Bismillahir Rohmanir Rohiym
Abu Bakr ibn Ayyosh rohimahulloh taba’a tobe’inlardan bo‘lib, mashhur yetti qiroatning roviylaridan biri edi. U zot Shu’ba ismi bilan mashhur edi. «Osimning Shu’badan rivoyati» deyilgan qiroat sohibi shu kishining ismi bilan yuritiladi. Buyuk imom Ahmad ibn Hanbal Ana shu muborak zotni «Qur’on va yaxshilik sohibi edi», deb ta’riflaganlar.
Shu’ba rohmatullohi alayh hijriy 95 yilda tug‘ilib, 193 yili Kufa shahrida, 96 yoshida vafot etgan.
U zot vafotidan oldin o‘g‘liga uyidagi hujralardan birini ko‘rsatib, «O‘g‘lim, mana shu hujrada gunoh qilishdan saqlaningla, chunki men bu xonada Qur’onni o‘n ikki ming marta o‘qib tugatganman», degan ekanlar... Subhanalloh!
O‘lim to‘shagida yotganlarida yonlarida o‘tirgan qizlari yig‘lasa, «Nega yig‘laysan, qizim? Mendan xavotirlanyapsanmi? Men mana shu xonada Qur’onni o‘n ikki ming marta xatm qilganman…» deganlar.
Umrini Qur’onga bag‘ishlagan bu ulug‘ zot bu xizmatlarini Alloh taolo qabul qilishidan, ular sababli gunohlarini kechib yuborishidan umidvor bo‘lganlar.
Bir ayol mana shu o‘ringa mos voqeani aytib bergan edi:
«Turmush qurgan ilk kunlarimizdang boshlab, erim bilan har kuni ikki sahifa Qur’on o‘qishga kelishib oldik. Alohida vaqt ajratib, birga Qur’on o‘qib o‘tiramiz. Avval u kishi menga bir sahifani o‘qib beradilar, keyin men u kishiga ikkinchi sahifani o‘qib beraman. Mabodo safarda bo‘lib qolsalar, ikki sahifani ikkimiz ham o‘zimiz o‘qir edik, shunda o‘sha ikki sahifa ikki marta o‘qilar edi.
Alloh taolo bizni shu vazifani doimiy bajarishga musharraf ayladi. Har safar Qur’onni o‘qib tugatganimizda oxirgi sahifasiga bir belgi qo‘yamiz. Bu yil to‘yimizga o‘ttiz yil bo‘libdi. Oxirgi sahifadagi belgilar esa 127 ta bo‘libdi. Demak, shu o‘tgan yillar davomida Qur’onni 127 marta xatm qilibmiz. Qur’on o‘qishda davom etganimiz sari, hayotimizga osoyishtalik, baxt va nur kirib kelaverdi, eng asosiysi – turmush o‘rtog‘im bilan o‘rtamizdagi muhabbat kuchayib boraverdi. Alloh u kishini panohida asrasin!»
Endi mana shu savolga javob bering:
Hayotingizdan o‘rin olgan oddiy, lekin doimiy, ayni vaqtda dunyoga ham, oxiratingizga ham (ibodatga, ijtimoiy hayotga, ilm-fanga yoki sog‘lom turmush tarziga aloqador) manfaatli biror vazifangiz bormi?
O‘zingiz uchun kunlik odatiy vazifa kashf etsangiz, la’nati shayton har xil yo‘llar bilan sizni vazifangizdan chalg‘itishga harakat qiladi. Lekin siz bunga yo‘l qo‘ymang! Hushyor bo‘ling, u sizni to‘xtatish uchun turli vajlarni o‘ylab topadi. Qilib yurgan vazifangizdan sizni og‘dirish uchun biror kishidan ham foydalanishi mumkin (odatda yaqin insonlaringizdan birini tanlaydi. Masalan, eng yaqin dugonangizni…) Ogoh bo‘ling! Inson va jin-shaytonlar sizni yo‘ldan ozdirishiga aslo yo‘l qo‘ymang!
Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh tarjimasi.
Toshkent viloyati, Chirchiq shahri “Amir o‘g‘li Hasanboy” jome masjidi