Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Dekabr, 2024   |   23 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:21
Quyosh
07:47
Peshin
12:28
Asr
15:18
Shom
17:02
Xufton
18:22
Bismillah
24 Dekabr, 2024, 23 Jumadul soni, 1446

Qayg‘ularingizni kichik xursandchiliklar bilan quving!

30.09.2024   5213   2 min.
Qayg‘ularingizni kichik xursandchiliklar bilan quving!

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qalblariga surur baxsh etadigan, jonlariga oro kiradigan amallarni, g‘am-tashvishlar quyundek yopirilganda qayg‘ularini aritish uchun talpinadigan bir qancha amallarni aytganlar. Bu esa u zotning biz ummatlariga ulkan hadyalaridan biridir.

U zot sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: «Bu dunyoda menga jufti halollarim va yoqimli iforlar mahbub qilindi. Ko‘zimning quvonchi esa namoz bo‘ldi».

Ushbu nabaviy hadisni yaxshilab mulohaza qiladigan bo‘lsak, qisqagina bo‘lsa ham, unda qayg‘ularni muolaja qiladigan ulkan, nafis qoidalar, baxtli hayot uchun go‘zal namunalar mujassam.

Buni sizga quyida bayon qilib beraman:

Birinchidan, yuqoridagi hadisni eshitganingizda xayolingizdan nimalar o‘tdi? Balki «Hadisda aytilgan uch narsa bu dunyoda Rasulullohga ma’qul bo‘lgan ekan. Xo‘sh, men-chi? Bu dunyoda men nimalarni yoqtiraman, nima qilganimda rohatlanaman?» degan o‘rinli savol tug‘ilgandir?

Mana, Nabiy sollallohu alayhi vasallam bizga bu dunyoda yoqtirgan narsalarini sanab, aytib berdilar. Keling, biz ham Rasulullohga ummat o‘laroq ergashib, o‘zimiz uchun bu dunyoda mahbub bo‘lgan, halol bo‘lgan, bajarganda zavq tuyadigan ishlarni qalbimiz tubidan qidirib, ularni aniqlab olaylik!

Ikkinchidan, sevikli Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam yoqtiradigan uch narsa haqida ozgina tafakkur qilsak, bu uch narsa uch jihatni o‘z ichiga olishini ko‘ramiz. Masalan, xushbo‘ylik moddiy narsalarni ifodalasa, ayollar ijtimoiy va shaxsiy hayotni tasvirlaydi, namoz esa ibodat jumlasidan.

Uchinchidan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘zlari yoqtiradigan, qalblari taskin topadigan narsalarni bilardilar. Shuning uchun qiyinchilik va musibat vaqtida qayg‘ularini yengillatish uchun shular tomon oshiqar edilar. Masalan, u zot namozni sevardilar, chunki namozda Alloh taologa yaqinlashish bor. Shunng uchun qachon qayg‘uga botsalar, namozga oshiqardilar.

Huzayfa ibn Yamon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Biron narsa Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni qattiq ranjitsa, u zot namoz o‘qirdilar».

Boshqa bir rivoyatda: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam biror narsadan xafa bo‘lsalar, namoz o‘qirdilar», deyilgan.

Demak, Rasululloh biror narsadan ranjisalar yoki qayg‘uga botsalar, avvalo namozga talpinar ekanlar.

Boshqa maqolalar
Maqolalar

Menda ko‘rganlaringni boshqalarga aytmagin!

23.12.2024   880   1 min.
Menda ko‘rganlaringni boshqalarga aytmagin!

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Bir kuni imom Abu Hanifa rahimahulloh xufton namozini masjidning muazzini ortidan o‘qidi. Muazzin namozda “Zilzala” surasini tilovat qildi. Namoz tugagach, odamlar masjiddan chiqib ketishdi va faqat imom Abu Hanifa va muazzin qolishdi.

Muazzin aytadi: “Men Abu Hanifaga qarasam, u o‘yga cho‘mgan holda o‘tirgan, chuqur-chuqur nafas olar edi. Men uning xayolini buzmaslik uchun turib chiqib ketdim. Masjiddan chiqaturib fonusni qoldirdim, uning ichida juda ozgina moy qolgan edi”.

Ertasiga tong paytida masjidga qaytsam, u hali ham o‘sha joyida o‘tirgan ekan. Pichirlab bunday der edi: Ey, zarracha yaxshilik uchun yaxshilik beradigan Zot! Ey, zarracha yomonlik uchun yomonlik beradigan Zot! No‘mon qulingni do‘zaxdan asra va O‘z rahmatingga olgin!.

Muazzin aytadi: Men kirsam fonus hali ham yonib turgan ekan.

Abu Hanifa meni ko‘rdida: Fonusni olmoqchimisan? deb so‘radi. Bilsam, u hali ham xufton vaqti deb o‘ylagan ekan. Shunda men: Ey hazrat, tong otdi! dedim. Shunda Abu Hanifa: Menda ko‘rganlaringni boshqalarga aytmagin! dedi.

Homidjon domla ISHMATBЕKOV

Maqolalar