Unda mamlakatimiz va xorijning ko‘plab olimlari ishtirok etmoqda.
Islom ilmlari xalqaro universiteti professori, doktor Saloh Muhammad Abulhaj (Iordaniya) ulardan biri. Quyida olimning mamlakatimizda o‘tkazilayotgan nufuzli xalqaro konferensiya haqida bildirgan fikrlarini keltiramiz.
–Toshkent va Xiva shaharlarida “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida tashkil etilayotgan xalqaro konferensiyada ishtirok etish men uchun faxr, – dedi Islom ilmlari xalqaro universiteti professori, doktor Saloh Muhammad Abulhaj (Iordaniya). – Asli iordaniyalik bo‘lsam ham, O‘zbekistonni birinchi Vatanim deb hisoblayman. Chunki bu aziz diyordan yetishib chiqqan buyuk allomalar menga ma’naviy ota-ona kabi qadrdondir. Qaysi kitobni ochmay Samarqand, Buxoro degan tabarruk manzillarning nomlariga, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Dorimiy kabi buyuk ulamolarning ismlariga takror-takror duch kelaman.
Bu yurtning allomalari, ustoz va imomlari biz uchun eng aziz va mo‘tabar zotlardir. Ularning barchasi bizga qadrdon va qardosh. Shu muborak diyor ahli bilan ko‘rishish baxtiga muyassar bo‘lganimdan bag‘oyat xursandman.
O‘zbekistonda buyuk va zabardast ulamolarning mavjudligi katta ne’mat va Allohning rahmati deb bilaman. Ushbu diyordagi barcha olimlar, imomlar, ilmiy soha vakillari sababli yurtingizda sof islomiy ta’limot yanada ravnaq topib, turli adashgan toifa vakillarining fitnasidan omondasiz.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining buyuk alloma va mutafakkirlar ilmiy merosini chuqur o‘rganish sohasidagi ulkan tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlayman. Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro markazlarining tashkil etilgani o‘zbek xalqiga ilm va ziyo taratishga hissa qo‘shadi. Zotan, Movarounnahr – O‘zbekistondan yetishib chiqqan mashhur olimlar, faqihlar, muhaddis, mufassirlarning faoliyatini o‘rganib, ularning asarlari ustida tadqiqot olib borish ulkan sharaf va mas’uliyatdir.
N.Usmonova,
O‘zA
Maqolaning audio shakli
Sahobalar ichida eng zehni o‘tkiri Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadilar: “Kunlardan birida bozorga bordim. Odamlarning mol-dunyo bilan ovora ekanliklarini ko‘rib ularga:
– Siz bu yerda savdo-sotiq bilan mashg‘ulsiz, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning meroslari tarqatilayotganidan xabaringiz yo‘qmi? – dedim. Savdogarlar qo‘llaridagi mollarini tashlab:
– Yo‘q, qayerda? – deb hovliqib so‘radilar.
– Falon masjidda, – deb javob berdim. Ular shoshib masjid tomon yugurib ketishdi.
Ammo birozdan so‘ng qaytib kelib:
– Nega bizni aldadingiz? Masjidda hech qanday meros tarqatilmayapti-ku? –deyishdi.
Men:
– Qanday qilib? Axir masjidda kimlarni ko‘rdingiz? – deb so‘radim.
Ular:
– Qur’on o‘qiyotgan qorilarni va hadis o‘rganayotgan tolibi ilmlarni, –deyishdi.
– Ana shu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning meroslaridir, – deb javob berdim.
“O‘zimdan so‘ng sizga ikki narsa qoldirdim, agar ularni mahkam tutsangiz hargiz adashmaysiz. Ular Allohning kitobi va Payg‘ambarning hadisidir”, degan sevikli Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga salavotu salomlar bo‘lsin”.
Davron NURMUHAMMAD