Xabaringiz bor, 15-16 oktyabr kunlari Toshkent va Xivada «Islom – tinchlik va ezgulik dini» mavzusida xalqaro anjuman bo‘lib o‘tadi.
Ayni vaqtda yurtimizga zamonamizdagi mo‘tabar ulamolarning tashrifi davom etmoqda. Xususan, Urdun Xalqaro islomiy ilmlar dorilfununining doktori shayx Saloh Abul Hoj hazratlari azim Toshkent shahriga tashrif buyurdilar.
Bugun, 14 oktyabr kuni hanafiy mazhabining zabardast ulamolaridan, shayx Saloh Abul Hoj hazratlari «Hilol Nashr» nashriyot-matbaasini ziyorat qildilar. Yirik olimni nashriyot rahbari, ustoz Ismoil Muhammad Sodiq samimiyat bilan kutib oldilar.
Tashrif davomida shayx Saloh Abul Hoj hazratlarining «Hanafiy fiqhiga teran nigoh» va ayollarga xos nozik masalalarga bag‘ishlangan «Marvaridlar shodasi» asarlarining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Taqdimotga muallifning shaxsan o‘zlari, yurtimizning taniqli ulamolaridan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi bosh mutaxassisi, Toshkent islom institutining katta ustozi Muhammad Ayyubxon domla Kosoniy, ustoz Mansur Ali Tojimuhammad o‘g‘li, Al-Azhar universitetining Qur’oni Karim va tajvid ustozi Muhammad Favziy qori al Barbariy, Qur’oni Karim xodimi Hasanxon Yahyo Abdulmajid, «Hanafiy fiqhiga teran nigoh» kitobini ona tilimizga ravon va tushunarli uslubda tarjima qilgan ustoz G‘iyosiddin Habibulloh hamda «Marvaridlar shodasi» asarini tarjima qilib, xalqimizga taqdim etgan zamonamiz muslimalarining peshqadam ustozlaridan Odinaxon Muhammad Sodiq, nashriyot rahbari Ismoljon domla Muhammad Sodiq hamda kitobsevar muxlislar tashrif buyurishdi.
Taqdimotni Nozimjon domla Hoshimjon olib bordilar. Tadbirni ustoz Ismoil domla Muhammad Sodiq ochib berib, tashrif buyurganlarga minnatdorlik izhor qildilar.
So‘ngra ustoz Muhammad Ayyub domla ushbu kitob haqida gapira turib bugungi kunda kitob ustida «Hanafiy mazhabi bo‘yicha» degan jumla bo‘lmasa o‘sha asarning savdosi sust bo‘layotgani, hanafiy mazhabining qadri baland ekanini ko‘pchilik bilib borayotganini bayon qildilar.
Keyin doktor Saloh Abul Hoj hazratlari so‘z olib, taqdim etilayotgan kitobni tolib ilm mutolaa qilib chiqmaguncha to‘laqonli hanafiy mazhabidagi ahli ilm bo‘la olmasligini bildirdilar hamda bu kitobni o‘zini hanafiyman degan har bir musulmon albatta o‘qib chiqishi lozimligini ta’kidladilar. Shuningdek, 1111 ta asardan iborat bo‘lgan hanafiy mazhabiga doir kitoblar bir joyga jamlanib, maxsus dastur tuzilgani e’lon qilindi va uning taqdimoti ham o‘tkazildi. Ushbu dastur dunyoda ilk bora o‘zbek ulamolariga hadya qilindi. Mazkur dasturdan o‘rin olgan ko‘plab asarlarning mualliflari aynan yurtimizdan yetishib chiqqan allomalar ekani alohida e’tirof etildi. Shu o‘rinda ajdodlarga munosib voris bo‘lish uchun ham hanafiy mazhabini teran o‘rganish va ulamolaring hayotlaridan boxabar bo‘lish zarurligi yana bir bor ta’kidlab o‘tildi.
Shu bilan bir qatorda «Marvaridlar shodasi» kitobi haqida ham to‘xtalib o‘tdilar. Alloh taoloning izni bilan ayollarga xos nozik masalalarni o‘zbekzabon o‘quvchilarga kitob shaklida taqdim etish baxti ustoza Odinaxon Muhammad Sodiq boshchiligidagi ilmiy jamoaga nasib etdi. Ushbu kitob ikki fasl, to‘rt bobdan iborat bo‘lib, ayollarga tegishli nozik masalalar sodda va ravon uslubda bayon etilgan.
Taqdimot davomida «Hanafiy fiqhiga teran nigoh» asarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan ustoz G‘iyosiddin Habibulloh tarjima jarayoni haqida qisqacha to‘xtalib, «O‘zi hanafiyman deb, ammo shu mazhab haqida ba’zi shubhalarda yurgan kishilar ushbu kitobni o‘qib chiqsalar, qalblaridagi shubha-gumonlardan Allohning izni bilan batamom qutuladilar», deya ta’kidladilar.
Shu o‘rinda «Hanafiy fiqhiga teran nigoh» kitobiga qisqacha ta’rif berib o‘tsak.
Bu kitob to‘rt mazhabning, xususan, hanafiy mazhabining ahamiyatini, uning Islom ummati, musulmonlar hayotida tutgan o‘rnini ko‘rsatib beradi. Ushbu asar – Ahli sunna val jamoa mazhabining fiqhini, manhajini o‘rganish, dinimizni o‘rganish sari qo‘yilgan muhim qadamdir. Kitobda hanafiy mazhabining tarixi, shakllanishi va mohiyati bayon qilingan, ayni paytda asrimizning vabosi bo‘lgan fitnaga – mazhabsizlikka qarshi aqliy va naqliy, ilmiy asoslangan, aniq va ishonchli dalillar keltirilgan. Xalqimiz asrlar davomida amal qilib kelayotgan hanafiy mazhabiga bilib-bilmay tuhmat toshlari otilayotgan, mazhabga ergashuvchilar Qur’onu Sunnatga emas, bir shaxsga ko‘r-ko‘rona ergashishda nohaq ayblanayotgan bugungi kunda «Hanafiy fiqhiga teran nigoh» kitobining chop qilinishi davr taqozosi o‘laroq, ayni muddao bo‘ldi.
Tadbir yakunida Al-Azhar universitetining Qur’oni Karim va tajvid ustozi Muhammad Favziy qori al Barbariy Qur’oni Karim oyatlarini bir necha imomlar qiroatida go‘zal savt va ado bilan tilovat qilib, tadbirga yig‘ilganlarning qalblarini xushnud etdilar. Tilovatdan so‘ng doktor Saloh Abul Hoj hazratlari dinimizning rivoji, yurtimizning ravnaqi, xalqimizning farovonligi, insonlarning o‘zaro hamjihatligini so‘rab duolar qildilar.
Manba: https://islom.uz/maqola/22747
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Hech shubha yo‘qki, xalifa Usmon ibn Affon roziyallohu anhuning o‘limlariga sabab bo‘lgan hodisalardan tortib hazrati Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhuning o‘limlarigacha bo‘lgan davrda bo‘lib o‘tgan hodisalar Islom uchun, musulmon ummati uchun misli ko‘rilmagan musibat bo‘ldi.
Ushbu hodisalar tufayli musulmon ummati o‘rtasida bo‘linish yuz berdi. O‘sha paytgacha bir tanu bir jon bo‘lib, butun dunyoga Islom nurini taratib kelayotgan, butun insoniyatga xayru barakani ulashib kelgan dunyo tarixidagi eng yaxshi ummat ichida darz paydo bo‘ldi. Avvallari bu ummat vakillari ixtilof nimaligini bilmas edilar. Vaqti kelib, ular avval ikkiga, keyinroq uchga bo‘linib ixtilof qildilar. Xuddi o‘sha mash’um hodisalar tufayli boshlangan bu bo‘linishlar sekin-asta davom etib, musulmon ummatining sog‘lom tanasi ichidan turli-tuman toifalar chiqdi. Shiy’a, rofiza, xavorij va shunga o‘xshash boshqa har xil toifalarning kelib chiqishi aynan ana shu hodisalardan boshlangan edi.
Mazkur hodisalar tufayli musulmon ummati avval hokim shaxs haqidagi ba’zi mulohazalar bilan bahs boshlagan bo‘lsa, oxiri kelib iymon va kufr borasida bahs qiladigan, bir-birini kufrga ketganlikda ayblaydigan darajaga yetdi.
Ushbu hodisalar, avvalo, fitnachilarning hazrati Usmonga u kishi ishga qo‘ygan ba’zi voliylar haqida shikoyat qilishlari bilan boshlangan edi. Oxiri kelib xorijiylar o‘zlariga muxolif bo‘lganlarni, hatto hazrati Aliydek zotni kofirlikda ayblay boshlashdi. Tabiiyki, qarshi tomondan ham o‘ziga yarasha javob bo‘ldi.
Ushbu hodisalar tufayli musulmon ummati ichida bir-birining qonini o‘zi uchun halol bilish va bir-birini o‘ldirishni ravo ko‘rish boshlandi.
Birinchi marta fitnachilar hazrati Usmon roziyallohu anhuning qonlari va mollarini o‘zlariga halol hisoblab, u kishini o‘ldirib, mollarini talashdi. Ana shu nobakorlik oqibatida ishlar rivoj topib, «Tuya hodisasi»da, «Siffin»da bir necha o‘n minglab kishi halok bo‘ldi. Xorijiylar bilan bo‘lgan alohida hodisalarni qo‘shadigan bo‘lsak, bu hisob yana ham ortadi.
Bir tanu bir jon bo‘lib, dunyo xalqlarini birin-ketin bandalarning bandalarga sig‘inishidan Allohning ibodatiga, noto‘g‘ri dinlarning jabridan Islomning adolatiga, dunyo torligidan oxirat kengligiga, johiliyat zulmatlaridan Islom nuriga chiqarayotgan ummat bir-birini Robbiga ibodat qilishdan chiqarish, bir-biriga jabr qilish, Islomning kengligidan ixtilof torligiga, Islom nuridan jaholat zulmatiga o‘ta boshladi.
Ushbu hodisalar tufayli musulmon ummatining guli, yetakchi kuchi bo‘lmish sahobai kiromlarning ko‘pchiligi nobud bo‘ldilar. Ularning ma’naviy kuchlariga futur yetdi.
Ushbu hodisalar tufayli musulmon ummati boshiga tushgan musibatlarni birma-bir sanab chiqish nihoyatda og‘ir ish. Shuning uchun bu borada gapni qisqa qilganimiz ma’qul.
Endi ijozatingiz bilan mazkur hodisalarga baho berish haqida bir necha og‘iz so‘z.
Bu hodisalar bo‘lib turgan vaqtlarning o‘zidayoq ularga baho berish boshlangan. Unda har bir tomon o‘zini haq, o‘zgani nohaq deb bilgan. Tarafkashlik bo‘lib turgan joyda bundan boshqa narsa bo‘lishi mumkin ham emas. Ammo mazkur hodisalarga baho berish ular bo‘lib o‘tganidan keyin nihoyatda avj olgani kutilmagan hol. Ushbu hodisalar bo‘lib o‘tgandan keyin turli sabablarga ko‘ra ularni baholash, «kim nima qilgan-u, kim nima qilmagan, aslida nima qilish kerak edi», kabi mavzularda munozaralar qizib ketgan. Bu borada har kim o‘sha to‘palonlar yuz bergan vaqtdagi har bir harakat va sakanot, har bir og‘iz gap va so‘zdan o‘z fikrini qo‘llashga, o‘zganing fikrini rad qilishga dalil izlagan. Tarafkashlik va nizo olovida qizib ketib, dalil topa olmay qolgan paytlarda o‘zidan qo‘shib yuborishlar bo‘lmaganiga esa hech kim kafolat bera olmaydi.
Tarafkashlik avj olgan joyda har kim o‘zining haq ekanini isbot qilishga urinib, o‘zida bo‘lmagan yaxshi sifatlarni bemalol da’vo qilganidek, o‘zida bo‘lgan salbiy sifatlarni taraddudsiz inkor etadi. Shu bilan bir vaqtda, qarshi tarafning barcha yaxshiliklarini inkor etgan holda, barcha yomonliklarni unga ag‘daradi. Mana shu jarayonda nima bo‘lsa bo‘ladi.
Islom ummati yolg‘on nima ekanini bilmas edi. Ammo fitnachilar o‘z qilmishlarini xaspo‘shlash, odamlarni ortlaridan ergashtirish maqsadida bu ummat ichiga «yolg‘on» degan illatni olib kirishdi. Jumladan, ular: «Bizga Aliydan xat keldi» «Bizga Oishadan xat keldi», «Bizga falonchidan xabar keldi» «U debdi», «Bu debdi» degan yolg‘onlarni ham tarqatishgan edi.
Fitnachilar mazkur mash’um hodisalar o‘tib ketganidan keyin ham o‘z tarafini olib, o‘zgani tanqid qilishda davom etaverishdi. Bu narsalar asta-sekin avj ola boshladi. Tarafkashlikda uchiga chiqqan tomonlar esa o‘z gaplarini tasdiqlash uchun oyat va hadislarni nohaq ta’vil qilganlari yetmagandek, yolg‘onlar to‘qib, hatto ularga hadis sifatini berishgacha yetib borishdi.
Ammo mas’ul kishilar, ulamolar bu nobakorlikni darhol bo‘g‘ib tashlash yo‘liga o‘tdilar. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga oid barcha rivoyatlar yaxshilab himoya qilindi. Hadislarning darajalarini aniqlashning mustahkam qoidalari ishlab chiqildi. Bu borada fitnachilarning fitnasi o‘tmadi.
Ammo tarixchilar keltirgan rivoyatlarga bu qadar e’tibor qaratilmadi, chunki tarix haqidagi rivoyatlar din va e’tiqod masalalari bo‘yicha rivoyatlar ahamiyatiga ega emas, degan o‘y bor edi. O‘sha paytlarda bo‘lib o‘tgan hodisalar haqidagi rivoyatlar to‘plandi. Ammo ularni saralash va yaroqsizini tashlab yuborish ishlari qilinmadi. Bu narsa ayniqsa hukmdorlik uchun o‘zaro kurash olib borgan toifalarga qo‘l keldi. Ular turli asossiz rivoyatlardan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanish bilan birga, yetmay qolgan joylariga o‘zlaridan qo‘shib yuborishdi.
Asta-sekin sahobai kiromlarga til tekkizish boshlandi. Til tekkan sahobiyning tarafdorlari o‘ziga yarasha javob berishdi. Har kim o‘zi ergashgan shaxsni ulug‘lashga o‘tdi.
Ayniqsa, hazrati Aliy roziyallohu anhu haqlarida bunga o‘xshash gap-so‘zlar ko‘p uchraydi. Ba’zi g‘uluvga ketgan toifalar u zotni ilohlik darajasigacha ko‘targan bo‘lishsa, xorijiylarga o‘xshash kimsalar: «Kufrga ketdi», deyishgan.
Yana boshqa bir toifalar hazrati Aliy roziyallohu anhuning taraflarini olish maqsadida u zotni mazlum qilib ko‘rsatishga urinib, boshqa bir nechta katta sahobalarni esa kofirga chiqarib qo‘yishgan.
Bu masalalarga bag‘ishlangan majlislar, janjallar bo‘ldi, kitoblar yozildi, xutbalar o‘qildi. Nima bo‘lsa bo‘ldi, lekin ixtilof ko‘payib boraverdi.
Nihoyat, musulmonlar jumhuri – ahli sunna val jamoa bu masalada ijmo’ ila eng adolatli va so‘nggi nuqtani qo‘ydi: orada bo‘lib o‘tgan ko‘ngilsiz hodisalarda hazrati Aliy va u zotning tarafdorlari haq bo‘lganlar. Ular haqida boshqacha gap bo‘lishi mumkin emas. Bunga dalil va hujjatlar yetarli. Ularning eng ishonchli va kuchlisi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan vorid bo‘lgan sahih hadislardir. Xususan, Ammor ibn Yosir roziyallohu anhu va Zul Sadyaynining hazrati Aliy roziyallohu anhuning fazilatlari haqidagi, kelajakda bo‘ladigan fitnalar haqidagi hadislari fikrimizga dalil bo‘la oladi.
Orada bo‘lib o‘tgan ko‘ngilsiz hodisalarning aybdorlari Ibn Saba’ boshliq fitnachilar va xorijiylardir, barcha qilingan gunohlar ularning bo‘ynida. Ular haqida boshqa gap bo‘lishi mumkin emas.
Fitnachilar asosan Misr, Basra va Kufada tuxum qo‘yib, urchib ketishdi. Fitnaning bosh qarorgohi Misr edi. Uning Islom jamiyatining markazidan uzoqda joylashgani, u yerda haqiqiy ulamolarning, xususan, sahobalarning kam bo‘lgani va boshqa shunga o‘xshash omillar fitnachilarning o‘z fikr-mulohazalarini avom xalqqa yetkazishlariga katta imkon berar edi.
Orada bo‘lib o‘tgan ko‘ngilsiz hodisalarda fitnachilarga ham, hazrati Aliy roziyallohu anhuga ham qo‘shilmagan, balki u zotga talab qo‘yib, talabi bajarilgandagina bay’at qilishlarini aytgan toifa ham bor edi. Ularning gaplari va qilgan ishlari «Tuya» va «Siffin» hodisalaridan hammamizga ma’lum. Ushbu toifaning mashhur shaxslari sifatida Talha ibn Ubaydulloh, Zubayr ibn Avvom, Muoviya ibn Abu Sufyon va Amr ibn Os roziyallohu anhumni eslash mumkin. Ahli sunna val jamoa musulmonlari ularni: «Xato ta’vil va ijtihod qilganlar», deb baholaydi. Ular haqoratlanmaydilar, yomonlanmaydilar. Balki sahobiy bo‘lganlar boshqa sahobai kiromlar bilan bir qatorda ko‘riladi.
Ulamolarimiz va musulmonlar jumhuri bu ishda g‘oyatda talabchan bo‘lgani sababli bu haqda har bir musulmon shaxs e’tiqod qilishi lozim bo‘lgan narsani aqiyda kitoblarimizga bitib ham qo‘yganlar.
Jumladan, ahli sunna val jamoaning eng mashhur aqiyda kitoblaridan biri bo‘lmish «Aqiydai Tahoviyya»da quyidagilar aytiladi:
«Biz ularning hammalari haqida yaxshilik bilan: «Robbimiz, bizni va bizdan avval iymon bilan o‘tgan birodarlarimizni mag‘firat qilgin, iymon keltirganlarga nisbatan qalbimizda g‘ashlik qilmagin. Robbimiz, albatta, Sen o‘ta shafqatlisan, o‘ta rahmlisan», deymiz (Hashr surasi, 10-oyat).
Alloh taolo bizning qo‘llarimizni o‘z vaqtida bo‘lib o‘tgan fitnadan asragan. Biz Allohdan tillarimizni ham mazkur fitnadan saqlashini so‘raymiz».
«Islom tarixi» birinchi juzi asosida tayyorlandi