Azizlar, xabaringiz bor, 15-16 oktyabr kunlari Toshkent va Xivada «Islom – tinchlik va ezgulik dini» mavzusida xalqaro anjuman (https://t.me/islomuz/34907) bo‘lib o‘tadi. Anjumanda Urdun Xalqaro islomiy ilmlar dorilfununining doktori shayx Saloh Abul Hoj hazratlari ham qatnashadilar. U kishining «Hanafiy fiqhiga teran nigoh» mavzusida olib borgan davra suhbatlari tarjima qilinib, kitob shakliga keltirildi va bu kitob shu nom ostida «Hilol Nashr» matbaa-nashriyotida chop qilinmoqda (https://t.me/HilolNashr/23402).
Bu kitob to‘rt mazhabning, xususan, hanafiy mazhabining ahamiyatini, uning Islom ummati, musulmonlar hayotida tutgan o‘rnini ko‘rsatib beradi. «Hanafiy mazhabiga teran nigoh» kitobi – Ahli sunna val jamoa mazhabining fiqhini, manhajini o‘rganish, dinimizni o‘rganish sari qo‘yilgan muhim qadamdir. Kitobda hanafiy mazhabining tarixi, shakllanishi va mohiyati bayon qilingan, ayni paytda asrimizning vabosi bo‘lgan fitnaga – mazhabsizlikka qarshi aqliy va naqliy, ilmiy asoslangan, aniq va ishonchli dalillar keltirilgan. Xalqimiz asrlar davomida amal qilib kelayotgan hanafiy mazhabiga bilib-bilmay tuhmat toshlari otilayotgan, mazhabga ergashuvchilar Qur’onu Sunnatga emas, bir shaxsga ko‘r-ko‘rona ergashishda nohaq ayblanayotgan bugungi kunda «Hanafiy fiqhiga teran nigoh» kitobining chop qilinishi davr taqozosi o‘laroq, ayni muddao bo‘ldi.
14 oktyabr kuni soat 10:00 da «Hilol Nashr» nashriyotining majlislar zalida ushbu kitobning taqdimoti o‘tkaziladi. Taqdimotga kitob muallifi ham tashrif buyuradilar.
Ilmiy suhbatga marhamat, azizlar!