Bugun, 30 sentyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida Robiul avval oyi munosabati bilan Nabiy alayhissalom siyratlariga bag‘ishlangan mavlidi sharif, Muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining “Rabboniy nidolar” va “Yoshlarga nasihatim” kitoblari taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbir Qur’oni karim tilovati va Muftiy hazratlarining duolari bilan boshlandi.
Marosimda so‘zga chiqqan notiqlar Haq taolo diyorimizga behisob xayru barakalarini yog‘dirayotgani, so‘nggi yillarda yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan ishlarni ota-bobolarimiz yuz yillar davomida orzu qilishgani, xususan, Robiul avval oyida yurtimizdagi masjidlarda mavlidlar o‘qilishi, diniy ta’lim muassasalari soni tobora ortib, ustoz va talabalarga eng yaxshi sharoitlar qilib berilayotgani, yuzlab kitoblar nashr etilayotganini alohida ta’kidladilar.
Shuningdek, Muftiy hazratlari muallifliklaridagi hadisi qudsiy va yoshlar tarbiyasiga oid mazkur kitoblarni mutolaa qilgan kitobxon dinimiz mohiyatini yanada teran anglashi, “Rabboniy nidolar” o‘zbek tilida qudsiy hadislar jamlanib, mo‘tabar manbalar asosida sharhlangan ilk nashr ekani, “Yoshlarga nasihatim” kitobida yoshlarga oid muhim masalalar sodda, ravon va ta’sirchan uslubda yozilganiga urg‘u qaratildi.
Ta’kidlash joizki, joriy “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da yurtimizda davlatimiz Rahbari tashabbusi bilan ko‘plab xayrli ishlar amalga oshirilmoqda. “Yoshlarga nasihatim” kitobi ham ana shu tashabbusdan ilhom olib yozilgan.
Kitobni mutolaa qilgan o‘quvchi o‘zini buyuk ajdodlarimizning vorisi ekanligini tasavvur etadi hamda ularga munosib avlod bo‘lishga, bilim olib yetuk shaxs bo‘lib voyaga yetishishga, yurtimiz ravnaqi va xalqimiz farovonligi yo‘lida xizmat qilishga bel bog‘laydi. Zero, kitobdan ko‘zlangan asl maqsad ham shu aslida.
So‘ng Robiul avval – Rasululloh sollallohu alayhi va sallam tavallud topgan oy munosabati bilan Payg‘ambarimizning hayot yo‘llari, u zotning butun ummatga, barcha insoniyatga ezgulikda namuna ekanliklari oyat va hadislar, mavlidi shariflar va turli ijodiy chiqishlar orqali namoyon etildi.
Tadbir so‘nggida Muftiy hazratlari so‘zga chiqib, siyrat oyida Muhammad sollallohu alayhi vasallam xusni xulqlarini o‘rganish va ularni farzandlarimizga o‘rgatish inson ruhiy olamini boyitishi, mazkur kitoblar xalqimiz, ayniqsa, yoshlarni ilm-ma’rifatli qilish yo‘lidagi kamtarona urinish ekanini izhor etdilar. Shuningdek, mana shunday ma’rifiy tadbirlarni o‘tkazishdan maqsad, xalqimizni, ayniqsa, yoshlarni komil inson qilib tarbiyalash, ilm-ma’rifat, ta’lim-tarbiyasini yuksaltirish hamda yurtimiz rivoji, dinimiz rivoji va xalqimiz faravonligiga hissa qo‘shadigan munosib avlodni tarbiyalash ekanini bayon etdilar.
Qasidalar, munojotlar va salovoti shariflar marosimga o‘zgacha fayz baxsh etdi.
Bahriddin Xushboqov,
Farrux Yo‘ldoshev (surat),
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Buyuk shoir va mutafakkir, davlat arbobi, Sharq Uyg‘onish davrining yorqin namoyandasi Mir Alisher Navoiyning porloq nomi va bebaho merosi xalqimiz tarixida, milliy ma’naviyatimiz va adabiy-estetik tafakkurimiz rivojida g‘oyat muhim o‘rin tutadi. Ulug‘ ajdodimiz o‘zining o‘lmas asarlarida ona tilimizning so‘z boyligi va ifoda imkoniyatlarini butun jozibasi va latofati bilan namoyon etib, o‘zbek adabiy tiliga asos soldi. Ayni paytda o‘zbek mumtoz adabiyotining shakllanishi va takomilida hech kim Navoiydek beqiyos xizmat qilgan emas, desak, ayni haqiqatdir.
Alisher Navoiy umumbashariy madaniyat rivojiga ulkan hissa qo‘shgan Gomer va Dante, Servantes va Shekspir, Gyote va Tolstoy, Nizomiy Ganjaviy va Hofiz Sheroziy kabi jahon adabiyotining daholari safida turadi. G‘arb olamida Tristan va Izolda, Romeo va Juletta singari qahramonlar qanchalik mashhur va jozibali bo‘lsa, Sharq dunyosida hazrat Navoiy yaratgan Farhod va Shirin, Layli va Majnun kabi adabiy personajlar ham shu qadar sevimli va qadrlidir.
Alisher Navoiyning asosiy fenomeni – u buyuk insonparvar va yuksak ideal sohibidir. Shoir hayot va adabiyotdagi asosiy orzusi – komil inson g‘oyasini tarannum etish va uni butun dunyoga targ‘ib qilish borasida ulkan ma’naviy jasorat ko‘rsatgani alohida e’tiborga loyiqdir.
Asrlar davomida shoir asarlaridan bahramand bo‘lib kelayotgan minglab insonlar, ular qaysi millat va elat vakili bo‘lmasin, jahonning qaysi mamlakatida yashamasin, o‘z zamonasining barcha ijtimoiy-ma’naviy muammolariga, o‘zlarini qiynayotgan savollarga javob topa oladilar. Chunki biron-bir hayotiy masala, qadriyat va tuyg‘ular, fazilat va illatlar yo‘qki, Navoiy qalamga olmagan bo‘lsa!
Buyuk ajdodimizning o‘lmas merosi biz uchun, ayniqsa, bugungi murakkab globallashuv davrida har qachongidan ham dolzarb va zarurdir. Bu bebaho xazina tinch va barqaror, erkin va obod hayot barpo etish yo‘lida bashariyatga katta ma’naviy kuch baxsh etadi.
Ulug‘ gumanist Alisher Navoiy hamisha xalqning dard-u tashvishi bilan yashagani, umr bo‘yi yordam va ko‘makka muhtoj insonlarga mehr-muruvvat ko‘rsatib, ilm-fan, san’at va adabiyot ahliga homiylik qilgani bu mumtoz siymoning yana bir ibratli fazilatidir. Uning mamlakat poytaxti Hirot shahrining o‘zida o‘z mablag‘lari hisobiga uch yuz saksondan ortiq ijtimoiy muassasa – madrasa va masjidlar, shifoxona va kutubxonalar, hovuz va ariqlar, yo‘l va ko‘priklar, bog‘ va xiyobonlar barpo ettirgani, adib va olimlar, rassom va me’morlar, sozanda va xonandalar, mohir hunarmandlarni doimo moddiy va ma’naviy tomondan qo‘llab-quvvatlab kelgani ham bu fikrni tasdiqlaydi.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Shuhrat Sirojiddinovning o‘quvchilarga taqdim etilayotgan yangi asari – "Alisher Navoiy fenomeni" nomli kitobi buyuk shoir ijodi namunalari hamda ilmiy asoslangan tarixiy ma’lumotlar bilan jahon afkor ommasi, xususan, xalqaro ilmiy, madaniy-ma’rifiy markazlarini yaqindan tanishtirish maqsadida tayyorlangan. Ushbu muhtasham kitob dunyo ahli tomonidan Navoiy dahosiga qiziqish o‘z davridan to bugungi kunga qadar so‘nmay kelayotgani va tobora ortib borayotganidan dalolat beradi.
Shoirlar sarvari, mutafakkirlar peshvosi, buyuk qalb sohibi Mir Alisher Navoiyning barhayot merosi, umrboqiy asarlari yer yuzidagi yangi-yangi avlodlarni tarbiyalab, olam ahlini doimo yaxshilik va ezgulikka, mehr-oqibat, do‘stlik va hamjihatlikka chorlab turadi.
Shavkat MIRZIYOEV,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
"Jadid" gazetasining 2025 yil 7 fevraldagi 6-sonida