado etishlari, balki unga noshukrlik qilib putur yetkazishdan ham saqlanishlari lozim.
Osoyishtalik har kimga, har joyda zarur. Kishi xotirjam bo‘lsagina hayotda ko‘zlagan maqsad va orzu-havaslarini amalga oshira oladi. Xotirjamlik ko‘ngilning tinchligi va fikrning bir nuqtaga jamlanishidir. Biror kishining farzandi betob bo‘lsa yoki uyi notinch bo‘lsa, uning xayoli parishon, fikri ayqash-uyqash bo‘lib, o‘ylagan ishlarini bajarishga qo‘li bormaydi.
Tinchlik qaror topgan yurtda xotirjamlik hukm suradi, oqibatda, jamiyatda har tomonlama yuksalish va rivojlanish bo‘ladi. Odamlarning o‘zaro bir-birlariga bo‘lgan ishonch va sadoqatlari, mehr-muruvvatlarining samimiy bo‘lishi ham asosan xotirjamlikka bog‘liqdir.
Alloh taolo Qur’oni karimda tinchlikni saqlash va qadrlash vazifasini inson zimmasiga yuklab, Islom dini tinchlikka targ‘ib qilishini, shaytoniy yo‘llarga ergashmaslik lozimligini ta’kidlab, bunday deydi: “Ey iymon keltirganlar! Yoppasiga tinchlik ishiga kirishingiz..! (Baqara surasi, 208-oyat). Ushbu oyati karimadagi “koffatan” (ya’ni yoppasiga) so‘zi arab tili qoidasiga binoan hol vazifasini bajarmoqda.
Tafsir kitoblarida keltirilishicha, mana shu birgina so‘z bir jihatdan barcha insonlar birlashgan holda tinchlik yo‘lini tutishlari lozimligini bildirsa, boshqa jihatdan tinchlikni barqarorlashtirish uchun qaysi yo‘l bilan bo‘lsa ham hissa qo‘shish zarurligini bildiradi. Arab tilidagi “salm”, “silm”, “salom”, va “islom” so‘zlari bir o‘zakdan chiqqan, turli ma’nodagi so‘zlar bo‘lsa-da, aynan bir maqsadga yo‘naltirilgandir.
Tinchlik Islom shioridir. Shuning uchun musulmonlar o‘zaro muomalalarini doimo bir-birlariga tinchlik tilash, ya’ni salomlashish bilan boshlaydilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam jannatga kirishga sabab bo‘luvchi amallardan biri salomlashish ekanini ta’kidlab: “Ey insonlar! Bir-biringiz bilan ovozingizni chiqarib oshkora salomlashing, muhtojlarga taom bering, qarindoshchilik rishtalarini mahkam bog‘lang, tunda odamlar uyquda yotgan vaqtda turib ibodat qiling, shunda jannatga salomat kirasizlar”, deganlar. Boshqa hadisda esa birinchi bo‘lib salom bergan kishi Allohga mahbubroq ekanligi ta’kidlangan.
Tinchlik tufayli yoshlarimiz emin-erkin ta’lim-tarbiya oladilar. Bizning “Xadichai Kubro” ayol-qizlar o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida ayni paytda 105 nafar ayol-qizlarimiz ta’lim olmoqdalar. Ular o‘rganlarini opa-singillarimizga yetkazadilar. Buning oqibatida ayol-qizlar o‘rtasida bid’at-xurofotlar barham topadi, inshoalloh.
Shu bilan birga, Qur’on va tajvidni o‘rgatish kurslarida 2017 yildan buyon jami 2730 nafar yurtdoshimiz ta’lim oldi.
Bu shunchaki oddiy raqamlar emas, balki shuncha oilaga ziyo va ma’rifat kirganining, shuncha kishi orqali yana qanchalab odamlar haqni, haqiqatni tanishining amaldagi isbotidir. Muhtaram Prezidentimiz: «Qur’onni eshitish, eshita olish yuksak ma’naviyat, ma’rifat. Qur’on hech qachon yomonlikka da’vat qilmaydi. Agar Qur’oni karimni eshita olsak, eshittira olsak bu muvaffaqqiyat bo‘ladi. Elimizga nur keladi», deya ta’kidlagan edi.
Haqiqatan, Qur’on o‘qilgan joyga baraka va nur inishiga ko‘p marta guvoh bo‘lganmiz.
Tinchlik bo‘lsa, insonlarning hayoti farovon bo‘ladi, Rabbilariga xotirjamlikda ibodat qiladilar. Donishmandlardan biri “Ne’mat nima?” deb so‘ralganida: “Tinchlik, chunki men xavfsiragan kishining hayotida ma’ni ko‘rmadim”, deb javob berdi.
Tinchlik – insoniyat uni saqlashi uchun xoh qimmatli bo‘lsin, xoh arzon bo‘lsin barcha narsasini: aql-zakovat, mol-dunyo va kuch-quvvatini sarflashga haqli bo‘lgan ulkan ne’mat!
Insonlarning hamjihat yashashi, turmushimiz farovon, rizqimiz mo‘l-ko‘l bo‘lishi, ma’rifatimiz yuksalib, ma’naviyatimiz sayqallanishi aynan tinchlikka bog‘liq. Tinchlik shunday ne’matki, usiz hayotimiz rangsiz, umrimiz mazmunsiz bo‘lib qoladi. Xotirjamlik yo‘q joyda na ilm, na ma’rifat hosil bo‘ladi.
Alloh taolo yurtimizni tinch, xalqimiz turmushini yanada farovon qilsin.
Maryam ABDULLAYEVA,
"Xadichai Kubro" ayol-qizlar o‘rta maxsus
islom ta’lim muassasasi direktori
Imom-xatiblar faoliyatini yanada samarali tashkil etish bo‘yicha ko‘chma seminar bugun respublikamizning Qorao‘zak va Taxtako‘pir tumanlarida tashkil etildi. Qorao‘zak tumanidagi markaziy "Idris eshon" jome masjidida Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi Bahramaddin Razov boshchiligida soha xodimlari, mahalla raislari va ziyoratchilar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilib, sayyor tadbirda amalga oshiriladigan ishlar ko‘lami tushuntirildi.
Ishchi guruh a’zolari Qorao‘zak va Taxtako‘pir tumanlarining 5 ta masjidi va 19 ta mahallasiga biriktirildi. Ular o‘zlariga biriktirilgan mahalla hududidan 101 ta muammoli xonadonga kirib, o‘sha yerda yashayotganlarning holidan xabar oldi, yashash sharoitlari bilan yaqindan tanishdi va suhbatlashdi. Ularning muammolari o‘rganilib, fikr-mulohazalari tinglandi. Imom-xatiblar 10 ta toifaga mansub 101 ta oilaga ma’naviy-ma’rifiy, targ‘ibot-tashviqot va amaliy yordam tadbirlarini olib bordi.
Shuningdek, masjidlar atrofida obodonlashtirish va tozalash ishlarini olib borish, ish yuritish, jamoani boshqarish jihatlari ham o‘rganildi.
Ishchi guruh a’zolari o‘zlariga biriktirilgan masjidlarda peshin namozini o‘qib, yig‘ilgan qavmga, "Tinchlik baxti. Shukronalik. Ilm olish fazilati. Yot g‘oyalar ta’siridan saqlanish. Missionerlik harakatlarining salbiy oqibatlari" kabi dolzarb mavzularda ma’ruzalar qildi.
Tadbir yakunida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, Qorao‘zak va Taxtako‘pir tumanlari imom-xatiblarining ma’naviy-ma’rifiy, masjid boshqaruvidagi ishlariga ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.
Tashrif davomida qoziyot qozisi boshchiligidagi ishchi guruh a’zolari Qorao‘zak tumanidagi "Idris eshon" masjidining yangidan qurilayotgan binosining qurilish ishlari bilan tanishdi.
B.ABBAZOV,
Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti xodimi