Shu yilning 3 oktyabr kuni Ostona shahrida “Xoja Ahmad Yassaviy va uning ma’naviy merosi” nomli Turkiy davlatlar olimlarining xalqaro ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda turkiy davlatlar muftiylari, din va davlat arboblari taniqli ulamolar, mutasavvif olimlar va diniy soha xodimlari qatnashdi.
Anjuman avvalida Qozog‘iston Respublikasi parlamenti yuqori palatasi - Senat raisi Maulen Ashimbayev ushbu mamlakat Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev janoblarining ishtirokchilarga tabrigini yetkazdi.
Nufuzli anjumanda Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari so‘zga chiqib, Xoja Ahmad Yassaviy turkiy xalqlarning ma’naviy kamolotiga, axloqiy poklanishi va ruhiy olami boyishi yo‘lida buyuk xizmatlar qilgani, uning ma’naviy merosi bugungi kunda ham ta’lim-tarbiya ishida keng foydalanilayotgani, Ahmad Yassaviy Buxoroi sharifda ta’lim olgani, Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy kabilar bilan hamsuhbat bo‘lib, Yusuf Hamadoniyning shogirdi sanalishining ilmiy asoslarini keltirdilar.
Shuningdek, Muftiy hazratlari sohibqiron Amir Temur Xoja Ahmad Yassaviy maqbarasini Turkiston shahrida qurdirgani turkiy xalqlar qadimdan bunyodkorlik ishlarida o‘zaro ittifoq bo‘lganiga dalolat qilishi, bugungi zamonimizda ham bir ezgu maqsad yo‘lida birlashish ana shunday asrlarga tatigulik xayrli ishlarga sabab bo‘lishini ta’kidladilar.
Anjumanda so‘zga chiqqan olimlar Xoja Ahmad Yassaviy nafaqat Turk dunyosida, balki butun Islom olamida shuhrat qozongani, uning ta’limoti asrlar bo‘yi davom etib kelayotgani, u zot asos solgan Yassaviylik ta’limoti hamda asarlari uzoq yillardan buyon olimlar, tadqiqotchilarning diqqatini o‘ziga jalb qilib kelayotganini qayd etishdi. Shu bilan birga, Xoja Ahmad Yassaviyga mansub “Devoni hikmat” asari mazmun-mohiyati haqida so‘z yuritildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi Abdulhakim Oripov "Ahmad Yassaviy ta’limotining Qur’on va sunnatga mosligi" mavzusidagi ma’ruzasi bilan ishtirok etdi.
Xalqaro ilmiy-amaliy anjuman yakunida ishtirokchilarning murojaati e’lon qilindi. Unda Xoja Ahmad Yassaviy ezgu ta’limotlarini keng yoyish, komil inson bo‘lish uchun zarur sifatlarni yoshlar tarbiyasida qo‘llash, alloma merosini chuqur o‘rganish va tasavvuf rivojiga qo‘shgan hissasini targ‘ib etish kabi ishlarni yanada ommalashtirish lozimligi bayon etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Albaniyaning Tirana shahrida o‘tkazilayotgan Islom birdamligi sport assotsiatsiyasi (ISSA)ning 13-Bosh assambleyasida milliy sportimiz kurash 2025 yili Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida tashkil etiladigan Islom birdamlik o‘yinlari dasturiga kiritilgani e’tirof etildi.
Dunyoning ko‘plab davlatlaridan delegatlar, sport tashkilotlarining mutasaddilari, xalqaro sport federatsiyalarining rahbarlari qatnashib, Islom birdamlik o‘yinlari tizimidagi sport turlari, texnik-taktik jihatlar, musobaqalar taqvimi ko‘rib chiqildi, muhokama qilindi.
Assambleyada delegatlarning taklifi va qo‘llab-quvvatlashi natijasida o‘zbek sporti - kurash Islom birdamlik o‘yinlari tizimidan joy olgani e’lon qilindi.
Assambleya yig‘ilishi doirasidagi tadbirlarda Xalqaro kurash assotsiatsiyasi rahbariyati ISSA mutasaddilari bilan kurashni xalqaro maydonda rivojlantirish, uning ommaviyligini ta’minlash borasida fikrlashildi.
Muhokamalar jarayonida IKA va ISSA texnik vakillari kurash musobaqalariga tegishli masalalar, xususan vazn toifalari, hakamlik, qur’a tashlash, translyatsiya, jihozlar, inventarlar va boshqa texnik tafsilotlar borasida ishchi guruh yig‘ilishini o‘tkazish lozimligini ta’kidladi. Kelishuvlarga erishildi.
Ota-bobolarimizdan meros kurashning sport turi sifatida xalqaro maydonda ommalashayotgani, qamrovi yildan yilga kengayayotgani barchamizga cheksiz iftixor bag‘ishlashi shubhasiz. Islom birdamlik o‘yinlari tizimidagi rasmiy sport turlaridan biri bo‘lgani esa Olimpiada sari tashlangan muhim qadam, deyish mumkin.