Bismillahir Rohmanir Rohiym
Rivoyat qilishlaricha, Abu Yusuf rahimahullohga Hotamul Asom degan zot masjidda zuhddan ma’ruza qilayotgan emish degan xabar keldi. Shunda u kishi shogirdlariga: qani borib eshitaylikchi, nimalar haqida gapirayotgan ekan, deb masjidga bordilar va Hotamul Asomga: “Ey yigit, menga namoz haqida gapirib ber”, dedilar.
Hotamul Asom: “Namozning odoblari haqida aytib beraymi yoki uning kayfiyati haqida so‘rayapsizmi?” dedi.
Abu Yusuf uning bu gapidan taajjubga tushdilar va ichlarida: “Biz undan bitta narsani so‘rasak, u ikkita narsani aytmoqchi”, dedilar. “Mayli bizga namozning odoblari haqida aytib beraqol”, dedilar.
Hotamul Asom so‘z boshladi: “Namozning odoblari budir: Yaratganning amriga itoat etib o‘rindan turmoqlik, savob umidida namozgohga bormoqlik, niyat ila namozga kirmoqlik, Allohni ulug‘lab takbir aytmoqlik, tartil bilan qiroat qilmoqlik, xushu’ ila ruku’ qilmoq, xuzu’ ila sajdaga yiqilmoq, ixlos bilan tashahhud aytmoq, rahmat tilab salom bermoq”, dedi.
Abu Yusuf rahimahulloh: “Endi namozning kayfiyati haqida gapirib ber”, dedilar.
Hotamul Asom so‘z boshladi: “Ka’bani ikki qoshingiz orasiga olasiz, mezonni ko‘z o‘ngingizga keltirasiz, sirot ko‘prigini oyog‘ingiz ostiga, o‘ng yoningizga jannatni, chap yoningizga do‘zaxni keltirasiz, ortingizda esa, o‘lim farishtasi poylab yuribdi. Ana shundan keyin namozingiz qabul bo‘ldimi yoki rad etildimi, shuni o‘ylaysiz”, dedi.
Abu Yusuf so‘radilar: “Sen qachondan beri namozni shunday kayfiyatda o‘qiysan?”.
Hotamul Asom: “Yigirma yildan beri shunday namoz o‘qiyman”, deb javob berdi.
Shundan keyin Abu Yusuf rahimahulloh shogirdlari tomon o‘girilib: “Yuringlar, borib ellik yillik namozimizni qaytadan qazo qilib o‘qib olamiz”, dedilar.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Abu Said Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalaridan bir nechtasi safarga chiqishdi. Ular arab mahallalaridan biriga tushib, mehmon qilishini so‘rashdi. Mahalladagilar esa ularni mehmon qilishdan bosh tortishdi. Nogahon, ana shu mahalla oqsoqolini bir narsa chaqib oldi. Unga hamma narsani qilib ko‘rishdi, ammo foyda bermadi. Ba’zilar: «Ana u mehmonlarga boringlar-chi, shoyad, ularda biror narsa bo‘lsa?» deyishdi. Ular borib: «Ey mehmonlar jamoasi, bizning boshlig‘imizni bir narsa chaqib oldi. Hamma harakatni qilib ko‘rdik, ammo foyda bermadi. Sizlarda biror narsa bormi?» deb so‘rashdi.
Mehmonlardan bittasi: «Allohga qasamki, men dam solinadigan bir duoni bilaman. Lekin sizlardan bizni mehmon qilishingizni so‘raganimizda, rad etdinglar. Bizga bu duoning evaziga biror narsa bermasanglar, uni aytmayman», dedi. Ular bir to‘da qo‘y berishga kelishib olishdi. Shunda u sahoba «Alhamdu lillahi Robbil ’alamiyn»ni (ya’ni, Fotiha surasini) o‘qib sufladi. Oqsoqol go‘yo arqon yechilganidek harakatga keldi. Unda biror og‘riq qolmay yurib ketdi. Keyin ular kelishilgan narsani berishdi. Sahobalar: «Uni taqsimlanglar», deyishgan edi, dam solgan kishi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan bu to‘g‘rida so‘rab, bizga biror narsani buyurmagunlaricha taqsimlamanglar», dedi. Sahobalar Nabiy sollallohu alayhi vasallam huzurlariga borib, bu voqeani aytib berishdi. Shunda u zot: «Sen uning (Fotiha surasining) shifo ekanini qayerdan bilding? - dedilar, so‘ngra to‘g‘ri qilibsizlar, ularni taqsimlanglar. Menga ham ulush ajratinglar», deb Nabiy sollallohu alayhi vasallam kulib qo‘ydilar».
Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari.
Mana shu imom Buxoriyning rivoyatlari mukammalroqdir.
Boshqa rivoyatda esa: «Fotihani o‘qib, tufugini to‘plab suflab qo‘ydi. So‘ng haligi kishi tuzalib ketdi», deyiladi.
Imom Navaviyning «Al-Azkor» kitobidan