Bismillahir Rohmanir Rohiym
Anqaradagi Islom tafakkuri instituti direktori Mehmet Go‘rmez 1959 yilda Turkiyaning Gaziantep viloyati Nizip tumanida tug‘ilgan. Boshlang‘ich ta’limni Nizipda, o‘rta ta’limni Gaziantep Imom Xatib o‘rta maktabida tamomlagan.
1983-1987 yillarda Anqara universitetining ilohiyot fakultetida ta’lim olgan. O‘sha yili “Asosiy Islom fanlari” fakulteti “Hadis” kafedrasida magistraturada o‘qishni boshladi.
1988 yili Turkiya Respublikasi Milliy ta’lim vazirligi tomonidan ajratilgan stipendiya bilan Qohira universitetida bir yil davomida ta’lim va ilmiy izlanishlar olib bordi.
1995 yilda doktorlik dissertatsiyasini “Sunnat va hadislarni tushunish va talqin qilishda metodologiya muammosi” mavzusida himoya qilgan.
1995-1997 yillarda Qozog‘istondagi Ahmad Yassaviy universitetining ilohiyot fakultetida faoliyat yuritgan.
1999 yilda dots.nt ilmiy unvoniga ega bo‘ldi.
2001-2003 yillar davomida Hacettepe universitetida dars berdi.
2003 yil Din ishlari bo‘yicha vitse-prezident etib tayinlandi.
2006 yilda professor unvonini qo‘lga kiritdi.
2010-2017 yillarda Din ishlari bo‘yicha raisi lavozimida faoliyat yuritdi.
Mehmet Go‘rmezning “Hadis ilmining asosiy masalalari”, “Qalb davosi”, “G‘azzoliy asarlarida Sunnat va Hadis hamda ularning sharhlari”, “Sunnat va hadisning haqiqiy qiymati”, “Sunnat va hadislarni tushunish va sharhlashda metodologiya muammosi” va boshqa ko‘plab asarlari nashr etilgan.
Hozirda o‘zi asos solgan Islom tafakkur instituti va Xalqaro Islom tafakkur jamg‘armasi prezidenti sifatida faoliyat olib bormoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
* * *
“Albatta, Alloh taolo sizlarning shifongizni sizlarga harom bo‘lgan narsada qilgan emas!” (Imom Tabaroniy va Imom Bayhaqiy rivoyati).
* * *
“Kishining og‘ziga tuproq solishi harom luqma solishidan yaxshiroqdir”
(Imom Ahmad ibn Hanbal rivoyati).
* * *
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Haromdan oziqlangan hech bir jasad jannatga kirmaydi”(Imom Abu A’lo rivoyati).
Duoning qabul bo‘lishi uchun ikkita sabab lozim. Birinchisi, halol luqmadir.
Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning huzurlariga kelib, duosi qabul bo‘lmaganidan arz qilganida, u zot: “Ey Sa’d, haromdan uzoq bo‘lgin! Chunki kimning qorniga harom luqma kirsa, uning duosi qirq kungacha ijobat bo‘lmas”, dedilar.
Yahyo ibn Muoz aytadi: “Ibodat Alloh xazinalaridan biridir. Bu xazinaning kaliti esa duodir. Bu kalitning tishlari esa halol kasb va halol luqmadir”.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Ayrim kishilar Allohning moliga nohaq sho‘ng‘iydilar. Qiyomat kunida ularga do‘zax bo‘lur” (Imom Buxoriy rivoyati).
Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam yana aytganlar: «Bir kishi uzoq safar qiladi, sochi to‘zg‘ib, ust-boshi chang bo‘ladi. Qo‘llarini osmonga cho‘zib: “Ey Rabbim, ey Rabbim”, deydi. Holbuki, yegani harom, ichgani harom, kiygani harom va haromdan oziqlangan. Bas, uning duosi qanday ijobat bo‘lsin?!» (Imom Muslim rivoyati).
Nigora MIRZAYEVA, to‘pladi.
“Hidoyat” jurnalining 2025 yil 9-sonidan