Butunjahon musulmon ulamolari uyushmasi raisi, Doxa dinlararo muloqot markazi raisi, Qatar universiteti Shariat va islomshunoslik fakulteti professori Shayx Ali Qoradog‘iy 1949 yil Iroq Kurdistonining Sulaymoniya viloyatiga qarashli Qoradog‘ mintaqasida dunyoga kelgan.
Dastlabki ta’limni o‘z yurtidan olgan. Qur’oni karimni to‘liq yodlagach, Sulaymoniya shahriga amakisi Shayx Najmuddin Qoradog‘iy, Shayx Mustafo Qoradog‘iy va boshqa bir guruh olimlardan ilm o‘rganish uchun borgan. So‘ngra Bag‘dodda Shayx Abdulkarim Muhammad al-Modarris va Shayx Abdulqodir Xatib kabi olimlar qo‘lida tahsil olgan. Qoradog‘ mintaqasidan Ali Muhyiddindan tashqari Shayx Abdul Latif al-Kabir, Shayx Muhammad Najib Qoradog‘iy, Shayx Umar Qoradog‘iy, Shayx Mustafo Qoradog‘iy, Shayx Bobo Rasul, Shayx Nuriddin, Shayx Najmiddin, Shayx Zohid Xolid Naqshbandiy singari juda ko‘p ulamolar yetishib chiqqan.
Shayx Ali Qoradog‘iy 1970 yilda Bag‘doddagi Islom institutining bakalavr bosqichini imtiyozli tamomladi. Shundan so‘ng Imomi A’zam kulliyasida o‘qishini davom ettiradi va u yerni ham muvaffaqiyatli bitirib chiqadi. Keyin esa “Al-Azhar” universiteti Shariat va qonun fakultetida ilm olishni davom ettiradi hamda 1980 yilda Qiyosiy fiqh bo‘yicha magistaturani, 1985 yilda esa doktorantura bosqichini imtiyozli tamomlaydi.
“Islom shariati hamda fuqarolik qonunchiligida rozilik asoslari” doktorlik ishida sakkizta fiqhiy mazhab, shuningdek rim, ingliz, fransuz, misr va iroq qonunchiliklari tadqiq etilgan. “Al-Azhar” universiteti olimning mazkur ishini yuqori baholab, uni dunyoning bir necha tillarida chop etishni tavsiya qilgan.
1985 yilda doktor Ali Qoradog‘iy Qatar universiteti Shariat fakulteti o‘qituvchilari safiga qo‘shildi.
1990 yilda ushbu dargohda yordamchi o‘qituvchi, 1995 yilda esa professor unvonini oldi.
Olimning moliya, iqtisod, islom fiqhi kabi yo‘nalishlarda 30 dan ortiq kitoblari, 100 dan ortiq tadqiqotlari mavjud. “Islom banklarining fiqhi”, “Islom sug‘urtasi (takoful)”, “Moliyaviy huquqlar hamda ularning amaliy tadbiqlari”, “Jahon moliyaviy inqirozi: sabablari, oqibatlari – Islom iqtisodiyoti nuqtayi nazaridan yechimlari”, “Biz va boshqalar: Qur’on, sunnat va muvozanat qonunlari nuqtayi nazaridan, tinchlik, urush, ozchilik va ko‘pchilik holatidagi musulmonning boshqalar bilan bo‘lgan munosabati bayoniga asoslangan tadqiqotlar”, “Zakotga doir zamonaviy fiqhiy masalalar”, “Zamonaviy tibbiy masalalar fiqhi”, “Islom iqtisodiyoti”, “Zamonaviy fiqhiy munosabatlar”, Imom G‘azzoliyning “Vasit” va “Ey farzand” asarlari tadqiqi va sharhi shular jumlasidan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Muhyiddin ibn Arabiy aytadilar: “Kimning qanday hojati bo‘lsa, shom namozining farz va sunnatini o‘qib bo‘lganidan keyin o‘rnidan turmasdan Fotiha surasini 40 marta o‘qisin. Shundan keyin, Allohdan hojatini so‘rasin, albatta so‘ragan narsasini beradi. Biz buni tajriba qilib ko‘rdik va foydasini topdik. Fotiha surasini o‘qib bo‘lganidan so‘ng ushbu duoni o‘qiydi: “Allohim! Sening ilmingni o‘zi Sendan so‘ramaslikka kifoya. Fotiha surasining haqqi hurmatidan O‘zing so‘rovimga kifoya qil. Sening karamingni o‘zi Senga so‘zlamaslikka kifoya. Fotiha surasining haqqi hurmatidan so‘zimga kifoya qil va qalbimdagi tilagimni hosil qil”.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV