1. Avtomobilni boshqarish bo‘yicha yetarli malakaga ega bo‘lgandagina haydash kerak.
Chunki mashina haydashni mukammal o‘rganmay turib, yo‘lga chiqish odamlarning hayoti va mulkiga zarar yetkazishga olib keladi.
Abu Said Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallahu alayhi vasallam: “Zarar berish ham zarar ko‘rish ham yo‘qdur”, dedilar (Ibn Moja, Doriqutniy va boshqalar rivoyati).
Islom har qanday ko‘rinishdagi zulmni harom qilgan. Insonlarning tug‘ilishidan to o‘limigacha va hatto vafotidan keyin ham zarar etkazishdan qaytaradi.
2. Muntazam ravishda mashinaga e’tibor berish, haydashdan oldin tekshirish lozim.
Alloh taolo: “...g‘ofillardan bo‘lma” (A’rof surasi, 205-oyat), “So‘ngra, o‘sha kunda, albatta, berilgan ne’matlardan so‘ralasiz” (Takaasur surasi, 8-oyat) deb marhamat qilgan.
Inson zavqlanadigan: oziq-ovqat, ichimlik, kiyim-kechak, turar joy, mashina, sog‘lik kabi ne’matlarning har biri uchun Qiyomat kunida javob beradi.
3. Xavfsizlik kamarini taqish talab etiladi.
Albatta, har bir ish Alloh taoloning izni va irodasi bilan bo‘ladi. Alloh eng yaxshi saqlaguvchi va U rahmlilarning eng rahmlisidir. Biroq, dinimiz sabab o‘laroq avvalo xavfsizlik choralarini ko‘rishni, keyin Allohga tavakkul qilishni buyuradi. Tajribalarda xavfsizlik kamari baxtsiz hodisa paytida halokatning darjasini yengillashtirishi va haydovchini dahshatli to‘qnashuvdan himoya qilishi ko‘p kuzatilgan.
4. Inson qadr-qimmatining ulug‘ligini unutmaslik.
Bu esa haydovchini haydashda juda ehtiyot bo‘lishga chaqiradi, Alloh taolo O‘z kitobida ta’kidlaganidek, “Kim bir jonni nohaqdan yoki yer yuzida fasod qilmasa ham o‘ldirsa, xuddi hamma odamlarni o‘ldirgan bo‘ladi” (Moida surasi, 32-oyat).
5. Ruxsat etilgan darajadagi tezlikka rioya qilish.
Belgilangan tezlik me’yoriga rioya qilmaslik baxtsiz hodisalar va ofatlarga, ko‘p holatlarda o‘limga sabab bo‘ladi. Alloh taolo bundan qaytaradi: “O‘zingizni o‘zingiz o‘ldirmang. Albatta, Alloh sizlarga rahimlidir” (Niso surasi, 29-oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Shoshmaslik Allohdandir va shoshqaloqlik shaytondandir”, deganlar
6. Yo‘l harakati qoidalariga rioya qilish va ularni buzmaslik.
Hatto yo‘l bo‘sh bo‘lsa ham sabrsizlik qilmaslik, shoshilmaslik lozim. Ozgina sabr qilmaslik o‘lim yoki og‘ir jarohatni keltirib chiqarishi mumkin. Inson o‘z tabiatiga ko‘ra sabrsiz va hamma narsani tezda amalga oshirishni xohlaydi. Zero, Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Inson shoshqaloq o‘laroq yaratilgandir” (Anbiyo surasi, 37-oyat), “Inson shoshqaloq bo‘lgandir” (Isro surasi, 11-oyat).
7. E’tiborni chalg‘itadigan narsalar bilan mashg‘ul bo‘lmaslik. Masalan, mobil telefondan tez-tez foydalanish, baland ovozda musiqa eshitish va hokazo.
Britaniyalik psixolog va professor doktor Saymon Murning o‘tkazgan tadqiqotiga ko‘ra, tez va baland ritmli qo‘shiqlar haydovchini qo‘shiq ritmiga mos keladigan tezlikni oshirishga sabab bo‘ladi.
8. Uyqusirab yoki uzoq vaqt uyqusiz qolganda mashina haydamaslik.
9. Avtomobilni qo‘yish uchun to‘g‘ri joy tanlash, chunki yo‘l hammaga tegishli. “Va tajovuzkor bo‘lmang. Albatta, Alloh tajovuzkor bo‘lganlarni xush ko‘rmas” (Baqara surasi, 190-oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi va ’alaa olihi vasallam: “Kim bir qarich yerni zulm qilib olsa, Alloh unga qiyomat kuni bo‘yniga yetti qavat yerni osib qo‘yadi”, deganlar (Imom Muslim. Imom Ahmad. Abu Ya’lo. Abu Avona. Imom Hokim. Bayhaqiy).
Alloh taolo yo‘llarimizni ravon va bexatar qilsin. Bizdan boshqalarga va o‘zgalardan bizga ozor yetishidan O‘zi asrasin.
Davron NURMUHAMMAD
O‘tgan 2024 yili O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondi rahbariyatining Qatar davlatining O‘zbekistondagi elchixonasida bo‘lib o‘tgan uchrashuv davomida xayriya yo‘nalishidagi bir qancha masalalar yuzasidan muzokaralar bo‘lib o‘tgan edi. Xususan, Qatar davlatining favqulodda va muxtor elchisi kam ta’minlangan oilalarga yordam ajratish, imkoniyati cheklangan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, ular uchun kasb va bilimga o‘rgatish kurslarini tashkil etish, zaruriy jihoz-uskunalar (eshitish moslamalari, nogironlik aravachalari, qo‘ltiqtayoq va protez ortopediya-mahsulotlari) bilan ta’minlash kabi bir qancha yo‘nalishlar doirasida fond bilan hamkorlik qilish istagini bildirgan edi.
Kecha ana shu muzokaralar natijasi o‘laroq, Qatar davlati mablag‘lari hisobiga xarid qilingan yuzdan oshiq nogironlik aravachalari va 80 ga yaqin qo‘ltiqtayoqlar “Vaqf” xayriya jamoat fondiga olib kelindi. Nogironligi bo‘lgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash aksiyasi doirasida keltirilgan mazkur jihozlarni topshirish jarayonida Qatar davlatining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Fahad Ali al-Hammadiy ishtirok etib, fond bilan hamkorlikdan minnatdor ekanligini, o‘zgalar parvarishiga muhtoj insonlarga oz bo‘lsada yordam berayotganidan xursandligini bildirdi.
O‘z navbatida “Vaqf” xayriya jamoat fondi boshqaruvi rahbari Isoxon Abdullayev Qatar elchixonasi vakiliga minnatdorlik bildirib, bu hamkorlik har ikki tomon uchun ham xayrli bo‘layotganini, bu jihozlardan ko‘plab insonlarning mushkuli oson bo‘lishini ta’kidlab o‘tdi.
O‘zaro muloqot davomida ikki tomon ham bu kabi xayrli tashabbuslarni yanada ko‘paytirishni maqsad qilishdi.