Bugun, 30 sentyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida Robiul avval oyi munosabati bilan Nabiy alayhissalom siyratlariga bag‘ishlangan mavlidi sharif, Muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining “Rabboniy nidolar” va “Yoshlarga nasihatim” kitoblari taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbir Qur’oni karim tilovati va Muftiy hazratlarining duolari bilan boshlandi.
Marosimda so‘zga chiqqan notiqlar Haq taolo diyorimizga behisob xayru barakalarini yog‘dirayotgani, so‘nggi yillarda yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan ishlarni ota-bobolarimiz yuz yillar davomida orzu qilishgani, xususan, Robiul avval oyida yurtimizdagi masjidlarda mavlidlar o‘qilishi, diniy ta’lim muassasalari soni tobora ortib, ustoz va talabalarga eng yaxshi sharoitlar qilib berilayotgani, yuzlab kitoblar nashr etilayotganini alohida ta’kidladilar.
Shuningdek, Muftiy hazratlari muallifliklaridagi hadisi qudsiy va yoshlar tarbiyasiga oid mazkur kitoblarni mutolaa qilgan kitobxon dinimiz mohiyatini yanada teran anglashi, “Rabboniy nidolar” o‘zbek tilida qudsiy hadislar jamlanib, mo‘tabar manbalar asosida sharhlangan ilk nashr ekani, “Yoshlarga nasihatim” kitobida yoshlarga oid muhim masalalar sodda, ravon va ta’sirchan uslubda yozilganiga urg‘u qaratildi.
Ta’kidlash joizki, joriy “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da yurtimizda davlatimiz Rahbari tashabbusi bilan ko‘plab xayrli ishlar amalga oshirilmoqda. “Yoshlarga nasihatim” kitobi ham ana shu tashabbusdan ilhom olib yozilgan.
Kitobni mutolaa qilgan o‘quvchi o‘zini buyuk ajdodlarimizning vorisi ekanligini tasavvur etadi hamda ularga munosib avlod bo‘lishga, bilim olib yetuk shaxs bo‘lib voyaga yetishishga, yurtimiz ravnaqi va xalqimiz farovonligi yo‘lida xizmat qilishga bel bog‘laydi. Zero, kitobdan ko‘zlangan asl maqsad ham shu aslida.
So‘ng Robiul avval – Rasululloh sollallohu alayhi va sallam tavallud topgan oy munosabati bilan Payg‘ambarimizning hayot yo‘llari, u zotning butun ummatga, barcha insoniyatga ezgulikda namuna ekanliklari oyat va hadislar, mavlidi shariflar va turli ijodiy chiqishlar orqali namoyon etildi.
Tadbir so‘nggida Muftiy hazratlari so‘zga chiqib, siyrat oyida Muhammad sollallohu alayhi vasallam xusni xulqlarini o‘rganish va ularni farzandlarimizga o‘rgatish inson ruhiy olamini boyitishi, mazkur kitoblar xalqimiz, ayniqsa, yoshlarni ilm-ma’rifatli qilish yo‘lidagi kamtarona urinish ekanini izhor etdilar. Shuningdek, mana shunday ma’rifiy tadbirlarni o‘tkazishdan maqsad, xalqimizni, ayniqsa, yoshlarni komil inson qilib tarbiyalash, ilm-ma’rifat, ta’lim-tarbiyasini yuksaltirish hamda yurtimiz rivoji, dinimiz rivoji va xalqimiz faravonligiga hissa qo‘shadigan munosib avlodni tarbiyalash ekanini bayon etdilar.
Qasidalar, munojotlar va salovoti shariflar marosimga o‘zgacha fayz baxsh etdi.
Bahriddin Xushboqov,
Farrux Yo‘ldoshev (surat),
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bir qishloqda jahli tez chiqadigan, o‘zini boshqa olmaydigan o‘spirin yigit bor ekan. Kunlardan birida otasi unga har gal jahli chiqqanida bir mix olib, uyning oldidagi daraxtga qoqishini aytdi.
O‘g‘il shunday qila boshladi. Bir necha mix qoqilgan daraxtni ko‘rib, yigitning unga rahmi keldi. O‘zini boshqarishni, sabrli bo‘lishni o‘rgandi. Daraxtga mix qoqmay qo‘ydi. Buni ko‘rgan ota endi o‘g‘liga qoqilgan mixlarni sug‘urib tashlashni buyurdi. O‘g‘il otasining aytganini bajardi.
Daraxtning yaralari bitib, o‘rnida chandiqlar paydo bo‘ldi. Ota o‘g‘liga:
– Qara, o‘g‘lim! Qoqilgan har bir mix bu daraxtni yaralagan edi. Ularni sug‘urib tashlagan taqdiringda ham, o‘rni, chandiqlari qoldi. Endi daraxtning ana shu joylari mo‘rtlashib, qurt tushadi va uni yemiradi.
O‘g‘il boshini egib qoldi. Ota so‘zida davom etdi:
– Bu-ku bir daraxt ekan, Alloh taolo azizu mukarram qilib yaratgan inson zotining qalb atalmish daraxtiga ham ba’zan til atalmish bolg‘a bilan so‘z atalmish mixlar qoqiladi. Garchi keyin xatolar tan olinib, uzr so‘ralib, u “mix”lar sug‘urib olinsa-da, o‘rnida chandig‘i, dog‘i qoladi... Sen o‘shanday mixlarni qoqishdan saqlan. O‘zingni idora qilishni, jahlingni jilovlashni o‘rgan!..
Darhaqiqat, inson qalbi go‘yo nafis bir oynaga o‘xshaydi. U darz ketsa, keyin hech qachon aslidagidek tiklanmaydi. Shunday ekan, har doim Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga o‘xshab muomila qilishni o‘rganaylik hech bo‘lmasa harakat qilaylik. Alloh hammamizni to‘g‘ri yo‘ldan adashtirmasin! Zero, ko‘ngil – Yaratganning nazargohidir.
Qudsiy hadislardan birida Alloh taolo: “Men sizlarning na suratingizga va na chiroylaringizga qarayman. Balki qalblaringizga qarayman va sizlardagi yaxshi xislatlardan rozi bo‘laman”, degan.
Akbarshoh Rasulov