O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari tashabbusi bilan respublikamizning olis hududlarida faoliyat yuritayotgan 50 nafarga yaqin imom-xatib va imom noiblarining poytaxtimizga safari tashkil etildi. Unda ishtirokchilar Diniy idora faoliyati bilan yaqindan tanishib, “Hazrati Imom” majmuasi ziyoratida bo‘ldilar.
Dastlab imomlar Qaffol Shoshiy maqbarasini ziyorat qilib, bu yerda qo‘nim topgan ulamolar hayoti va faoliyati to‘g‘risida ma’lumotga ega bo‘lishdi. Shuningdek, majmuadagi Mo‘yi muborak madrasasida joylashgan Hazrati Usmon mus'hafi ziyorat qilindi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi binosi ko‘zdan kechirildi.
Kun davomida imomlar Diniy idora bo‘limlarining ish jarayonini ko‘zdan kechirdilar. Ularga mas’ul vakillar har bir bo‘limning asosiy maqsad va vazifalari, qilayotgan ishlari, erishgan yutuq va muvaffaqiyatlari, shuningdek, kelgusi rejalari to‘g‘risida atroflicha so‘zlab berdi. Xususan, imomlar muslim.uz portalining yangi zamonaviy studiyasini ko‘zdan kechirib, bu yerda matnli, audio va video materiallar tayyorlanishi haqida kerakli ma’lumotlarni olishdi. Shu bilan birga, Fatvo markazi va “Shamsudinxon Boboxonov” nashriyot matbaa ijodiy uyi faoliyatlari, Toshkent islom instituti o‘quv jarayoni bilan ham yaqindan tanishildi.
Ziyorat va tanishuvlardan so‘ng O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov, Diniy idora bo‘lim mudirlari Shayx Alijon qori Haydarov va Muzaffar Kamolovlar imomlar bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Samimiy muloqotda mutasaddilar imomlarni tashrif bilan qutlab, yurtimizda diniy sohada bo‘layotgan o‘zgarishlar, Diniy idora tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berish barobarida har bir imom mas’uliyatli va sharafli vazifasini bekami ko‘st ado etishi, peshvolik maqomiga munosib bo‘lib, har jihatdan xalqimizga o‘rnak bo‘lish lozimgini alohida ta’kidlashdi.
Tadbir so‘ngida mazkur imomlarga esdalik sovg‘alari topshirilib, ularning haqqiga xayrli duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni bayrami yurtimizda milliy g‘urur va fidoyilik ramzi sifatida alohida o‘rin tutadi. Bu kun Vatan himoyasi yo‘lida halollik va jasurlik ko‘rsatgan barcha fuqarolarni qadrlash, ularning hissasini e’tirof etish kunidir.
Vatan himoyachilari nafaqat harbiylar, balki mamlakat tinchligi va xavfsizligini ta’minlashga hissa qo‘shayotgan barcha insonlardir. Ular sog‘lom, barqaror jamiyat qurish yo‘lida faoliyat olib borayotgan, ertangi kunning tinchligi uchun mehnat qilayotgan va boshqalarga namuna bo‘layotgan kishilardir.
Har bir kishi vatanparvarlikni o‘z oilasidan, mahallasidan boshlashi lozim. Otinoyilar, ustozlar va ziyolilar yosh avlodga Vatanga bo‘lgan muhabbatni, uni himoya qilish mas’uliyatini yoshlikdan o‘rgatmog‘i kerak. Chunki kelajak avlodning ma’naviyati va irodasi Vatan mustaqilligini yanada mustahkamlaydi.
Bugungi kunda yoshlar harbiy bilimlar bilan birga axloqiy va ma’naviy tarbiyaga ham katta ahamiyat berishi kerak. Shu yo‘l bilan ular Vatanga fidoyilik bilan xizmat qilishga tayyor, shijoatli va barkamol shaxslar bo‘lib yetishadi.
14 yanvar kuni nafaqat bayram, balki Vatanga sadoqat va mas’uliyatni eslatuvchi muhim sana bo‘lib, har birimizga milliy iftixor hissini uyg‘otadi. Tinchlikning qadrini bilish, uni asrash va kelajak avlodga sog‘lom yurt qoldirish barchamiz uchun muqaddas burchdir.
Rizvon Bahramova,
Buxoro viloyati bosh imom-xatibining
xotin-qizlar masalalari bo‘yicha yordamchisi