Saudiya Arabistonining Makka shahrida joylashgan eng mo‘tabar va ulkan masjid Masjidul Harom va Islomning ikkinchi mo‘tabar maskani, Madina shahridagi Masjidun Nabaviy masjidiga yangi imomlar tayinlandi. Bu haqda theislamicinformation.com saytiga asoslanib islom.uz xabar berdi.
Qirol Salmon ikki Muqaddas masjidga to‘rtta yangi imomni tayinlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
Ushbu farmonga ko‘ra, Masjidul Haromga shayx Badr Al-Turki va shayx Valid Al-Shamsan imom etib tayinlandi.
Shuningdek, shayx Muhammad Barhajiy va shayx Abdulloh Al-Qarafiylar Madinai Munavvara shahridagi Masjidun Nabaviy masjidiga imom etib tayinlandi.
Ushbu masjid ichida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam, Abu Bakr Siddiq va Umar ibn Xattob roziyallohu anhumolarning qabri joylashgan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Mening masjidimdagi bir namoz undan boshqasidagi mingta namozdan yaxshidir. Faqat Masjidul Haromgina undan mustasno», deganlar (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati