"O‘qituvchi va murabbiylar kuni" arafasida Qo‘qon shahridagi "Amiriy" kutubxonasida Qo‘qon shahar bosh imom-xatibi Abdumajid domla Isaqovning "Bahrul-mahabba", "Zamzam suvining fazilatlati" va "Ahlingizni asrang, azizlar" kitoblari taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Taqdimotda shahar hokimi Ma’rufjon Usmonov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Farg‘ona viloyati vakilligi bosh muhtasibi Iqboljon Ahmadaliyev va bir qator mutasaddilar ishtirok etib, o‘z fikr-mulohaza va tabriklarini izhor qildilar.
Taqdimotda so‘zga chiqqanlar tomonidan Abdumajid domlaning din va vatan rivoji yo‘lida amalga oshirayotgan samarali xizmatlari tilga olinib, xalqimizga tuhfa qilingan yangi nashrlar yoshlarni imon-e’tiqodli, vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash, ayniqsa, yosh oilalar uchun "Ahlingizni asrang, azizlar" kitobi ayni vaqtida nashr etilganini e’tirof etdilar.
Tadbirda yakunida Abdumajid domla Isaqovga Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi miqyosida tashkil etilgan "Yurt iftixori" esdalik nishoni topshirilib, ustozning kelgusi faoliyatlariga muvaffaqiyat tilandi.
Farg‘ona viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
Ajdodlarimizning muqaddas xotirasini yod etib, ezgu ishlarini davom ettirish, safimizda yurgan keksalarni e’zozlash – odamiylikning oliy mezoni va xalqimizga xos azaliy qadriyat ekanligining dalolatidir.
9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining tashabbuslari doirasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida xizmat qilib, nafaqaga chiqqan bir guruh faxriylar holidan xabar olindi.
Ziyorat davomida Diniy idora tizimida uzoq yillar samarali mehnat qilgan, yoshlarga ibrat bo‘lgan ustozlar uylariga borilib, ularga ehtirom bildirildi. Hadyalar ulashildi.
Shu bilan birga, shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, Abdurashid qori Bahromov, Usmonxon domla Alimov, Abdurazzoq hoji Yunusov, Anvar qori Tursunov kabi marhum ulug‘larimizning xonadonlariga borilib, oila ahllari holidan xabar olindi.
Shuningdek, bunday tadbirlar joylardagi vakilliklar tomonidan ham amalga oshirilib, hech kim e’tibordan chetda qolmadi. Bunday tadbirlar orqali Islom dinida o‘tganlar xotirasiga ehtirom, tiriklarni qadrlash, ustozlar o‘gitlaridan bahramand bo‘lish kabi xayrli an’analar bardavom bo‘ladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati