O‘zbekiston musulmonlari idorasining Namangan viloyatidagi vakili, viloyat bosh imom-xatibi Musoxon domla Abbosiddinov Chust tumanida joylashgan “Eshon sufi bobo” jome masjidining yangi binosi poydevoriga tamal toshi qo‘yish marosimida qatnashdilar. Tadbirda mahalla ahli, nuroniylar, ulamolar ishtirok etdilar.
Musoxon domla qurilayotgan binoni mo‘min-musulmonlar uchun qulay va shinam qilish, xonaqohlarni keng va yorug‘ bo‘lishi yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.
Ravza.uz
Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasi Qur’oni karim va tajvidni o‘rgatish bo‘limi mudiri Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum o‘g‘li hamda Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupov Bekobod shahridagi Qur’on va tajvid markaziga tashrif buyurdilar.
Markaz ma’muriyati hamda u yerda ta’lim olayotgan tinglovchilar bilan bo‘lib o‘tgan suhbat har jihatdan samarali bo‘ldi. Xususan, uchrashuvda Shayx Alijon qori hafizahulloh Qur’oni karimni yodlash fazilatlari, bu borada yaratilgan shart-sharoitlarning qadriga yetish, shukrona keltirish, vaqtdan unumli foydalanish kabi mavzularda go‘zal mav’iza qilib berdilar.
Haqiqatan, Qur’oni karimni yodlash, oyatlar ma’no-mazmunlarini tafakkur va tadabbur qilish ibodat va chinakam saodatdir.
Usmon ibn Affon roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Sizlarning yaxshilaringiz Qur’oni karimni o‘rgangan va o‘rgatganlaringizdir", deb marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati