Bismillahir Rohmanir Rohiym
Haqiqat bilan rostning orasi to‘rt enlik, deyishadi. Quloq bilan ko‘z orasi shuncha ekan. Demak, ko‘z bilan ko‘rmaguncha quloq bilan eshitgan gapga ishonavermaslik va u gapning haqiqatini aniqlamasdan turib birovga aytmaslik kerak.
Shariatimiz ko‘rsatmalarida yolg‘onchilikka mutlaqo yo‘l qo‘yilmaydi. Yolg‘on oxiri do‘zaxga yetaklaydi.
Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Rost gapiringlar, chunki rostgo‘ylik ezgulikka yetaklaydi. Ezgulik esa jannatga yetaklaydi. Kishi rost gapiraversa, u Alloh taolo huzurida rostgo‘y deb yozib qo‘yiladi. Yolg‘on gapirishdan o‘zlaringizni saqlang, chunki yolg‘on gapirish buzuqlikka yetaklaydi. Buzuqlik esa do‘zaxga yetaklaydi. Kishi yolg‘on gapiraversa, oxiri Allohning huzurida yolg‘onchi deb yozib qo‘yiladi”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Shayx Kirmoniy hazratlari aytadilarki: “Yolg‘on gapirmagan, omonatga xiyonat, bo‘hton, tuhmat va g‘iybat qilmagan kishi kelajagidan qo‘rqmasin. Shu gunohlarni qilmagan kishi vaqti kelib, boshqa gunohlarni ham tark etadi”.
Yolg‘onchilik o‘g‘riliqdir. O‘g‘ri molingizni o‘g‘irlasa, yolg‘onchi aklingizni o‘g‘irlaydi. Ba’zilar foyda ko‘rish yo zararni daf’ qilish uchun yolg‘on so‘zlaydi. Yolg‘on so‘zlab, foyda ko‘rmoqchi yo balodan qutulmoqchi bo‘ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Rost so‘zda xatar ko‘rsangiz ham, rost so‘zlang! Najot rost so‘zdadir. Yolg‘on so‘zda najot ko‘rsangiz ham, yolg‘on gapirmang! Xatar yolg‘on so‘zdadir”.
Abu Umoma Bohiliy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Haq bo‘la turib janjalni tark etgan kishiga jannat yonidagi bir uyga kafilman. Hazildan bo‘lsa ham, yolg‘onni tark etgan kishiga jannat o‘rtasidagi bir uyga kafilman. Chiroyli xulqli kishiga jannatning eng yuqorisidagi bir uyga kafilman”, dedilar (Imom Abu Dovud rivoyati)
Shahobiddin PARPIYEV,
Asaka tumanidagi “Muhammadsolih” jome masjidi imom-xatibi.
Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanidagi «Zomin» jome masjidida diniy soha xodimlari faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan tashkiliy yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasining Sirdaryo viloyati vakilligi rahbariyati, tuman va shahar bosh imom-xatiblari, hudud masjidlari imomlari, otinoyilar, «Haj» ziyoratchilari hamda MFY raislari qatnashdi.
Uchrashuvda yurt tinchligini asrash, yosh avlodni milliy va diniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, oilalarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash hamda noxush holatlarning oldini olish kabi muhim masalalar muhokama qilindi.
Shuningdek, tadbir doirasida amaliy sa’y-harakatlar ham olib borildi:
Imom-xatiblar va otinoyilar mahallalardagi ehtiyojmand va ko‘makka muhtoj oilalar xonadonlariga tashrif buyurdilar.
Jarayonda jami 112 ta xonadon (imom-xatiblar tomonidan 83 ta, otinoyilar tomonidan 29 ta oila) holidan xabar olinib, ularning muammo va takliflari o‘rganildi.
Fuqarolarga ma’naviy-ma’rifiy dalda berilib, zarur amaliy yordamlar ko‘rsatildi.
O‘MI Sirdaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati