Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Nihoyat Makka fath qilindi. Unga o‘zligi qaytarildi. Tavhid qiblasi, mo‘minlar qalbining ma’shuqasi shirk botqog‘idan qutqarildi. Endi navbat butun arab jazirasini shirkdan qutqarishga kelgan edi.
Nabiy sollallohu alayhi vasalom islom arsloni Ali ibn Abi Tolib roziyallollohu anhuni chaqirdilar. U zotni qo‘shinga bosh qilib, Toy qabilasi buti Fulsni parchalagani yubordilar.
Hazrati Ali karramallohu vajhahu qo‘shin bilan borib yuklatilgan vazifani a’lo darajada bajarib asirlar bilan Madinaga qaytdilar. Asirlarni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam nima qilish haqida mashvarat qilish uchun masjid oldida qo‘ydilar.
Ertasi kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam masjidga kirayotganlarida u zotni asir ayollardan biri to‘xtatib dedi:
– Ey Muhammad! Agar mumkin bo‘lsa meni ozod qilsang. Arablar mendan kulishmasa yaxshi bo‘lar edi. Otam o‘ldi. Kelib-ketuvchilar to‘xtadi. Menga iltifot qil, Alloh ham senga iltifot qilsin! Otam qavmining sayyidi edi. U qiynalganlarga yordam qilar, jinoyat qilganlarni avf qilar, qo‘shnichilikni saqlar, sharafni himoya qilar, faqirlarni suyar, ularga taom berar, salomni tarqatar, yuki og‘irlarning yukini ko‘tarar, taqdir zarbalariga uchraganlarga yordam berar edi. Hojatini so‘rab kelgan biror kishini noumid qilgan emas. Men Hotam Toiyning qizi Saffona bo‘laman.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga dedilar:
– Bular haqiqiy musulmonning sifatlaridir. Agar otang musulmon bo‘lganida biz Allohdan unga rahm qilishini so‘ragan bo‘lar edik.
So‘ngra sahobalarga qarab:
– Uni qo‘yib yuboringlar. Uning otasi go‘zal axloqqa da’vat qilar edi, dedilar.
Yuqoridagi sifatlar haqiqatdan ham musulmonlarning sifati. Biz e’tibor beradigan joy mana shu yer.
Haqiqiy din masjidda emas, joynamoz ustida ham emas.
Haqiqiy din tijorat va mansabdagi omonatdorlikda.
Haqiqiy din ota-ona oldidagi kamtarlikda.
Haqiqiy din aka-ukalar va opa-singillarga qilinadigan yaxshilikda.
Haqiqiy din jufti halolning aziyatiga sabr etish va farzandlarga rahm qilishda.
Haqiqiy din qo‘shnilaring bilan qilinadigan muomalada.
Haqiqiy din bemorga pul yig‘ilganida baxillik qilmaslikda.
Haqiqiy din birov g‘iybat qilinganda g‘iybatchilarga qo‘shilib ketmaslikda.
Haqiqiy din odamlarning aybini yashirishda.
Haqiqiy din ishonib aytilgan sirni saqlay olishda.
Tavhid, namoz, ro‘za va boshqa ibodatlar Allohning bandalari ustidagi haqqidir. Ular dinning yarmi. Qolgan yarmi esa, boshqalar bilan qanday muomala qilishingdadir.
Hayotda ko‘rinmaydigan dindorlik ichi bo‘sh dindorlikdir.
Seni yumshoq, saxiy va birovga zarari tegmaydigan bo‘lishingni ta’minlamagan iymon nuqsonli iymondir.
To‘g‘ri, kishi agar kufrda vafot etsa bu axloqlar unga foyda bermaydi. Ammo xulqsiz iymon ham oqsoq iymondir.
Ushbu ibrat naqadar o‘rinli: «Dinning barchasi xulqdir. Kim sendan xulqda o‘zib ketgan bo‘lsa, demak dinda o‘zib ketibdi!».
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Albaniyaning Tirana shahrida o‘tkazilayotgan Islom birdamligi sport assotsiatsiyasi (ISSA)ning 13-Bosh assambleyasida milliy sportimiz kurash 2025 yili Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida tashkil etiladigan Islom birdamlik o‘yinlari dasturiga kiritilgani e’tirof etildi.
Dunyoning ko‘plab davlatlaridan delegatlar, sport tashkilotlarining mutasaddilari, xalqaro sport federatsiyalarining rahbarlari qatnashib, Islom birdamlik o‘yinlari tizimidagi sport turlari, texnik-taktik jihatlar, musobaqalar taqvimi ko‘rib chiqildi, muhokama qilindi.
Assambleyada delegatlarning taklifi va qo‘llab-quvvatlashi natijasida o‘zbek sporti - kurash Islom birdamlik o‘yinlari tizimidan joy olgani e’lon qilindi.
Assambleya yig‘ilishi doirasidagi tadbirlarda Xalqaro kurash assotsiatsiyasi rahbariyati ISSA mutasaddilari bilan kurashni xalqaro maydonda rivojlantirish, uning ommaviyligini ta’minlash borasida fikrlashildi.
Muhokamalar jarayonida IKA va ISSA texnik vakillari kurash musobaqalariga tegishli masalalar, xususan vazn toifalari, hakamlik, qur’a tashlash, translyatsiya, jihozlar, inventarlar va boshqa texnik tafsilotlar borasida ishchi guruh yig‘ilishini o‘tkazish lozimligini ta’kidladi. Kelishuvlarga erishildi.
Ota-bobolarimizdan meros kurashning sport turi sifatida xalqaro maydonda ommalashayotgani, qamrovi yildan yilga kengayayotgani barchamizga cheksiz iftixor bag‘ishlashi shubhasiz. Islom birdamlik o‘yinlari tizimidagi rasmiy sport turlaridan biri bo‘lgani esa Olimpiada sari tashlangan muhim qadam, deyish mumkin.