Qur’on barcha ehtiyojlaringiz va amallaringiz uchun dasturulamal bo‘luvchi Kitobdir.
1. Siz: “Omadsizman”, deb aytmang!
Chunki Alloh taolo: “Mo‘minlar najot topdilar” deb marhamat qilgan (Muminun surasi, 1-oyat).
2. Siz: “Bunchalik qiyin”, deb aytmang!
Chunki Alloh taolo: “Bas, albatta, har bir qiyinchilik bilan birga yengillik bordir. Albatta, har bir qiyinchilik bilan birga yengillik bordir” deb marhamat qilgan (Sharh surasi, 5-6-oyatlar).
3. Siz: “Menga hech kim yordam bermaydi”, deb aytmang!
Chunki Alloh taolo: “Mo‘minlarga madad berish Bizning zimmamizdagi haq bo‘lgan” deb marhamat qilgan (Rum surasi, 47-oyat).
4. Siz: “Yolg‘izman”, deb aytmang!
Chunki Alloh taolo: “Qo‘rqmangiz! Albatta, Men sizlar bilan birgaman – eshitaman va ko‘raman” deb marhamat qilgan (Sharh surasi, 5-6-oyatlar).
5. Siz: “Gunohlarim juda ko‘p”, deb aytmang!Chunki Alloh taolo: “Albatta, Alloh tavba qiluvchilarni sevadi” deb marhamat qilgan (Baqara surasi, 222-oyat).
6. Siz: “Dinga amal qilish juda qiyin”, deb aytmang!Chunki Alloh taolo: “Alloh sizlarga yengillikni istaydi, og‘irlikni xohlamaydi” deb marhamat qilgan (Baqara surasi, 185-oyat).
7. Siz: “Kambag‘al-faqirman”, deb aytmang!Chunki Alloh taolo: “Imon keltirgan va solih amallarni qilganlar uchun mag‘firat va farovon rizq bordir” deb marhamat qilgan (Haj surasi, 50-oyat).
8. Siz: “Bemorman”, deb aytmang!Chunki Alloh taolo: “Qur’onni mo‘minlar uchun shifo va rahmat o‘laroq nozil qilurmiz” deb marhamat qilgan (Isro surasi, 82-oyat).
9. Siz: “Bunga kuchim yetmaydi”, deb aytmang!Chunki Alloh taolo: “Alloh hech bir jonga toqatidan tashqari narsani taklif etmaydi” deb marhamat qilgan (Baqara surasi, 286-oyat).
10. Siz: “Mehnatlarim qadrlanmayapti, o‘zimni qadrsiz his qilyapman”, deb aytmang!Chunki Alloh taolo: “Albatta, bu sizlar uchun mukofot va sizlarning sa’y-harakatlaringiz (Alloh nazdida) maqbuldir” deb marhamat qilgan (Inson surasi, 22-oyat).
11. Siz: “Shaytonning makri buncha kuchli”, deb aytmang!Chunki Alloh taolo: “Albatta, shaytonning makri zaifdir” deb marhamat qilgan (Niso surasi, 76-oyat).
12. Siz: “G‘alaba uzoqda”, deb aytmang!Chunki Alloh taolo: “Ogoh bo‘lingki, Allohning yordami (hamisha) yaqindir” deb marhamat qilgan (Baqara surasi, 214-oyat).
Alloh taolo hayotimizning har bir lahzasini Qur’oni karim oyatlariga muvofiq o‘tkazishimizga tavfiq ato etsin!
Davron NURMUHAMMAD
Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Sirdaryo viloyati vakilligi, «Vaqf xayriya» jamoat fondi hamda viloyat hokimligi hamkorligida kam ta’minlangan oilalarning 35 nafar farzandi uchun sunnat to‘yi o‘tkazildi.
Xayrli tadbir davomida bolajonlarga kiyim-kechaklar va sovg‘a-salomlar taqdim etilib, ularning quvonchiga quvonch ulashildi. To‘yxonada osh damlanib, mehmonlar va yurtdoshlarga dasturxon yozildi.
Bunday xayrli va saxovatli ishlar mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida amalga oshirilib, xalqimizga bo‘lgan mehr-e’tibor va g‘amxo‘rlikning yana bir yorqin namunasi bo‘ldi.
Sirdaryo viloyati vakilligi matbuot xizmati