Qozog‘iston safari asnosida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari bugungi juma namozini ado etish uchun qardosh muftiylar bilan birga Ostona shahridagi Qozog‘iston bosh masjidiga keldilar. Dastlab martabali mehmonlar mazkur mahobatli masjidda namozxonlarga yaratilgan sharoit va imkoniyatlar bilan yaqindan tanishdilar.
Shundan so‘ng Qozog‘iston bosh muftiysi Navro‘zbay hoji muhtaram mehmonlarni namozxonlarga tanishtirib, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlariga so‘z berdi.
O‘zbekiston muftiysi masjidga yig‘ilgan mo‘min-musulmonlarga o‘zlarining salom va iliq tilaklarini bildirgan holda, do‘stu birodarlik fazilati, tinchlik-osoyishtalik ne’mati haqida so‘z qildilar. Qozog‘iston mezbonligidagi Turkiy davlatlar muftiylari kengashi yig‘ilishi va uning doirasidagi tadbirlar yuqori saviyada muvaffaqiyatli o‘tgani, uchrashuv va hamkorlik aloqalari qardosh xalqlar do‘stligiga ulkan hissa qo‘shishini alohida qayd etdilar.
Juma namozi davomida qardosh davlatlar muftiylari minglab namozxonlardan iborat katta jamoat bilan Haq taolodan butun dunyoda tinchlik-osoyishtalik bo‘lishi, dindosh va qondosh xalqlarimiz ahlligi bardavom bo‘lishini so‘rab xayrli duolar qildilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Muhyiddin ibn Arabiy aytadilar: “Kimning qanday hojati bo‘lsa, shom namozining farz va sunnatini o‘qib bo‘lganidan keyin o‘rnidan turmasdan Fotiha surasini 40 marta o‘qisin. Shundan keyin, Allohdan hojatini so‘rasin, albatta so‘ragan narsasini beradi. Biz buni tajriba qilib ko‘rdik va foydasini topdik. Fotiha surasini o‘qib bo‘lganidan so‘ng ushbu duoni o‘qiydi: “Allohim! Sening ilmingni o‘zi Sendan so‘ramaslikka kifoya. Fotiha surasining haqqi hurmatidan O‘zing so‘rovimga kifoya qil. Sening karamingni o‘zi Senga so‘zlamaslikka kifoya. Fotiha surasining haqqi hurmatidan so‘zimga kifoya qil va qalbimdagi tilagimni hosil qil”.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV