O‘zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev mintaqa bilan savdo-iqtisodiy va turizm sohalaridagi aloqalarni yanada rivojlantirish maqsadida Malayziyaning Perlis shtatiga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.
Perlis – Malakka yarim orolida joylashgan, mamlakatning asosan musulmonlar istiqomat qiladigan davlatlaridan biri. Mintaqada qishloq va baliqchilik yuqori darajada rivojlangan, shuningdek, u Malayziyada shakarqamish va tabiiy kauchuk ishlab chiqarishda yetakchi sanaladi.
Tashrif doirasida O‘zbekistonning Malayziyadagi elchixona delegatsiyasini Malayziyaning Perlis sultoni Sayyid Sirojuddin Sayyid Jamolullayl qabul qildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi munosabatlarning bugungi holati, istiqboldagi rejalari, o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Sulton Sirojuddin 2003 yilda Malayziya qiroli sifatida O‘zbekistonga davlat tashrifi bilan kelganini, O‘zbekiston taraqqiyoti bilan tanishganini iliqlik bilan esladi.
Shuningdek, tashrif davomida ushbu davlat muftiysi Muhammad Asri Zaynul Obiddin bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasida turizmni, jumladan, ziyorat turizmini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Malayziya tomoni bu hamkorlik O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati, boy tarixiy-madaniy merosini malayziyaliklar orasida targ‘ib qilishga katta hissa qo‘shadi, – deb ma’lum qildi.
Tashrif yakunlari bo‘yicha Malayziya tomoni O‘zbekistonda qator loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdor ekanligini bildirdi. Doimiy aloqalarni davom ettirish va o‘zaro manfaatli hamkorlik bo‘yicha takliflarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kelishuvga erishildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasi Qur’oni karim va tajvidni o‘rgatish bo‘limi mudiri Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum o‘g‘li hamda Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupov Bekobod shahridagi Qur’on va tajvid markaziga tashrif buyurdilar.
Markaz ma’muriyati hamda u yerda ta’lim olayotgan tinglovchilar bilan bo‘lib o‘tgan suhbat har jihatdan samarali bo‘ldi. Xususan, uchrashuvda Shayx Alijon qori hafizahulloh Qur’oni karimni yodlash fazilatlari, bu borada yaratilgan shart-sharoitlarning qadriga yetish, shukrona keltirish, vaqtdan unumli foydalanish kabi mavzularda go‘zal mav’iza qilib berdilar.
Haqiqatan, Qur’oni karimni yodlash, oyatlar ma’no-mazmunlarini tafakkur va tadabbur qilish ibodat va chinakam saodatdir.
Usmon ibn Affon roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Sizlarning yaxshilaringiz Qur’oni karimni o‘rgangan va o‘rgatganlaringizdir", deb marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati