Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Dekabr, 2024   |   27 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:23
Quyosh
07:48
Peshin
12:30
Asr
15:20
Shom
17:04
Xufton
18:24
Bismillah
28 Dekabr, 2024, 27 Jumadul soni, 1446
Maqolalar

Onam bemor bo‘lsa ham...

10.10.2024   3784   2 min.
Onam bemor bo‘lsa ham...

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Bir kuni o‘g‘il bemor onasini ko‘chadan uyga olib kirayotganida ona:
– Meni qo‘yib yubor, sayr qilishni xohlayman, – dedi.
O‘g‘il:
–  Onajon, uyga kiring, ovqatlanib oling, keyin o‘zim sizni aylantirib kelaman, – dedi.
Ona: 
–  Yo‘q, hoziroq ko‘chaga chiqqim kelyapti, – dedi. 
Bu holatni kuzatib turgan kelin: 
–  Yana ko‘chaga chiqib ketibdilar. Ishqilib qo‘shnilar ko‘rmagan bo‘lsin-da, – dedi.
Ona xarxasha qilishda davom etdi. 
O‘g‘il esa onasini oshxonaga kuzatib qo‘ydi. So‘ngra hovlining bir chetida o‘yga toldi. Shunda ayoli kelib: 
– Dadasi, siz ham ishingizdan qolib ketyapsiz. Men ham uy-ro‘zg‘ordan ortmay onajonga qaray olmayapman. Keling, onajonni biror kasalxonagami yo qariyalar uyiga joylashtiraylik. Ular bizdan ham yaxshi qarashadi. Siz ham, men ham bir tashvishdan qutulamiz.  
Shunda o‘g‘il: 
–  Chamasi 6 yosh edim. Onam kechki ovqat tayyorlash uchun sabzi artayotganlarida bexos barmoqlarini kesib oldi. Shunda onam qo‘llarini bog‘lab, hech narsa bo‘lmaganday ishida davom etdi. Bir kuni men ham barmog‘imni kesib oldim. Buni ko‘rgan onam chiday olmay, oldimda parvona bo‘ldi. Shifokorga borib kerakli muolajalarni qilgach, ko‘ngillari xotirjam tortdi. Shunda bildimki, onam barmoqlarini kesganlarida etlari, mening barmog‘im kesilganda esa yuraklari kesilgandek bo‘lgan ekan. Yoshligimdan onam oq yuvib, oq taradilar. Endi navbat meniki, – dedi.
O‘g‘il so‘zida davom etib: 
–  Sen onamdan uyalib “qo‘shnilar nima der ekan” desang, men onamni ijaraga uy olib bo‘lsa ham qarayman. Bilaman, ro‘zg‘orning yuki mening zimmamda. Uni ham qilaman. Lekin onamning taqdiri ertaga sening boshingga tushmasmikin?! Shundan qo‘rqaman. Onam bemor bo‘lsa ham doim yonimda, shundan baxtiyorman.   

 Akbarshoh RASULOV, 
tarjimasi

Ibratli hikoyalar
Boshqa maqolalar

Imom – so‘zi va amali uyg‘un inson

27.12.2024   1760   2 min.
Imom – so‘zi va amali uyg‘un inson

1. Diniy sohani tanlashingizga nimalar va kimlar turtki bergan?

– Diniy sohani tanlashimga padari buzrukvorim sababchi bo‘lgan. U kishi bizga yoshligimizdan qisqa suralarni yodlattirgan. Tumanimizdagi jome masjidlar imomlariga shogird tushdim. Maktabni tugatgach, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutiga o‘qishga kirdim.
 

2. Bugungi imom qanday bo‘lishi kerak?

– Bugungi imom ilmli, odobli, muomalada, yurish-turishda barchaga ibrat va namuna bo‘lishi zarur. O‘z ustida tinimsiz ishlashi kerak. Shu bilan birga, yurtimizda diniy-ma’rifiy va boshqa sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlardan xabardor va bu xayrli ishlarni xalqqa yetkaza oladigan bo‘lishi zarur.


3. Imom-xatib odamlar orasida xuddi yuzdagi xoldek bo‘lishi kerak. Shunday emasmi?

– Bugun xalqimiz ma’rifatini yuksaltirish, ­bid’at-xurofotlarga murosasiz bo‘lishda imomning o‘rni alohida. Imomning so‘zi va amali uyg‘un, ya’ni aytganiga o‘zi amal qiladigan bo‘lishi kerak. Shunda­gina u odamlar orasida xuddi yuzdagi xoldek bo‘ladi.


4. Bugun jamiyatimizda sizni qaysi jihatlar quvontiradi va tashvishga soladi?

– Yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan xayrli ishlar barcha qatori meni ham quvontiradi. Ayniqsa, Qur’on va tajvidni o‘rgatish kurslari faoliyati yo‘lga qo‘yilgani tahsinga sazovor.

Ayrim yoshlarning bilib-bilmay aqidasi buzuq turli g‘alamislar tuzog‘iga tushib qolayotgani dilni xufton qiladi.


5. Eng ko‘p o‘qiydigan kitoblaringiz? Diniy manbalardan tashqari qanday mavzulardagi kitoblarni mutolaa qilasiz?

– Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahi­mahullohning “Tafsiri Hilol”, “Hadis va hayot”, “Ruhiy tarbiya” asarlarini qo‘ldan qo‘ymay mutolaa qilaman. Alixonto‘ra Sog‘uniyning “Turkiston qayg‘usi” kitobi, jadidchi bobolarimizning asarlari meni maftun etgan.


6. Tanlagan kasbingizdan ko‘nglingiz to‘lmagan paytlar ham bo‘lganmi?

– Kasbim – faxrim. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning meroslarini imkon qadar xalqqa yetkazayotganimdan behad baxtiyorman, alhamdulillah.


Ma’lumot o‘rnida, Shokirxon Imomiddinov 1979 yilda Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumanida tug‘ilgan. 1997–2001 yillarda Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida ta’lim olgan. 2001 yildan beri Quyi Chirchiq tumani “Olmazor” jome masjidida imom-xatib hamda 2019 yildan buyon mazkur tuman bosh imomi bo‘lib ishlab kelmoqda. 

"Hidoyat" jurnalining 8-sonidan olingan

 

Imom – so‘zi va amali uyg‘un inson
Maqolalar