Bismillahir Rohmanir Rohiym
Zamonamiz muhaddislaridan biri – Shayx Muhammad Avvoma Suriyaning Halab shahrida hijriy 1385 (milodiy 1939) yili tavallud topgan.
Ilm talabini 12 yoshida boshlab, shayx Abdulloh Sirojiddin va Abdulfattoh Abu G‘udda kabi olimlarni mahkam tutdi.
Shayx Muhammad Avvoma ta’lim muassasalarini bitirganidan so‘ng ham aslo ustozlaridan uzilmagan, ilmiy masalalarda doimo ular bilan maslahatlashib, nasihat va ko‘rsatmalarini olib turgan. Ustozi shayx Abdulloh Sirojiddin bilan 50 yil, shayx Abdulfattoh Abu G‘udda bilan 45 yil davomida vafotlariga qadar doimiy aloqada bo‘lib, duolarini olib turgan.
So‘ng Damashq universitetining Shariat fakultetiga o‘qishga kirib, avval o‘qigan ilmlarini mustahkamlab, zamonaviy ilmlardan ham bahramand bo‘ldi.
Allohning fazli va marhamati ila u kishining iste’dodi tengdoshlari orasida erta namoyon bo‘lib, yuksak natijalarga erishdi. Shu tufayli hali yosh bo‘lishiga qaramay, ustozlari va katta olimlar dars beradigan o‘sha davrdagi Halabning eng katta masjidlaridan birida ustoz va shayxlari bilan bir qatorda dars berish baxtiga musharraf bo‘ldi.
Shayx Muhammad Avvoma 1980 yili Madinai munavvaraga borib, Madina Islom universiteti qoshida ilmiy tadqiqot markaziga asos soldi. Keyinchalik bu markazni tark etib, 1986 yili o‘zi Islom merosini tahqiq qilish markazini ta’sis qildi. Bu markazni ayni damda u kishining o‘g‘li doktor Muhyiddin boshqarib kelmoqda.
Shayx aqida, fiqh, usul, arab tili va tarojim kabi ilmlarni jamlagan yetuk olimlardan sanaladi. Asosiy ilmiy faoliyati esa, hadis ilmlari bilan bog‘liq. Qo‘lyozmalar tahqiqi bilan ham Islom dunyosida mashhur.
Fazilatli shayx, alloma Muhammad Sa’id Tantoviy u kishining ustozlari tabaqasidan sanalsa-da, Muhammad Avvoma haqida: “Yer yuzida tahqiq ilmini u kishidan yaxshiroq biladigan odamni bilmayman”, deb e’tiroq etgan.
Shayx Muhammad Avvoma hafizahullohning ko‘plab kitob, risola va tahqiq ishlari chop etilgan. Jumladan, Imom Ibn Abu Shaybaning 26 jildlik “Musannaf”, Imom Abu Dovudning 6 jildlik “Sunan”, Imom Zahabiyning 6 jildlik “Koshif” kitoblari tahqiqi shular jumlasidan.
Olimning “Faqih imomlar ixtilofida hadisi sharifning o‘rni” nomli kitobi Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari tomonidan o‘zbek tiliga o‘girilgan. Qolaversa, bu kitob dunyoning bir necha tillariga ham tarjima qilingan va qator ta’lim muassasalarida darslik sifatida o‘qitiladi.
Shayx Muhammad Avvoma hayoti va uning ilmiy asarlari haqida Hindiston, Pokiston, Bangladesh, Malayziya, Turkiya, Iordaniya va Sudan kabi mamlakatlarda qator ilmiy ishlar olib borilmoqda, risolalar yozilmoqda.
Ana shunday ulug‘ alloma – Shayx Avvoma boshchiligidagi aziz mehmonlar ilk bor 2018 yil yurtimizga tashrif buyurgan edi. Dastlab hadis ilmining sultoni Imom Buxoriy yodgorlik majmuasini, so‘ngra Shohi Zinda, Abu Mansur Moturidiy rahmatullohi alayh, Imom Dorimiy, buyuk olim Abul Fazl Bakr ibn Muhammad Zarangari, Qaffol Shoshiy kabi allomalar qo‘nim topgan maskanlarni ziyorat qilib, bir qancha hadislarni sharhlab bergandi.
Ushbu tashrifda Shayx Muhammad Avvomaga hamrohlik qilgan farzandi Turkiyaning Ibn Xaldun universiteti professori, doktor Muhiddin ibn Muhammad Avvoma safar davomida olgan taassurotlarining barchasini bir kitobga jamlab, “Sayyidim qiblagohim alloma imomning xizmatida O‘zbekistonga sayohat” (رحلة أوزبكستان بخدمة سيدي الوالد العلامة الإمام) kitobini ta’lif etdi.
Asar 2023 yil Saudiya Arabistoni Podshohligi Jidda shahridagi “Darul minhaji lin nashri vat tavzi’i” va Madinai munavvaradagi “Darul yusri lin nashri” bosmaxonalarida chop etilgan.
Ushbu kitob ulamolar yurti bo‘lgan – O‘zbekistonni dunyo hamjamiyatiga yanada tanitish maqsadida ta’lif etilgan asardir.
Muallif kitobning muqaddimasida “Ushbu kitob Buxoriy yurti (O‘zbekiston)ga sayohatim haqidagi sahifalar bo‘lib, juda ko‘plab muhiblar unga intizorligi, o‘ta zarurligi va ulkan ilmiy ahamiyatga ega ekani sababli tezroq nashr etishgan shoshdim”, deb yozadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Fitna – bu jamiyatda ixtilof, nizo va buzg‘unchilikka olib keladigan omillar majmuasidir. Tarix davomida fitna turli ko‘rinishlarda – siyosiy qarama-qarshilik, diniy ziddiyat yoki ijtimoiy beqarorlik sifatida namoyon bo‘lgan.
Fitna jamiyat rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, munosabatlarning buzilishiga sabab bo‘ladi. Ijtimoiy nizolar odamlar o‘rtasida ishonchni yo‘qotadi, bu esa hamkorlik va birdamlikka putur yetkazadi. Masalan, siyosiy fitnalar davlat institutiga bo‘lgan ishonchni kamaytirib, qonun ustuvorligiga xalaqit beradi. Iqtisodiy jihatdan, fitna savdo-sotiq, investitsiyalar va ishlab chiqarishning pasayishiga olib keladi. Tarixdagi ko‘plab misollar mavjud bo‘lib, fuqarolik urushlari, ommaviy tartibsizliklar fitnaning iqtisodiy va ijtimoiy zararlarini ko‘rsatadi.
Diniy yoki mafkuraviy fitnalar esa jamiyatdagi ma’naviy qadriyatlarga tahdid soladi. Bunday nizolar odamlarni guruhlarga bo‘lib, bir-biriga qarshi qo‘yadi, bu esa uzoq muddatli parokandalikka sabab bo‘ladi. Fitna ko‘pincha yoshlarning radikallashuvi, axloqiy buzilish va ma’naviy yo‘qotishlar bilan bog‘lanadi.
Baqara surasi 217-oyatida “Fitna qotillikdan ham og‘ir gunohdir”, 191-oyatda “Fitna qotillikdan ham yomondir” deyilgan.
“Tafsiri Irfon”da, zolim va qonxo‘r kimsalar hamisha insonlar, butun-butun qabilalar o‘rtasida fitna, nifoq solib, jamiyatning tinch hayotini parokanda qilishi, fitna esa odamlarni qatl qilishdan ham og‘ir jinoyat ekani aytilgan.
Fitna konstruktiv yo‘naltirilib, oldi olinmasa, buzg‘unchilik va beqarorlikka sabab bo‘ladi. Imom Buxoriy va Muslim rivoyat qilgan hadisda, “Yaqin orada fitnalar bo‘ladi. O‘sha chog‘da o‘tirib olgan odam tik turgandan yaxshiroqdir. O‘rnida jim tik turgan esa yurayotgan odamdan yaxshiroqdir. Yayov yurgan esa tez-tez yurayotgan odamdan yaxshiroqdir. Kim o‘sha fitnalarga e’tibor bersa uni fitna o‘ziga tortib ketadi. Kimki qutulishga joy topa olsa, o‘sha joyda fitnadan himoyalansin!”, deyilgan.
Bu hadisda Rasul alayhissalom fitnaga aralashib qolishdan qaytarib, undan chetda bo‘lish yo‘llarini bayon qilgan. Fitnaga qiziqmaslik, e’tibor qilmaslik, qo‘shilmaslik bilan himoyalanishni tavsiya qilganlar.
Fitnaning zararli ta’sirini kamaytirish uchun jamiyatda ma’rifat va muloqotni kuchaytirish zarur. Ta’lim va axborot vositalari orqali odamlarning tanqidiy fikrlash qobiliyatini oshirish, ularni fitna unsurlaridan himoya qiladi. Davlat va jamoat tashkilotlari esa adolatli qonunlar va ochiq muloqot orqali ishonch muhitini shakllantiradi.
Bundan tashqari, fitnaning oldini olishda ma’naviy-axloqiy tarbiya muhim o‘rin tutadi. Dini va milliy qadriyatlarga asoslangan tarbiya odamlarda birdamlik va o‘zaro hurmat tuyg‘usini mustahkamlaydi. Nihoyat, fitnaga qarshi kurashishda har bir fuqaroning mas’uliyatli va faol ishtiroki muhimdir.
Alloh taolo Hujurot surasi 6-oyatda “Ey iymon keltirganlar! Agar fosiq xabar keltirsa, aniqlab ko‘ringlar, bilmasdan bir qavmga musibat yetkazib qo‘yib, qilganingizga nadomat chekib qolmanglar” deb fitnaga sabab bo‘luvchi gap-so‘zlarga ko‘r-ko‘rona ergashib ketmasdan tekshirib ko‘rish lozimligini ta’lim bergan.
Shunday ekan, fitnani oldini olish, fitna keltirib chiqaruvchi sabablarni bartaraf etish, unga qarshi kurashish jamiyatning barcha a’zolari uchun umumiy vazifadir.
Shermuhammad Boltayev,
Xorazm viloyati Shayx Qosim bobo jome masjidi imom-xatibi.