So‘ngi yillar davomida islomshunoslikning turli yo‘nalishlarida bir qator muhim asarlar o‘zbek tiliga tarjima qilinib nashr etildi. Bu asarlar aqida, kalom, fiqh, tafsir, adashgan oqimlarga qarshi raddiya yo‘nalishida va tarixiy mavzularga bag‘ishlangan bo‘lib, ular ilm-fan ahli, talaba va olimlar uchun bebaho manba bo‘lib xizmat qilmoqda.
Xususan, Imom Moturidiyning mashhur “Ta’vilot al-Qur’on” asarining bir necha juzlari, shuningdek, Mulla Ali Qoriyning “Sharh al-Fiqh al-akbar”, Abul Yusr Pazdaviyning “Usul ad-din”, Abul Muin Nasafiyning “Bahr al-kalom”, Alouddin Kosoniyning “E’tiqodi kosoniy”, Abu Muoz Toriq ibn Ivazulloh ibn Muhammad tomonidan yozilgan “Imom Termiziyning aqidaviy qarashlari”, Abu Azabaning “Ash’ariylar va moturidiylar o‘rtasidagi go‘zal chamanzor”, Imom Termiziyning “E’tiqodi ahli sunna”, Abul Muntaho Shahobuddin Ahmad ibn Muhammad Mag‘nisoviyning “Sharhi fiqhul akbar”, Abu Salama Buxoriy rahmatullohi alayhning “Jumal usul ad-din” (E’tiqodiy masalalarning umumiy kisqacha bayoni)”, Abul Barakot Nasafiyning “Umdatul aqoid”, Hakim Samarqandiyning “Kitob as-savod al-a’zam” kabi asarlar o‘zining ilmiy salmog‘i bilan alohida ajralib turadi.
Moturidiy ta’limoti asosida yozilgan asarlar islomiy e’tiqodni tushunish va uning asosiy prinsiplarini yoritishga qaratilgan. Masalan, Imom Moturidiyning “Ta’vilot al-Qur’on” asari Qur’onni tafsir qilishda alohida ahamiyatga ega bo‘lib, musulmon olimlar uchun muhim metodologik qo‘llanma hisoblanadi.
Tarixiy va madaniy merosga bag‘ishlangan asarlar ham katta e’tiborga loyiq Muallif jamoasi tomonidan nashr etilgan “Movarounnahrlik o‘n mutakallim”, “Movarounnahrlik o‘n faqih” va “Movarounnahrlik o‘n mutasavvif” asarlari tarixiy shaxslarning hayoti va merosi haqidagi bilimlarni yanada boyitishga xizmat qiladi.
Shuningdek, raddiya sohasidagi asarlar islomiy aqida va shariatga zid bo‘lgan mutaassib g‘oyalarga qarshi kurashishda muhim o‘rin tutadi. Masalan, “Mutaassiblikka qarshi mo‘tadillik” va “Islom niqobidagi mutaassib guruhlar”, “Ixtiloflar, sabablar, yechimlar”, “Aqoid va unga bog‘liq masalalar”, “Mazhablar birlik ramzi”, “Mazhabsizlik – islom shariatiga tahdid soluvchi eng xatarli bid’atdir”, “Sunniy aqidalar”, “Hizbut-tahrir” fitnasidan ogohlantirish”, “Dunyo ulamolari murojaati”, “Islom va aqidaparast oqimlar”, “Bid’atchi, adashgan va adashtiruvchi firqalarga raddiyalar kitobi”, “Diniy mutaassiblik: mohiyati, maqsadlar va oldini olish yo‘llari”, “Adashgan “nozik hilqat””, “Ishidning botil g‘oyalari va ularga raddiyalar”, “Salafiylarga ilmiy raddiya”, “E’tiqod durdonalari”, “Ilmdan boshqa najot yo‘q”, “Fatvolar to‘plami 500 savolga 500 javob”, “Fiqh va aqidaga oid ixtilofli masalalar yechimi”, “Fitna ko‘z ilg‘amas xatar”, “Moturidiy ta’limotiga oid 101 savol-javob”, “Zamonaviy fiqhiy masalalar va fatvo berish asoslari”, “Islom aqidasi”, “Dolzarb raddiyalar” kabi kitoblar musulmon jamoatchilik orasida keng tarqalgan muammolarga javob berib, mu’tadillikni targ‘ib qiladi.
Ushbu nashrlar nafaqat ilmiy sohada, balki keng jamoatchilik orasida ham katta qiziqish uyg‘otmoqda. Ushbu asarlar zamonaviy musulmon jamiyati uchun islom aqidasi, ya’ni moturidiy ta’limotini yanada chuqurroq tushunish va ularni hayotga tatbiq etishda muhim qo‘llanma bo‘lib xizmat qiladi.
O‘tkirbek Sobirov,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Bosh mutaxassisi
“Sharhu aqoidi Nasafiya” asarini o‘zbek tiliga ilmiy-izohli tarjimasi hamda
uning android va multimedia dasturlarini tayyorlash bo‘yicha loyiha a’zosi
Shu yilning 9 yanvar kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakili viloyat bosh imom-xatibi Jobir domla Elov rahbarligida Vobkent tumanida faoliyat ko‘rsatayotgan masjidlar imom-xatib, imom-noib, mahalla domlalari va nuroniy otaxonlar ishtirokida sayyor yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Sayyor yig‘ilish davomida barcha imom-xatib va imom-noiblar o‘zlariga biriktirilgan MFYlar bilan muntazam aloqada bo‘lib, yoshlar tarbiyasiga katta e’tibor qaratishi, ilm-ma’rifatga qiziqtirish va yosh avlod kelajagi uchun mustahkam poydevor yaratish kabilarni alohida ta’kidlandi. Shundan so‘ng barcha imom-xatiblar mahalla nuroniylari bilan o‘zlariga biriktirilgan mahallalarga chiqishdi.
Shu kunning o‘zida sayyor qabul ishtirokchilari 50 dan oshiq xonadon holidan xabar oldi. Jumladan, Ko‘liodina mahallasida yashovchi yuz yoshni qarshilagan mehnat faxriylarini ziyorat qildi. So‘ngra shu mahallada istiqomat qiluvchi birinchi guruh nogironlari, moddiy ko‘makka muxtojlar, ijtimoiy ko‘makka muhtojlarning xonadonlaridan xabar olinib, ma’naviy-ma’rifiy suhbatlar uyushtirildi va homiylar ishtirokida moddiy jihatdan ko‘maklar berildi.
Shuningdek, Viloyat bosh imomi rahbarligida hamda Vobkent tumanidagi imom-xatiblar ishtirokida 2024 yil zamonaviy loyihalar asosida qurilgan 120 o‘rinli 12-maktabgacha ta’limda vatanimiz kelajagi bo‘lmish jajji bolalar bilan uchrashib, ularga xursandchilik ulashildi.
Kunning ikkinchi qismida viloyat bosh imom-xatibi Jobir domla Elov tumandagi Abdulazizxon jome masjidida peshin namozida bo‘lib, yig‘ilgan jamoatga "Shukronalik", "Sof islom ta’limoti", "Tinchlik ne’mati" mavzularida ma’viza qildi va keng jamoat ishtirokida yurtimiz haqqiga duoi xayrlar so‘raldi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Buxoro viloyati vakilligi
Matbuot xizmati