Keyingi asrlarda butun kurrai zaminga keng tarqalgan bir illat bugungi kunda hammamizga tashvish bo‘lmoqda. Bu illat — giyohvandlik.
Inson uchun eng bebaho boylik — bu sog‘lik-salomatlikdir. Uni asrash esa har birimizga omonat qilib berilgan. Islom dinida ham inson joni, aqli va sihat-salomatligini saqlash, muhofaza etish eng muhim maqsadlardan bo‘lib hisoblanadi.
Giyohvand moddalarni iste’mol qilish inson kamolotiga, imon-e’tiqodiga xavf xatar solish bilan bir qatorda mustaqil mamlakatimiz rivojlanishi va taraqqiyotiga ham o‘ta salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Giyohvandlik nafaqat bu illat bilan shug‘ullanuvchilarga, balki butun jamiyatga tahdid soladi. Farg‘ona viloyatida "Dolzarb oylik" doirasida "Biz giyohvandlikka qarshimiz" shiori ostida targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda. Hududlar bo‘ylab o‘tkazilayotgan shu kabi tadbirlarda imom-xatiblar faol qatnashib, dinimiz ta’limotlarida inson salomatligiga e’tibor, giyohvandlik illatining zarari va keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan oqibatlari xususida aholiga, xususan, yosh avlod vakillariga keng tarzda tushuncha berishmoqda.
Milliy gvardiyaning viloyat boshqarmasida bo‘lib o‘tgan targ‘ibot tadbirida "Xo‘jamberdiboy" masjidi imom-xatibi Husniddin Tursunzoda, Buvayda tumanidagi tadbirda tuman bosh imom-xatibi Ahmadxon domla Nizomov, Qo‘shtepa tumani Kadastr agentligi hamda "Hududgaz"ning tuman bo‘limida o‘tkazilgan tadbirda tuman bosh imom-xatibi Abduxoshim Ahmadaliyevlar ishtirok etdi.
O‘tkazilayotgan targ‘ibot tadbirlaridan asosiy maqsad, asr muammosi va unga qarshi ko‘rilayotgan choralarni jadallashtirish, aholi, ayniqsa, yoshlarni bunday illatlarga berilib qolishining oldini olishdan iboratdir.
Joylarda bu kabi tadbirlar davom etmoqda.
Farg‘ona viloyati vakilligi Matbuot xizmati
O‘quv yili tugab, ota-onani ziyorat qilish, ularning xizmatiga borish vaqti kelgach, darslar tugab, imtihonlardan forig‘ bo‘lgach, «Endi butunlay bo‘shman, ilmdan forig‘ bo‘ldim», deb tasavvur qilmang. Ota-onaning xizmatida bo‘lib, duolarini oling. Ta’til payti ham siz uchun muhim bir vaqt hisoblanadi.
Ota-onangiz, aka-ukangiz, opa-singlingiz, qarindosh-urug‘laringiz nimalarni o‘rganganingizga, odobingiz qanday bo‘lganiga qiziqishadi. «O‘g‘limiz nimalarni o‘rganib keldi ekan-a, ustozlaridan nimalarni ta’lim oldi ekan» deb, havas ko‘zlari bilan qaray boshlashadi. Ana shunda siz ularni odobingiz, kamtarligingiz, xizmatingiz bilan xushnud qilsangiz, nafaqat o‘zingizni, balki ustozlaringizni, nafaqat ustozlaringizni, balki Islom dinini ham barchaga sevdirasiz.
Buning natijasi o‘laroq odamlarda din ilmiga rag‘bat oshib, ular ham farzandlarini ahli ilm qilishga, qori qilishga shoshib qoladilar. Aksincha, namozlar qazo bo‘la boshlasa, xulq-atvor yomon bo‘lsa, «Bu bola o‘qib yurib shu ahvolda bo‘lsa, bundan ko‘ra o‘qimaganimiz yaxshi ekan», deyishadi. Odamlarning ilm olishdan hafsalasi pir bo‘ladi, ustozlarni hurmat qilmay qo‘yishadi. Bu holatda dinga foydangiz emas, zararingiz ko‘proq tegadi. Bunday tolibi ilmlardan Alloh taoloning O‘zi asrasin!
Bir narsani yaxshi bilib oling: siz makonlar, holatlar o‘zgarishi bilan o‘zgarib qolavermang. Holatlar sizni o‘zgartirmasin, siz holatlarni o‘zgartiring. Doimo istiqomatda bo‘ling, sabot bilan turing. Alloh taolo har holatda ham sizni ko‘rib turganini aslo yodingizdan chiqarmang.
«Talabalik davrini qanday o‘tkazmoq kerak?» kitobidan