Sayt test holatida ishlamoqda!
19 May, 2025   |   21 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:24
Quyosh
05:01
Peshin
12:25
Asr
17:27
Shom
19:42
Xufton
21:12
Bismillah
19 May, 2025, 21 Zulqa`da, 1446

Muftiy Muhammad Taqiy Usmoniy

07.10.2024   6721   3 min.
Muftiy Muhammad Taqiy Usmoniy

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Zamonamizning mujtahid olimlaridan biri Muhammad Taqiy Usmoniy hafizahulloh 1943 (hijriy 1326) yil Hindistonning Saharonpur shahridagi Devband qishlog‘ida dunyoga keldi. Mashhur naqlga ko‘ra, bu oilaning nasabi uchinchi xalifa Hazrat Usmon ibn Affon roziyallohu anhuga borib yetadi.

Muhammad Taqiy Usmoniy dastlabki ilmlarini ota-onasidan olgan.

Muhammad Taqiy Usmoniyning yuksak ilm cho‘qqilarini egallashida otasi Muhammad Shafi rahimahullohning ulkan hissasi bor.

Muhammad Taqiy Usmoniy ta’limni sakkiz yoshida otasi Muhammad Shafi Karachida qurdirgan “Dorul ulum” madrasasida boshladi. Bu yerda tafsir, hadis, kalom, fiqh, faroiz kabi klassik Islom ilmlarini yana arab tili va adabiyotini o‘qidi. O‘n olti yoshida ushbu ta’lim dargohini imtiyozli shahodat bilan tamomlagan birinchi bitiruvchilardan bo‘ldi.

Muhammad Taqiy Usmoniy 1964 yilda Karachi universitetining “Huquq, iqtisod, siyosat”, 1967 yilda shu oliygohning “Huquq”, 1970 yilda Panjob universitetining “Arab adabiyoti” bo‘yicha oliy diplomini qo‘lga kiritdi.

Taqiy Usmoniy Islom iqtisodi bo‘yicha dunyoning eng yetuk mutaxassisi sanaladi. Islomiy bank sohasiga doir bir qancha tashkilotlar a’zosidir. Xususan, Pokiston Islom iqtisodiyoti raisi, Jidda shahridagi Saudiya-Amerika Bankining shar’iy hay’ati raisi, Nyu-York Islom Kengashining shar’iy qo‘mitasi raisi, Bahrayn City bankining shar’iy qo‘mitasi raisi lavozimlarida faoliyat olib borgan.

Bundan tashqari, “Swiss Re Takaful” (Shvetsariya), “Dow Jones Index” (Nyu-York), “Commission for Islamisation of Economy of Pakistan”, “Centre for Islamic Economics” (Pokiston), “HSBC Amanah Finance Dubai” kabi tashkilotlar a’zosi hisoblanadi.

Hozirda Taqiy Usmoniy “Dorul ulum” universiteti rektori o‘rinbosari, shuningdek, Islom olami birligi tashkiloti qoshidagi Islom fiqhi akademiyasi, Yevropa fatvo va tadqiqot Qo‘mitasi va boshqa ko‘plab tashkilotlarning raisi va a’zosi sifatida faoliyat olib bormoqda.

Taqiy Usmoniy ta’lif etgan kitoblar quyidagilardan iborat: Akasi qalamiga mansub tafsir “Ma’oriful Qur’on”ga muqaddima; “Ulumul Qur’on”; “Ma’oriful Qur’on”ni inglizchaga tarjimasi; “Takmilatu fathil mulhim” (6 jild); “Darsut Termiziy” (Termiziy nomli universitetda o‘tgan ma’ruzalari yig‘indisi bo‘lib, jiyani Rashid Ashraf to‘plagan); “Buhus fiy qazoyo fiqhiyya mu’osira” (Unda oldi-sotdining barcha turi jamlagan); “So‘yish hukmlari”; “Aql va shariat chegarasida naslni cheklash”; “E’tikof ahkomlari”; “Islom va zamonaviy iqtisod”; “Oilaviy muammolarimiz”; “Namozingizni sunnatga muvofiq o‘qing!”; “Fatvo usullari”; “Shariat mezonidagi taqlid”; “Hozirgi asrdagi ijtihod dasturi”; “Nasroniylik nima?”; “Muqaddas kitob nima?”; “Qadim ahddan Qur’onga”; “Qarorot al-Qazoiyya”; “Yer mulkchiligi va uning chegarasi”; “Ta’limdagi nizomimiz”; “Nizom dasturi qanday o‘rganiladi”; “Hozirgi zamonamizda shariat qanday tatbiq qilinadi?”; “Shariatni tatbiq qilish va uning masalalari”; “Islom va inson huquqlari”; “Tarix voqe’ligidagi Muoviya raziyallohu anhu”; “Otam va ustozim va u zotning zavqlari”; “O‘tganlarni izlari”; “Kim Devband shayxi bo‘lsa”; “Isloh va’zlari” va h.k.

Taqiy Usmoniy haqida shogirdi Luqmoni Hakim “Qozi, faqih, da’vatchi va tadqiqotchi Taqiy Usmoniy” deb nomlangan kitob yozgan. Damashqdagi “Dorul qalam” nashriyotida chop etilgan ushbu kitob 144 sahifadan iborat bo‘lib, unda barcha shogirdlari, ustozlari, kitoblari xususida ma’lumotlar keltirilgan.

Muhammad Taqiy Usmoniy 2017 yildan beri “Dunyoning eng taniqli 500 musulmoni” ro‘yxatida munosib o‘rin egallab keladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

 

Boshqa maqolalar

Umayma binti Xalaf - sabr va iymon timsoli

16.05.2025   4632   3 min.
Umayma binti Xalaf - sabr va iymon timsoli

Islom da’vati Makkada boshlangan davrlarda, Umayma binti Xalaf ibn As’ad ibn O’mir ibn Bayoza’ al-Xuzoiyya — iymon nurini qalbida tuygan ilk ayollardan biri edi. Uning qalbi iymonga ochiq, haqiqatni e’tirof qilishga tayyor edi. Turmush o‘rtog‘i – Xolid ibn Said ibn Os bir kecha ajib tush ko‘radi: o‘zini ulkan va dahshatli olov chetida turganini, otasi uni o‘sha olovga tashlayotganini ko‘radi, lekin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam esa uni ushlab, olovdan qutqarayotgan ekan.

Uyg‘onib, bu tushni Abu Bakr roziyallohu anhuga aytdi. U kishi unga: “Bu yaxshilikning alomati. Sen Muhammad sollallohu alayhi vasallamga ergash, u seni jahannamdan qutqaradi”, dedilar. Xolid shunda Islomni qabul qildi va bu haqda rafiqasi Umaymaga aytdi. U ham, hech ikkillanmasdan, Islomni qabul qildi. Shu tariqa ular birinchi musulmon juftliklardan biriga aylandi.

Xolidning otasi uning musulmon bo‘lganini eshitgach, jahl qilib, uni chaqirtirdi. Uni haqoratladi, kaltakladi va uydan haydadi. “Men seni taom bilan ta’minlamayman!” dedi. Xolid esa qat’iyat bilan: “Agar siz bermasangiz, Robbim menga rizq beradi” – deb javob berdi. Shu zahoti uydan haydaldi va borib Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yonida bo‘ldi.

Umayma turmush o‘rtog‘iga sodiqlik bilan yordamchi bo‘ldi. U zulm, qiyinchilik va kambag‘allikka sabr qildi. Sabr va imon uning qalbida mustahkam ildiz otgan edi.

Nihoyat, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalarga Habashistonga hijrat qilishni buyurganlarida, Xolid va Umayma ilk hijrat qilganlardan bo‘lishdi. Ular Habashistonda farzandli ham bo‘lishdi: o‘g‘illari – Said ibn Xolid va qizlari – Umma binti Xolid. Qizi keyinchalik “Ummu Xolid” nomi bilan mashhur bo‘ldi.

Ular Habashistonda o‘n yildan ziyod vaqt musofirlikda yashashdi. Keyinchalik Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Amr ibn Umayyani yuborib, ularni ikki kema bilan qaytardilar. Ular Madinaga qaytib kelganida, Payg‘ambarimiz alayhissalom Xaybarni fath qilgan edilar. Ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va musulmonlar bilan uchrashib, ajib shodlik va taskinga erishdilar.

Xolid ibn Said Umar ibn Xattob xalifaligi davrida hayot kechirdi va u “Marj as-Safar” jangida, hijriy 14 sanada shahid bo‘ldi. Bu xabarni eshitgan Umayma onamiz bu musibatiga sabr qildi, yuragi og‘riqda bo‘lsa ham, imoni bilan tasalli topdi. Chunki, Xolidni o‘ldirgan odam keyin Islomni qabul qilib: “Bu kim edi?. Undan osmonga chiqayotgan nurni ko‘rdim!” - degan edi.

Umayma binti Xalaf – sabrli, muhojir, mo‘min ayolning yuksak namunasidir. U umr yo‘ldoshini islom dinida qo‘llab-quvvatladi, hayotining quvonch va tashvishli lahzalarini birga o‘tkazdi va islom tarixida buyuk iz qoldirdi.

 

Ilyosxon AHMЕDOV
tayyorladi.

Mazkur maqola Abu Malik Muhammad bin Homid bin Abdulvahhobning
“Soliha ayollar haqida 150 qissa” nomli asaridan tarjima qilindi.