Shu yil 20-21 sentyabr kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari, Toshkent islom instituti rektori, professor Muhammadolim Muhammadsiddiqov Moskva shahrida bo‘lib o‘tgan “Tinchlik yo‘li: Muloqot birgalikda uyg‘un yashashinng asosi sifatida” XX Xalqaro musulmonlar forumida ishtirok etdi.
Xalqaro forumda dunyoning 30 dan ortiq mamlakatidan kelgan taniqli ulamolar, mashhur muftiylar, professor-olimlar, jamoat va din arboblari hamda xalqaro tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi.
Forumda jahon hamjamiyatining e’tiborini zamonaviy tahdidlar, dinlararo murosasizlikka qaratib, dunyo hamjamiyatini tinchlik-osoyishtalikni qaror toptirishga chaqirildi. Shuningdek, bugungi tahlikali davrda diniy ulamolarning samarali ta’sir mexanizimini shakllantirishga urg‘u berildi.
So‘zga chiqqan notiqlar musulmonlar birdamligi, davlat va din munosabatlari, konfessiyalararo muloqotni rivojlantirish, diniy bag‘rikenglik, zo‘ravonlik va terrorizmga qarshi birgalikda kurashish kabi mavzularda chiqishlar qildi. Xususan, Muhammadolim Muhammadsiddiqov mavzu doirasida muhim ma’ruza bilan ishtirok etdi.
Safar davomida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim Muhammadsiddiqov Moskva shahridagi Imom al-Buxoriy nomidagi musulmonlar mahalliy diniy tashkiloti rahbari Umid Mamataliyev bilan muloqot o‘tkazildi.
Muloqotda mazkur mamlakatda vaqtincha yashab mehnat qilayotgan vatandoshlar faoliyati, yashash tarzi, muammolari haqida suhbat qilindi. Jumladan, vatandoshlarimizning diniy e’tiqodini to‘g‘ri yo‘lga solish, mazhabsizlikni oldini olish kabi masalalarda olib borilayotgan ishlar haqida so‘z yuritildi.
Shuningdek, vatandoshlar uchun O‘zbekistondan imom-domlalarni jalb qilgan holda o‘quvlarni tashkil etish, ularga ta’lim berishda yurtimizda nashr etilgan diniy adabiyotlarni olib kelish masalalari muhokama etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan aholi bilan yo‘lga qo‘yilgan ochiq va samimiy muloqot tizimi fuqarolarning murojaatlarini atroflicha o‘rganish hamda ularga tezkor yechim topishda muhim omil bo‘lmoqda.
12 avgust kuni Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov navbatdagi fuqarolar qabulini o‘tkazib, yurtdoshlarimizning arz, taklif va murojaatlarini tingladilar. Yuzma-yuz suhbat jarayonida masjidlar holati va faoliyati, imom-xatiblar ishi, Haj va Umra ziyoratlarini tashkil etish, oilaviy munosabatlarni tartibga solish hamda moddiy yordam ko‘rsatishga oid ko‘plab masalalar chuqur tahlil qilinib, ularning aksariyati joyida ijobiy hal etildi.
Eslatib o‘tamiz, bu kabi qabullar va fuqarolar bilan muloqot tadbirlari Diniy idoraning hududiy vakilliklari hamda yurtimizdagi barcha jome masjidlarda har haftaning chorshanba kuni imom-xatiblar tomonidan o‘tkazib kelinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati