Sayt test holatida ishlamoqda!
22 Dekabr, 2024   |   21 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:20
Quyosh
07:46
Peshin
12:27
Asr
15:17
Shom
17:01
Xufton
18:21
Bismillah
22 Dekabr, 2024, 21 Jumadul soni, 1446

Fahshdan qutula olmayapman

3.10.2024   4941   2 min.
Fahshdan qutula olmayapman

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Shayxlardan biri aytadi: “Kunlarning birida yosh yigit namozdan keyin mendan: “Iymonim sustlashib ketyapti, qanday qilib kuchli qilsam bo‘ladi?” deb so‘radi.

Men unga: “Yaxshiliklar qilishda bardavom bo‘l. Aslo gunohlar seni xayrli amallar qilishdan to‘sib qo‘ymasin. Chunki solih amallar iymonni baquvvat qilsa, gunohlar esa iymonni suslashtiradi. Agar sening yomon odatlaring bo‘lsa, ularni yaxshi amallarga o‘zgartir”, deb javob berdim.

Afsuski, bugungi kunda fahsh keng tarqalib, uning botqog‘iga botayotganlar ko‘payib bormoqda. Bu illat – davrimizning vabosi sanaladi. U nafaqat insonning ongiga, balki butun jismiga salbiy ta’sir etadi.

Fahshdan saqlanishning eng oson va samarali yo‘li bu – ko‘zni tiyish: “Sen mo‘minlarga ayt, ko‘zlarini tiysinlar va farjlarini saqlasinlar. Ana shu ular uchun pokdir. Albatta, Alloh nima hunar qilayotganlaridan xabardordir” (Nur surasi, 30-oyat).

Kimki fahsh aks etgan rasm yoki videoga ko‘zi tutishi bilan ko‘zini tiysa, Alloh uni ko‘rib turganini unutmasa, fahshdan qutulib qoladi. Ammo fahshga qarashdan nazarni tiymaslik esa shahvatni qo‘zg‘otadi, endi uni jilovlash va to‘xtatib qolish mushkul bo‘ladi.

Ko‘zni tiyish bandani nafaqat fahshdan uzoq qiladi, balki qalbiga xotirjamlikni bahsh etadi. Bu haqda hadisi qudsiyda: “Albatta, (nomahramga) nazar qilish iblisning zaharlangan o‘qlaridan biridir. Kim Mendan qo‘rqib, u (nazar)ni tark qilsa, badaliga bir iymon beramanki, uning halovatini o‘z qalbida topadi, deyilgan.

Agar Alloh qaytargan, harom qilgan narsalarga qarar ekansiz, siz Allohning bergan ne’matini zoye qilayotgan, undan noto‘g‘ri foydalanayotgan bo‘lasiz. Qiyomat kuni buning uchun albatta javob berasiz.

Shuningdek, fahshdan tiyilish uchun Allohga yolvorib iltijo qiling. Namozni o‘z vaqtida, xushu’-xuzu’ ila ado eting. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “...albatta, namoz fahsh va munkar (ishlar)dan qaytarur” (Ankabut surasi, 45-oyat).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kimning namozi uni fahsh ishlar va munkardan qaytarmas ekan, u namozi ila Allohdan faqatgina uzoqlashib boradi”, deganlar (Tabaroniy rivoyati).

Alloh taolo barchamizni O‘zining g‘azabi va azobiga sabab bo‘ladigan amallardan uzoq qilsin. O‘zining roziligini topadigan amallarda bardavom qilsin.

Davron NURMUHAMMAD

Boshqa maqolalar

Bolalarga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lishning zararlari

20.12.2024   35432   1 min.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati