Kavkaz musulmonlari diniy idorasi raisi, muftiy shayxul-Islom Allohshukur Poshozoda 1949 yil 26 avgustida Ozarbayjonning Lenkoran tumani Jil qishlog‘ida tavallud topgan.
Allohshukur Poshozoda maktabni tamomlagach, 1968 yili 19 yoshida Buxorodagi Mir Arab madrasasiga o‘qishga keladi. Madrasani tugatib, Imom Buxoriy nomidagi Islom institutiga o‘qishga kiradi. Oliygohni 1975 yilda tugatib, shu yilning o‘zida Kavkaz musulmonlari idorasiga mas’ul kotib va rais o‘rinbosari qilib ishga olinadi. 1979 yilning yozida Kavkaz musulmonlari diniy idorasining raisi etib saylanadi va shayx ul-islom maqomiga ega bo‘ladi.
Allohshukur Poshozoda 1985 yildan Iordaniya qirolligi akademiyasining, 1988 yildan Umumjahon Islom kongressi maslahatchilarining a’zosidir. U 1992 yilda Ozarbayjon, Gruziya, Dog‘iston, Ingushetiya, Checheniston davlati diniy arboblari tomonidan Kavkaz xalqining yuqori diniy maslahatchi raisi etib saylangan. Shuningdek, 2004 yildan BMTning Xalqaro diniy maslahatchi raisi sifatida faoliyat ko‘rsatmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Boku shahrida Turkiy davlatlar muftiylari yig‘ilishi doirasida ulug‘ mutafakkir, tasavvuf olimi Sayyid Yahyo Bokuviy merosiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya o‘z ishini boshladi.
Ushbu nufuzli tadbirda Turkiy davlatlar tashkiloti, Butunjahon musulmon donishmandlar kengashi, IRCICA, ICESCO, Al-Azhar ulamolar kengashi vakillari hamda yetuk sharqshunos va islomshunos olimlar ishtirok etmoqda.
Anjumanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ma’ruza qildilar.
Muftiy hazratlari Sayyid Yahyo Bokuviyning tasavvuf tarixidagi maqomi va uning ta’limoti haqida to‘xtaldilar. Shuningdek, nutqda alloma nafaqat tasavvuf, balki diniy ilmlar, tabiiy va aniq fanlarni egallagan qomusiy olim bo‘lgani, o‘ttizga yaqin asarlari inson nafsini tarbiyalashda muhim qo‘llanma ekani ta’kidlandi.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Qur’oni karim va hadisi shariflarga tayangan holda qalb salomatligi va pokligi inson hayotining bosh mezoni ekanini bayon etib, turkiy xalqlarni bog‘lab turgan umumma’naviy ildizlarga alohida urg‘u berdilar:
«Hazrat Ahmad Yassaviy, Bahouddin Naqshband va Sayyid Yahyo Bokuviy kabi buyuk zotlar ilgari surgan nafs tarbiyasi, insonparvarlik va yuksak axloq g‘oyalari bugun ham qardosh xalqlarimizni birlashtirib turuvchi mustahkam ma’naviy ko‘prikdir. Bunday ulug‘ siymolar merosini hamkorlikda o‘rganish xalqlarimizning ma’naviy birligini mustahkamlash va yoshlarimizni sog‘lom e’tiqod ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi».
Uch kunlik anjuman davomida O‘zbekiston ilmiy jamoatchiligi ham ma’ruzalar bilan ishtirok etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati