frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null
Maqolalar

Ajdodlarga ehtirom ifodasi

25.09.2024   11719   3 min.
Ajdodlarga ehtirom ifodasi

Joriy yilning 15 sentyabr kuni “Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligini nishonlash to‘g‘risidagi” Prezident qarori qabul qilingani barcha mo‘min-musulmonlarni xursand qildi. Chunki muqaddas dinimiz rivojiga ulkan hissa qo‘shgan Imom Termiziy bobomizning tavallud kuni keng ko‘lamda nishonlanishi bir tomondan dinimizga ko‘rsatilayotgan katta etiborning ifodasi bo‘lsa, ikkinchi tomondan jahon jamoatchiligiga u zot qoldirgan ilmiy merosni keng targ‘ib qilishdir.


Mazkur qarorda Toshkent shahrida 2024 yilning oktyabr oyida “Islom –tinchlik va ezgulik dini” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjumanni tashkil etish hamda anjuman doirasida Termiz shahrida “Imom Termiziy ilmiy merosining Islom sivilizatsiyasida tutgan o‘rni” mavzusida xalqaro ilmiy anjuman o‘tkazish ta’kidlanadi. 


Ushbu xalqaro anjumanlarni o‘tkazish muqaddas Islom ilmlari rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk ajdodimiz Imom Abu Iso Muhammad Termiziyning ulkan ilmiy merosini yanada puxta o‘rganish va bu bebaho ilmiy merosni xalqimiz va jahon jamoatchiligi o‘rtasida keng targ‘ib etishga munosib hissa bo‘lib qo‘shiladi.          


Imom Abu Iso Muhammad ibn Iyso ibn Savra ibn Muso Sulamiy Termiziy milodiy 824 yil unchalik badavlat bo‘lmagan xonadonda tavallud topgan. U zot Bug‘ (hozirgi Sherobod tumani) qishlog‘ida vafot etgani sababli otiga al-Bug‘iy taxallusi ham qo‘shilgan. Allomaning yoshlik yillari Termizda o‘tgan, dastlabki ilmni ham shu shaharda olgan. Bolaligidan o‘ta ziyrakligi, xotirasining kuchliligi va noyob qobiliyati bilan o‘z tengqurlaridan ajralib turgan at-Termiziy diniy va dunyoviy fanlarni, ayniqsa, hadis ilmini alohida qiziqish bilan egallagan va bu boradagi o‘z bilimlarini muttasil oshirish uchun ko‘pgina Sharq mamlakatlariga borib tahsil olgan. Jumladan, Iroq, Isfahon, Xuroson, Makka va Madinada ko‘p yillar yashagan. Uzoq vaqt davom etgan safarlari chog‘ida ilm al-qiroat, ilm al-bayon, fiqh, tarix, ayniqsa, o‘zi yoshligidan qiziqqan hadis ilmidan o‘z davrining yirik olimlaridan ilm o‘rgangan. Uning ustozlari sirasiga Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Abu Dovud, Qutayba ibn Said, Is'hoq ibn Muso, Mahmud ibn G‘aylon va boshqa mashhur muhaddislar kiradi.


Imom Termiziy hadislarni to‘plashda va o‘rganishda har bir qulay fursatdan unumli foydalangan. U yo‘lda, safarda bo‘lganda ham yoki bir joyda muqim turganda ham o‘z ustozlaridan, uchratgan roviylaridan eshitgan hadislarni darhol yozib olib, ularni tartibli ravishda alohida-alohida qayd qilib borgan.


Imom Termiziy  Islom olamida olti eng mashhur hadis to‘plamlaridan biri «Al-jome’us sahih», shuningdek, «Ash-shamoilul Muhammadiya», «Kitobuz zuhd», «Kitobut tarix», «Asmous sahoba», «Al-asmo val kuno», «Al-ilal» kitoblarni ta’lif etganlar. Prezident qarorida Imom Termiziy asarlarini ko‘p jildlik akademik tarjima qilish va sharhini tayyorlash hamda nashr ettirish masalalari ham tilga olingan.


Imom Termiziyning  hayoti va ilmiy faoliyatiga mansub qo‘lyozma, qadimiy kitoblar, noyob asarlarni aniqlash, ularni O‘zbekistonga olib kelish va restavratsiya qilish mazkur yo‘nalishda olib borilayotgan tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash uchun ham e’tiborga loyiqdir.


Muqaddas islom ilmlari rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk vatandoshimiz Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligini nishonlash maqsadida tashkil etiladigan anjumanlar o‘sib kelayotgan yosh avlodning ma’naviy olamini boyitishga, ularning qalbida milliy iftixor, Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘usini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi, inshoalloh. 

      Rahmatilla USMONOV,

Qashqadaryo viloyati bosh imom-xatibi

 

 

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Registon maydonini Imom al-Moturidiy maqbarasi bilan bog‘laydigan ko‘cha rekonstruksiya qilinmoqda

14.08.2026   33019   1 min.
Registon maydonini Imom al-Moturidiy maqbarasi bilan bog‘laydigan ko‘cha rekonstruksiya qilinmoqda

Samarqandning tarixiy qismida turizm infratuzilmasini keng ko‘lamli yangilash ishlari davom etmoqda. Amalga oshirilayotgan loyihalarning asosiy maqsadi xorijiy sayyohlarning qolish muddatini uzaytirish, qulay shahar muhitini yaratish va bir vaqtning o‘zida mahalliy aholining hayot sifatini oshirishdan iborat.

“Samarkandskiy vestnik” nashriga ko‘ra, turizmni rivojlantirish dasturi doirasida eski shaharning 13 ta ko‘chasi bosqichma-bosqich zamonaviy piyodalar yo‘lagiga aylantirilmoqda. Bu yerda yangi xizmat ko‘rsatish obyektlari barpo etilmoqda, jamoat joylari obodonlashtirilmoqda, milliy me’morchilik an’analarini saqlab qolgan holda muhandislik kommunikatsiyalari va bino fasadlari yangilanmoqda.

Eng yirik loyihalardan biri Registon maydonini Imom al-Moturidiy maqbarasi bilan bog‘laydigan Buxoro ko‘chasini rekonstruksiya qilish bo‘ldi. Ko‘chaning 850 metr qismi to‘liq piyodalar hududiga aylantiriladi. Loyihani ishlab chiquvchilardan biri, Samarqand davlat texnika universiteti o‘qituvchisi Jasur Berdiqulovning ta’kidlashicha, ilgari bu yerda qatnov qismining torligi tufayli muntazam ravishda tirbandliklar yuzaga kelgan, qulay piyodalar yo‘laklarining yo‘qligi esa piyodalar uchun jiddiy noqulayliklar tug‘dirgan. Ishlar yakunlangach, ko‘cha xavfsiz jamoat maydoniga aylanadi. Aholi uchun alohida to‘xtash joyi ajratilgan bo‘lib, transport vositalarining kirishiga faqat zarurat tug‘ilganda maxsus xizmatlarga ruxsat beriladi. Shu bilan birga, suv, gaz, elektr va boshqa muhandislik tarmoqlari to‘liq modernizatsiya qilinmoqda.

Oltin asr mahallasida joylashgan Bag‘dod ko‘chasida ham ishlar davom etmoqda. Bu yerda 600 metrlik hudud obodonlashtirilmoqda. Loyiha doirasida zamonaviy turizm va xizmat ko‘rsatish infratuzilmasini yaratish, kichik biznes va xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari