Nuqtayi nazar
Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ulkan islohotlarning totli mevalarini bugun har qadamda ko‘rib, kuzatib, his qilib turibmiz. Bu islohotlarning bosh maqsadi inson qadrini ulug‘lash, xalqimizni rozi qilishga qaratilgani bilan yanada ahamiyatlidir.
Ayniqsa, Prezidentimiz tashabbusi bilan kambag‘al, ishsiz, ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarga alohida e’tibor va ko‘mak ko‘rsatilayotgani natijasida ular o‘zlarini jamiyatimizning to‘laqonli a’zosidek his qilmoqda. Shuningdek, minglab yurtdoshlarimizning o‘z yo‘lini topishiga, hayotini izga tushirishiga va ro‘zg‘origa fayz-baraka kiritishiga sabab bo‘lmoqda.
Bu borada kambag‘al fuqarolarni kuchli va manzilli ijtimoiy himoya qilishni nazarda tutuvchi bir qancha huquqiy-me’yoriy hujjatlar qabul qilindi. Ijtimoiy himoya milliy agentligi va “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari, “temir daftar”, “ayollar daftari”, “yoshlar daftari”, “mehr daftari” kabi yangi mexanizmlar ishga tushirildi. Bu yo‘nalishga sarflanayotgan mablag‘lar miqdori yil sayin oshirilayotgani, ishsizlar kasb-hunarga o‘qitilayotgani, o‘z-o‘zini band qilgan fuqarolar qo‘llab-quvvatlanayotgani, xotin-qizlar va yoshlar o‘z o‘rnini topishi uchun berilayotgan ko‘magu imtiyozlar yildan-yilga ko‘payayotgani ko‘plab yurtdoshlarimiz hayotida katta burilish yasamoqda.
Biroq shuncha chora-tadbirlar ko‘rilishiga qaramasdan, afsuski, haligacha boqimandalik kayfiyatidan qutula olmayotgan fuqarolar uchrab turibdi. Kambag‘allik jamiyatning umummilliy safarbarligi, istak va intilish bilan yashashi hisobiga kamayadi.
Bu haqda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida shu yil 11 sentyabr kuni kambag‘allikni qisqartirish ishlarini navbatdagi sifat bosqichiga olib chiqish masalalari muhokamasi bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida alohida ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbari kambag‘allikni faqat pul tarqatish, nafaqa to‘lash bilan hal qilib bo‘lmasligini ta’kidlab, kambag‘al oila a’zolarini o‘qitish, kasb-hunarga o‘rgatish va ish bilan ta’minlash muhimligini qayd etdi. Bundan buyon kambag‘allikni qisqartirish umummilliy harakatga aylanishi, yurtdoshlarimiz bir-biriga yelkadosh bo‘lishi kerakligiga urg‘u qaratdi.
Islom dini insonlarni doim ilm-ma’rifat egallashga, sa’y-harakat qilishga, biror kasb-hunar bilan shug‘ullanishga chaqiradi. Shu bilan birga, hayot maydonida ortda qolib ketishdan, dangasalik, ta’magirlik, ishyoqmaslik, boqimandalik va ishlashga qodir bo‘la turib odamlardan xayr-sadaqa so‘rash kabi ijtimoiy illatlardan qat’iy qaytaradi.
Oyati karimalarning ko‘plab o‘rinlarida mo‘min-musulmonlarni halol yo‘l bilan rizq topishga targ‘ib qilingan. Shu bois, payg‘ambarlar ham biror kasbning boshini tutishgan. Misol uchun, Odam alayhissalom dehqon, Idris alayhissalom tikuvchi, Nuh alayhissalom duradgor, Hud va Solih alayhissalomlar tijoratchi, Ibrohim alayhissalom ziroatchi, Ismoil alayhissalom ovchi, Is'hoq, Ya’qub, Shuayb va Muso alayhissalomlar cho‘pon bo‘lishgan. Yusuf alayhissalom soatsozlik, Horun va Ilyos alayhissalomlar tikuvchilik, Dovud payg‘ambar temirchilik va sovut yasash bilan shug‘ullangan. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam tijoratchi bo‘lganlar.
Oysha roziyallohu anhodan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Shubhasiz, kishi rizqlanadigan narsalarning eng haloli o‘z kasbi orqali yegan narsasidir”, deganlar (Imom Ahmad rivoyati). Demak, dinimiz kasb-hunarni qadrlaydi va kishining o‘z qo‘li bilan qilgan kasbini Parvardigorga yaqinlashtiruvchi eng afzal va sharafli amal deb hisoblaydi.
Ta’kidlash joizki, yurtimizda faoliyat yuritayotgan masjidlar imom-xatiblari aholi, ayniqsa, yoshlar bilan muloqotlar asnosida ilm-ma’rifat, kasb-hunar egallashning fazilatlari haqida suhbatlar qilmoqda. Shuningdek, O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondi aholining kam ta’minlangan qatlamiga, xususan, ularning farzandlariga ilm-ma’rifat, kasb-hunar egallashlari uchun moddiy yordam ko‘rsatib kelmoqda.
Bugun yurtimizda kasb-hunar o‘rganish, ilm olishga katta imkoniyatlar eshigi ochilganini alohida qayd etish kerak. Yangidan-yangi oliy o‘quv yurtlarining tashkil etilayotgani shular sirasidandir. Zero, bunday ilm maskanlarining ortishi yurtimizda ilm-ma’rifat yuksalishiga xizmat qiladi.
Ilm insonni jaholat zulmatidan nurga olib chiqadi. Bu nur uning hayot yo‘llarini yoritadi. Og‘irini yengil, uzog‘ini yaqin qiladi. Ulamolar ilmni suzishga o‘xshatadi. Suzishni bilgan kishi ko‘zlagan manziliga salomat yetib oladi. Suzishni bilmagan esa jaholat botqog‘iga botib, oxir-oqibat halok bo‘ladi.
Ilm egasi dunyodagi eng katta boylikka ega bo‘lgan kishidir. Johil esa juda ko‘p yaxshiliklardan mahrum. Zero, ulamolardan biri: “Ilmni boy bergan kishi nimaga erishibdi-yu, ilmga yetishgan kishi nimani yo‘qotibdi?!” degan.
Ilm Qur’oni karimda ziyoda qilishni so‘rashga buyurilgan yagona fazilatdir. “Va: “Robbim, ilmimni ziyoda qilgin”, degin”(Toha surasi, 114-oyat). Hadisi sharifda bunday marhamat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Har bir musulmonga ilm talab qilish farzdir”, dedilar”(Imom Ibn Moja rivoyati).
Dinimiz ilmga katta e’tibor qaratgan. Qur’oni karimda “ilm” eng ko‘p zikr qilingan so‘zlardan biri bo‘lib, turli ko‘rinishlarda yetti yuzdan ortiq o‘rinda kelgan. Yuzdan ortiq hadislarda ilm va uning fazilati haqida so‘z boradi. Shu raqamlarning o‘zi ham islomning ilm-ma’rifat dini ekanini yaqqol ko‘rsatadi.
Shu o‘rinda bir mulohaza. Ayrim kishilar ilm deganda faqat diniy ilmlarni nazarda tutib, islomda dunyoviy ilmlarning o‘rni yo‘q, degan noto‘g‘ri tushunchaga borib qolgan. Aslida diniy ilmlar ham, dunyoviy ilmlar ham Yaratganning ilmi bo‘lib, ularni bir-biridan ajratish mumkin emas. Barcha dalillarni o‘rganib, xulosa qilgan ulamolar bunday deganlar: “Ilm diniy va dunyoviyga bo‘linmaydi, balki maqtalgan va mazammat qilinganga bo‘linadi. Diniy va dunyoviy deb ajratish ulardagi mavzular e’tiboridan, xolos. Tibbiyot, hisob, sanoat va boshqa ilmlar dunyo manfaatlari uchun kerak. Bu ilmlar farzi kifoya hisoblanib, unga doim ehtiyoj seziladi. Tibbiyot ilmi zaruriy ilm bo‘lib, u badan salomatligi uchun xizmat qiladi. Matematika ilmiga kelsak, u ham zaruriy ilmdir. Chunki moliyaviy muomalalarda, meros va vasiyatlarni taqsim qilishda unga ehtiyoj bor. Agar shahar yoki qishloqda bu ilmlarni biladigan kishi yo‘q bo‘lsa, hamma teng gunohkor bo‘ladi. Shahar aholisidan uni bajaradigan kishi chiqsa, boshqalardan gunoh soqit bo‘ladi. Dehqonchilik, tijorat, to‘qimachilik, tikuvchilik kabi kasblarning ham ilmini bilish farzi kifoya hisoblanadi. Agar yurtda birorta tabib bo‘lmasa, aholi halokatga yuz tutadi. Bu esa aqlan ahmoqlik, shar’an man qilingan ishdir. Chunki Qur’oni karimda: “O‘zingizni halokatga duchor qilmang” (Baqara surasi, 195-oyat), deya marhamat qilingan.
Shuningdek, insonlar qadimdan yuqoridagi ilmlarni o‘rganib, uning ortidan kasb qilib keladi. Bu ishni haligacha hech kim inkor qilgan emas. Kim mana shu ilmlarni o‘rganar ekan, niyati muhtojga yordam berish, zaiflarni qo‘llash, hojatini ravo qilish, o‘ziga va boshqa odamlarga manfaat yetkazish bo‘lsa, ajr, savob oladi. Agar bu kabi niyat bo‘lmasa ham gunohkor bo‘lmaydi, malomat qilinmaydi.
Bugungi kunda insoniyat erishgan yuksak taraqqiyot ham ilm-fan mahsulidir. Shu bois yoshlarimiz dunyoviy ilmlarni chuqurroq o‘rganmasa, davr bilan birga qadam tashlashga qiynaladi. Hazrat Ali roziyallohu anhu: “Bolalaringizga zamonaviy ilmlarni o‘rgatinglar, chunki ular o‘z zamonlari uchun tug‘ilganlar”, degan.
O‘tgan ota-bobolarimiz diniy va dunyoviy ilmlarda peshqadam bo‘lib, buyuk kashfiyotlar qilishgan. Biz ham ularning yo‘lini tutib, ajdodlarga munosib avlod yetishtirishimiz ham farz, ham qarzdir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Insonlarning eng yaxshisi odamlarga ko‘p manfaat yetkazadiganidir”, deganlar (Imom Tabaroniy rivoyati).
Shunday ekan, Parvardigorga suyukli bo‘lish uchun dunyo ishlarida ham odamlarga ko‘proq manfaat berishimiz lozim. Buning eng maqbul yo‘li tadbirkorlik, kasb-hunar, tijorat, bugungi zamonaviy ilm-fan sohalari bilan shug‘ullanib, odamlarni ish bilan ta’minlash, bozoru do‘konlarimizni o‘z mahsulotlarimiz bilan to‘ldirib, xorij bilan raqobatlasha oladigan darajaga yetishdir. Buning uchun esa har sohaning ilmini puxta o‘rganish lozim. Shunda yurtimiz ravnaq topadi, xalqimiz farovon hayot kechiradi.
Shayx Nuriddin XOLIQNAZAR,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Hikmat egalarining og‘zidan chiqqan eng go‘zal gaplar:
- Otlar ichgan yerdan suv iching, chunki otlar hech qachon iflos suvni ichmaydi.
- Yotog‘ingizni mushuk uxlaydigan joyga soling, chunki mushuk xotirjam joyda uxlaydi.
- Qurt tushgan, lekin teshib chiqmagan mevani yeng, chunki qurt doimo mevaning pishganini tanlaydi.
- Daraxtni yumronqoziq kavlagan yerga o‘tqazing, chunki o‘sha yer hosildor bo‘ladi.
- Uyni ilon isinib yotgan joyga quring, chunki o‘sha joy mustahkam va cho‘kmaydigan bo‘ladi.
- Qushlar issiq kunda panaga qochgan yerni qazisangiz suv chiqadi, chunki qushlar suv bor yerni biladi.
- Qushlar bilan bir vaqtda uxlab, ular bilan bir vaqtda uyg‘oning - zero bu muvaffaqiyat yo‘ldir.
- Ko‘proq sabzavot iste’mol qiling, shunda o‘rmon hayvonlari kabi oyoqlaringiz kuchli va yuragingiz baquvvat bo‘ladi.
- Imkon topganingizda suvda suzing, shunda yerda o‘zingizni huddi suvdagi baliqdek yengil his qilasiz.
- Imkon qadar osmonga ko‘proq qarang, shunda fikrlaringiz ravshan va tiniqlashadi.
- O‘zingizni xotirjam va sokin tutishga odatlaning, shunda qalbingizga sakinat kirib, ruhingiz orom topadi.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV