Bismillahir Rohmanir Rohiym
Islom mutafakkiri va buyuk voiz, ahli sunna val-jamoaning eng ko‘zga ko‘ringan olimlaridan biri, nufuzli 500 ta ulamolar ro‘yxatiga kiritilgan alloma Bahouddin Muhammad Jamoluddin Nadavi 1951 yil Hindistonda tavallud topgan.
1974 yilda Hindistondagi “Nuriya” arab universitetini, 1979 yilda Kalkutta dorulfununini tamomlagan. So‘ng ta’lim va tadris ishlari bilan shug‘ullangan.
1981 yilda Laknovdagi “Dorul-ulum”ning arab tili va islomiy ilmlar bo‘yicha xalqaro shahodatnomasiga ega bo‘lgan.
1987 yilda ushbu mutaxassisliklar bo‘yicha magistr darajasiga erishgan. Shundan keyin o‘z yurtiga qaytib, Kallekut universtetida faoliyatini davom ettirdi. 1993 yilda doktorlik ishini yoqlagan.
1998 yil Misrdagi “Al-Azhar” jomeasida ilmiy faoliyatini davom ettirgan.
Olim “Dar al-Huda” Islom universitetini tashkil etilishida muhim rol o‘ynadi va u hozirda Dhaja shahridagi universitetda vitse-prezident sifatida xizmat qilmoqda.
Bahouddin Muhammad Jamoluddin Nadavi Assotsiatsiya Kengashi va Butun Hindiston Islom diniy ta’lim qo‘mitasi, Kerala shtatidagi Haj ishlari bo‘yicha Butun Hindiston Islom diniy ta’lim qo‘mitasi, hukumat maktablari uchun o‘quv qo‘mitasining a’zosi, ingliz tilidagi “Islamic Insight International Journal of Islamic Studies” jurnalining bosh muharriri va “Dar al-Huda” Islom universiteti tomonidan nashr etilayotgan ikki islomiy jurnal: Talijsham (Nur) va Sunchda Kudumim (Oila) jurnallari tahrir kengashi raisi hamda barcha Kerala o‘qituvchilari uyushmasi raisi sanaladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Rossiya Federatsiyasi hududida vaqtincha bo‘lib turgan fuqarolarimiz bilan doimiy muloqotni qo‘llab-quvvatlab turish, ularning haq-huquqlarini himoyalash, huquqiy ongini oshirish, ma’rifatini ziyoda qilish bo‘yicha suhbatlar o‘tkazish maqsadida O‘zbekiston delegatsiyasining Tatariston va Boshqirdistonga xizmat safari uyushtirildi.
Prezident Administratsiyasining topshirig‘i ijrosiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari O. Abdullayev boshchiligida yurtimizning Rossiya Federatsiyasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi B.Asadov, Bosh konsuli M.Xayriddinov va bir qator tegishli tashkilotlar vakillaridan tashkil topgan delegatsiya tarkibida O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakili Ibrohimjon Inomov ham ishtirok etdi.
Vatandoshlarimiz bilan “Ota-onani rozi qilish – farzandlik burchi”, “Halol kasb – baraka kaliti”, “Milliy va diniy qadriyatlarimiz”, “Oilada farzand tarbiyasi”, “Aqidada adashmaylik!”, “Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish odobi”, “Islomda bag‘rikenglik”, “Islomda vatanparvarlik tushunchasi” mavzularida suhbatlar o‘tkazildi. Har qanday diniy mavzudagi ma’lumotlar borasida O‘zbekiston musulmonlari idorasiga tegishli rasmiy internet tarmoqlardan foydalanish tavsiya etildi. Turli diniy oqimlardan ehtiyot bo‘lish zarurligi – ham shariat ko‘rsatmasi, ham zamon talabi ekani ta’kidlandi.
Rossiya musulmonlari markaziy diniy idorasi raisi, muftiy Talgat Safa Tadjuddin hazrat delegatsiya a’zolarini qabul qilib, O‘zbekiston xalqiga mehri o‘zgacha ekanini bildirdi. Uchrashuv davomida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining salomi esdalik hadyalari taqdim etildi. Muftiy Talgat Safa Tadjuddin hazrat mehmonlarni Diniy idora va uning qoshidagi Rossiya islom universiteti bilan tanishtirib chiqdi.
Xizmat safari davomida vatandoshlarimiz bilan bo‘lgan suhbatlarda bugun mamlakatimizda qilinayotgan ishlar to‘g‘risida to‘xtalinib, yurt tinchligi, xalq farovonligi va salomatligi, dinimiz ravnaqi yo‘lidagi islohotlar, yangiliklar haqida ham aytib o‘tildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati