Malayziyaning islomiy sug‘urtasi – takaful va uni O‘zbekistonda joriy etish muhokama qilindi.
Qayd etilishicha, O‘zbekistonning Kuala-Lumpurdagi elchixonasida Malayziyaning «Strategik Horizon Managemet System» kompaniyasining bosh maslahatchisi Sayful Bahri bin Saroniy va «Abkari Risk management» kompaniyasi direktori Idrus bin Mat Nayan bilan uchrashuv o‘tkazilgan. Bu haqda @uzdiplomat xabar berdi.
Uchrashuvda Sayful Bahri O‘zbekistonda tadbirkorlik subyektlarining islomiy moliyaviy xizmatlarga qiziqishi ortayotganini va islomiy sug‘urtani rivojlantirish uchun salohiyat mavjudligini ta’kidlagan.
Malayziyalik ekspertlar bu tajribani xususiy sug‘urta kompaniyalarida qo‘llashni taklif qilgan. O‘zbekistonda alohida takaful xizmatlarini tashkil qilish rejalashtirilgan.
Malayziya hukumatiga qarashli «Syarikat Takaful Malaysia Bhd.», «Takaful Ikhlas Sdn. Bhd.» va «ETIQA Takaful Bhd.» islomiy sug‘urta kompaniyalarini O‘zbekiston davlat sug‘urta kompaniyalari bilan hamkorlikka jalb qilish masalasini ko‘tarilgan.
Takaful sug‘urtasining oddiy sug‘urtadan farqi unda maxsus sug‘urta jamg‘armasi yaratiladi. Fond ishtirokchilari oldindan kelishilgan tartibda sug‘urta badallarini jamg‘armaga o‘tkazadi. Jamg‘arma o‘z a’zolarining zararini ushbu mablag‘ hisobidan qoplaydi. Yil oxirida sug‘urta ortiqcha mablag‘ning bir qismi keyingi yillarga zaxira sifatida olib qo‘yilishi yoki jamiyat nizomiga asosan ishtirokchilar o‘rtasida taqsimlanishi mumkin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Munosabat
Insonning qalbi birgina shirin so‘zdan quvonib, to‘lqinlanib ketadi: yayraydi, yashnaydi, boshqalarga ham ezgulik sog‘inadi, shodlik va baxt ulashadi.
Joriy yilning 31 may sanasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Haj ziyorati uchun Makkai mukarramada bo‘lib turgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar bilan telefon orqali muloqot qilib, hojilar holidan xabar olgani qalblarimizga surur, xursandchilik va shukronalik baxsh etdi. Davlatimiz rahbari barcha ziyoratchilarga salom yo‘llab, yurtimizga sog‘-omon kelishlarini tiladi. Unutilmas bu voqelik hojilarimizni behad sevintirdi.
Shukrki, mamlakatimizda tinchlik-totuvlik barqaror. Har bir inson hayotdan rozi bo‘lib, baxtli-saodatli umr kechirishi uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Mehnat qilgan, harakat qilgan farovon hayot kechirmoqda. O‘z orzu niyatlariga yetmoqda. Albatta, bunda osoyishtalik ne’matining o‘rni beqiyos.
Yangi O‘zbekistonning har tongi taraqqiyot tongi sifatida otmoqda. Barcha sohalarda yangilik va yaxshiliklar bo‘lmoqda. Jumladan, Haj va Umra tadbirlarini yuqori saviyada tashkil etish, mo‘min-musulmonlarning ushbu ibodatlarini chiroyli ado etishlari uchun sharoit va qulayliklar yangi bosqichga olib chiqildi.
Xususan, bu yilgi haj mavsumiga yuqori darajada tayyorgarlik ko‘rildi. Makkai mukarrama hamda Madinai munavvara, qolaversa, Mino vodiysida ziyoratchilar uchun barcha sharoit hozirlandi. Issiq kunlarda yurtdoshlarimizga qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida Arafot hududidagi chodirlar yopiq tarzda barpo etildi. Ularning atrofi issiq o‘tkazmaydigan panellar bilan o‘raldi, ichkariga sovutish tizimi o‘rnatildi, gilam va to‘shaklar solindi.
Mamlakatimiz hojilariga ko‘rsatilayotgan e’tibor, ular uchun yaratilgan qulayliklarni Saudiya Arabistonining haj ishlari mas’ullari va o‘zga yurt hojilari ham e’tirof etib, havas bilan qaramoqda.
Ayni paytda ziyoratchilarga 300 dan oshiq guruh rahbari, 50 nafar oliy toifali shifokor, 10 dan ziyod oshpaz va boshqa mutaxassislar xizmat ko‘rsatib, hamrohlik qilmoqda.
Ziyoratchilarimiz berilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikdan mamnun bo‘lib, Yaratgandan mamlakatimiz tinchligi, xalqimiz farovonligini so‘rab duo qilmoqda.
Zotan, yurtimizda “Inson qadri uchun” degan ulug‘vor g‘oya barcha islohotlarning asosini tashkil etayotgan ayni pallada hojilarimiz ham ushbu jarayonga o‘z hissalarini qo‘shish, yurtimizga qaytgandan so‘ng bor kuch-g‘ayratlarini yurt tinchligi va taraqqiyoti, oilalar totuvligini ta’minlash, yoshlar ta’lim-tarbiyasi bilan shug‘ullanish, ehtiyojmandlarga ko‘mak berishdek savobli ishlarga safarbar etishlarini ta’kidlamoqdalar.
Zayniddin ESHONQULOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi
o‘rinbosari.