Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qalblariga surur baxsh etadigan, jonlariga oro kiradigan amallarni, g‘am-tashvishlar quyundek yopirilganda qayg‘ularini aritish uchun talpinadigan bir qancha amallarni aytganlar. Bu esa u zotning biz ummatlariga ulkan hadyalaridan biridir.
U zot sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: «Bu dunyoda menga jufti halollarim va yoqimli iforlar mahbub qilindi. Ko‘zimning quvonchi esa namoz bo‘ldi».
Ushbu nabaviy hadisni yaxshilab mulohaza qiladigan bo‘lsak, qisqagina bo‘lsa ham, unda qayg‘ularni muolaja qiladigan ulkan, nafis qoidalar, baxtli hayot uchun go‘zal namunalar mujassam.
Buni sizga quyida bayon qilib beraman:
Birinchidan, yuqoridagi hadisni eshitganingizda xayolingizdan nimalar o‘tdi? Balki «Hadisda aytilgan uch narsa bu dunyoda Rasulullohga ma’qul bo‘lgan ekan. Xo‘sh, men-chi? Bu dunyoda men nimalarni yoqtiraman, nima qilganimda rohatlanaman?» degan o‘rinli savol tug‘ilgandir?
Mana, Nabiy sollallohu alayhi vasallam bizga bu dunyoda yoqtirgan narsalarini sanab, aytib berdilar. Keling, biz ham Rasulullohga ummat o‘laroq ergashib, o‘zimiz uchun bu dunyoda mahbub bo‘lgan, halol bo‘lgan, bajarganda zavq tuyadigan ishlarni qalbimiz tubidan qidirib, ularni aniqlab olaylik!
Ikkinchidan, sevikli Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam yoqtiradigan uch narsa haqida ozgina tafakkur qilsak, bu uch narsa uch jihatni o‘z ichiga olishini ko‘ramiz. Masalan, xushbo‘ylik moddiy narsalarni ifodalasa, ayollar ijtimoiy va shaxsiy hayotni tasvirlaydi, namoz esa ibodat jumlasidan.
Uchinchidan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘zlari yoqtiradigan, qalblari taskin topadigan narsalarni bilardilar. Shuning uchun qiyinchilik va musibat vaqtida qayg‘ularini yengillatish uchun shular tomon oshiqar edilar. Masalan, u zot namozni sevardilar, chunki namozda Alloh taologa yaqinlashish bor. Shunng uchun qachon qayg‘uga botsalar, namozga oshiqardilar.
Huzayfa ibn Yamon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Biron narsa Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni qattiq ranjitsa, u zot namoz o‘qirdilar».
Boshqa bir rivoyatda: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam biror narsadan xafa bo‘lsalar, namoz o‘qirdilar», deyilgan.
Demak, Rasululloh biror narsadan ranjisalar yoki qayg‘uga botsalar, avvalo namozga talpinar ekanlar.
Savol: O‘qilgan namozimdan ko‘nglim to‘lmadi. Shu namozni qayta o‘qishim kerakmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu masalaning biroz tafsiloti bo‘lib, unga ko‘ra namoz quyidagi holatlarda qayta o‘qilishi lozim:
• Namozda biror farz amal bajarilmay qolib ketgan bo‘lsa;
• Namozda biror vojib amal qasddan bajarilmay qolib ketsa;
• Namozda biror vojib amal unutib bajarilmasa va namoz oxirida sajdai sahv ham qilinmay tugatilgan bo‘lsa.
Agar namozda sunnat amallar tark qilingan bo‘lsa yoki namoz makruhlik bilan o‘qilgan bo‘lsa, u holda namozni qayta o‘qish vojib emas, balki mustahab (chiroyli sanalgan) ish hisoblanadi. Ushbu holatda qaytadan o‘qimasa ham gunohkor sanalmaydi.
Savolda so‘ralgan holatga kelsak, ko‘ngil to‘lmasligi yuqorida sanab o‘tilgan farz yoki vojib amal tark qilingan holatlar sababli bo‘lsa, namoz qayta o‘qilishi kerak. Ammo haqiqatda sobit bo‘lmagan shubha-gumonlar, vasvasalar sababli ko‘ngil to‘lmayotgandek bo‘lsa, u holda namozni qayta o‘qilmaydi. Chunki ko‘p hollarda “ko‘nglim to‘lmayapti”, deb namozni qayta-qayta o‘qiyverish insonni o‘ziga bo‘lgan ishonchini yo‘qotadi va vasvasa kasaliga chalinishiga olib keladi.
Shunday ekan, namozda bajariladigan farz, vojib, sunnat amallar haqida yaxshi o‘rganish, eng asosiysi turli xayollarga chalg‘imasdan namozni e’tibor bilan ado etish lozim bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.