Tinchlik qaror topgan yurtda xotirjamlik hukm suradi, jamiyatda har tomonlama yuksalish bo‘y ko‘rsatadi. Mamlakat taraqqiyoti, farovonligi, yurt ahlining tumush obodligi osoyishtalik tufaylidir.
Shu nuqtayi nazardan aytish joizki, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan 15-16 oktyabr kunlari Toshkent va Xiva shaharlarida o‘tkazilayotgan “Islom — tinchlik va ezgulik dini” mavzuidagi nufuzli xalqaro konferensiya nafaqat yurtimizda balki dunyoda tinchlik va barqarorlikning ahamiyatini targ‘ib qilishda muhimdir.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2023 yil 19 sentyabrda bo‘lib o‘tgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida so‘zlagan nutqida buyuk olimlarning boy merosini o‘rganish, islomning asl insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berish maqsadida 2024 yil O‘zbekistonda “Islom — tinchlik va ezgulik dini” mavzuida xalqaro konferensiya o‘tkazish tashabbusini ilgari surgan edi.
Davlatimiz rahbarining ushbu ezgu tashabbusi xalqaro hamjamiyat tomonidan qizg‘in qo‘llab-quvvatlandi. Mazkur xalqaro konferensiyada Saudiya Arabistoni, Misr, Turkiya, Iordaniya, O‘mon, Rossiya, AQSH, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Hindiston va Pokiston kabi dunyoning 22 mamlakatidan 70 dan ortiq nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlari, din arboblari, muftiylar va taniqli ulamolar qatnashayotgani buning yorqin ifodasi.
Konferensiyada bugungi taxdikali va murakkab davrda tinchlikparvar islom dinining bag‘rikenglikka yo‘g‘rilgan ta’limotini o‘rganish, o‘zaro tajriba almashish, mavjud hamkorlikni mustahkamlash masalalari batafsil muhokama qilinadi. Shuningdek, anjuman O‘zbekistonning bag‘rikenglik va hamjihatlikka asoslangan namunaviy siyosatini jahonga tanitish yo‘li hamdir.
Ta’kidlash joizki, dunyoning turli mintaqa va davlatlarida insonning yashashi, ta’lim olishi, mehnat qilishi va iqtidorini namoyish etishi kabi hayotiy va tabiiy haq-huquqlari turli darajada poymol qilinayotgan bir davrda O‘zbekistonda 130 dan ortiq millat va elat vakillari bag‘rikenglik tamoyili asosida tinch-totuv yashamoqda. Xalqaro konferensiya islom dinining tinchlikparvar, ma’rifatga yo‘g‘rilgan g‘oyalari xususida mamlakatimiz va xorijiy olimlar, ekspertlar, ulamolarning o‘zaro fikr yuritishi uchun qulay muloqot maydoni bo‘lib xizmat qiladi.
Mamlakatimizda fuqarolar diniy erkinligini ta’minlash, bag‘rikenglik, islom ma’rifiy g‘oyasini targ‘ib etish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. E’tiborli jihati, yurtimizda yangi masjidlar, ulug‘ ajdodlarimiz nomi bilan atalayotgan majmualar qad rostlamoqda, diniy ta’lim muassasalari ochilyapti. Sohada xalqaro hamkorlik tobora rivojlanib, chet ellik taniqli ulamolar diyorimizga tez-tez tashrif buyurmoqda, nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan aloqalar mustahkamlanyapti. Bularning barchasi yurtdoshlarimizga cheksiz quvonch va o‘zgacha g‘urur bag‘ishlaydi.
Islom dini ayrim yovuz maqsadli kimsalar zo‘r berib aytayotganidek, jaholat tarqatadigan din emas, aksincha, o‘z mohiyatiga ko‘ra, haqiqat, ezgulik, adolat, xayrixohlik va bag‘rikenglik dini. Chin ma’noda uning dunyoda yoyilishi insoniyatga adolat, xavfsizlik va osoyishtalikni in’om qilib, uni jaholat, adolatsizlik, tartibsizlik va urushlar zulmatidan saqlaydi
Islom dini tinchlikni targ‘ib qilishi haqida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ko‘plab xalqaro minbarlarda o‘z fikr va tashabbuslarini bildirgan. Ulardan kelib chiqib, BMT 2017 yil 21 dekabr kuni “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyutsiyasini qabul qildi. Mazkur hujjatda terrorizm, zo‘ravonlik, ekstremizm hech din, millat va sivilizatsiya bilan aloqador emasligi va u bilan bog‘liq holda talqin qilinmasligi lozimligi belgilab qo‘yildi.
Islom insoniyat baxtli bo‘lishiga xizmat qiladi. Bu oliy maqsadni amalga oshirish uchun targ‘ibot, tushuntirish, dalilni asoslash yo‘llariga tayanadi. Dinimizda majburlash va bo‘ysundirish yo‘q. Islom dini insoniyatni tinchlikka, omonlikka, bag‘rikenglikka, do‘stlik va hamjihatlikka, bunyodkorlikka, ilm-ma’rifatga da’vat etadi. Shuning uchun ham yurtimizdan yetishib chiqqan allomalar o‘z asarlarida insoniyatni ezgulikka, yaxshi amallarga chorlovchi misralarni bayon etgan va bunga umri davomida amal qilib yashagan.
Islom so‘zining ma’nolaridan biri ham tinchlikdir. Muqaddas dinimizda xotirjamlik inson qalbidan boshlanishi ta’kidlanadi. Qalbdagi osoyishtalik oilaga ko‘chadi. Islom oila tinchligi uchun zarur bo‘lgan barcha chorani ishga soladi. Oiladagi tinchlik qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shnilar orasiga, so‘ngra jamiyatga ko‘chadi. Davlat miqyosidagi tinch yashashga esa jamiyat tinch bo‘lgandagina erishiladi.
Muqaddas dinimiz nafaqat musulmonlar, balki butun insoniyat va hatto barcha mavjudotni rahm-shafqatli va mehribon bo‘lishga chaqiradi. Odamlarni ezgulikka chaqirishda faqat tinchlik va farovonlik muhiti bo‘lgandagina muvaffaqiyatga erishiladi. Zero, tinchlik islom maqsadlari va manfaatlarining eng yuqori pog‘onasida turadi.
Insoniyatning tinchlikka ehtiyoji suv va havoga bo‘lgan muhtojligi kabidir. Shuning uchun Qur’oni karimda tinchlikning hayotiy zarurligi haqida bir necha oyatlar kelgan.
Tinchlik Aploh taoloning bandalariga ne’mati va marhamatidir. Keyingi yillarda ham davlatimiz rahbari tomonidan bu masalaga alohida e’tibor qaratildi. Bunda, asosan, yurtimizdan yetishib chiqqan allomalar ilmiy merosini o‘rganish va targ‘ib qilishga urg‘u berildi.
Bugungi vaziyat har birimizdan doimo hushyorlik va ogohlikni, yoshlar tarbiyasiga mas’uliyat bilan yondashishni, ularning bilimi va savodxonligini tinmay oshirib borishni, shu yo‘l bilan jaholatga ma’rifatni qarshi qo‘yib, ular qalbini chetdan bo‘layotgan barcha xurujdan qa’iy himoya qilishni talab etadi. Bu borada hamma birdek harakatda bo‘lishi, ogoh turishi, yurtimiz tinchligi, barqarorligi uchun o‘zaro hamkorlik qilishi darkor.
Loqaydlik, beparvolikka berilgan yoki o‘zim omon qolsam bo‘ldi, kabi noto‘g‘ri fikrda yurgan kimsalar buning oqibati nimaga olib kelishi to‘g‘risidagi quyidagi hadisi sharifni o‘rganishi kifoya:
“No‘mon ibn Bashir roziyallohu anhudan, u kishi Payg‘ambarimiz alayhissalomdan rivoyat qiladilar: “Allohnint haddi – chegarasida turganlar va undan chiqqanlarning misoli xuddi bir kemadan qur’a orqali joy olgan kishilarga o‘xshaydi. Ularning ba’zisi kemaning yuqorisidan, ba’zisi pastidan joy oldilar. Pastdagipar suvga hojatlari tushsa, yuqoridagiparning oldidan o‘tar edilar. Ular: “Yuqoridagilarga ozor bermasligimiz uchun o‘z ulushimizdan bir joyni teshib olsak, qandoq bo‘larkan”, dedilar. Agar ularni istakpari ila qo‘yib qo‘ysalar, hammalari halok bulurlar. Agar ularning qo‘llaridan tutsalar, ular ham, boshqalar ham – hammalari najot topurlar” (Imom Buxoriy rivoyat qipgan).
Jamiyatda bir illatning oldini olgan, uni ko‘rganda qarshi kurashgan birgina inson, butun bir millatni qutqargan bo‘ladi.
Bugun dunyoda tinchligini va xotirjamligini yo‘qotgan mamlakat va u yurtlarda istiqomat qilayotgan insonlar hayotlari, ta’bir joiz bo‘lsa, nurafshon nurni yo‘qotgan, zimiston ichida qolgan insonlarga o‘xshaydi. Bu voqeliklarni ko‘rib, eshitib turgan insonlar ibrat olib, xulosalar chiqarib, o‘zlari uchun in’om qilingan tinchlik va xotirjamlikni qadrlashlari, asrab-avaylashlari lozim. Shuning uchun ham biz yurtimizda hukm surayotgan tinchlik, xotirjamlikni saqlash, uni turli g‘arazli xuruj va hamlalardan, fitna hamda bo‘htonlardan himoya qilishimiz, manfur kimsalarning makr va puch g‘oyalariga uchmasdan, aldanmasdan, yosh avlodni ham ulardan xabardor etib, islom madaniyatining ezgu g‘oyalarini keng targ‘ib qilishni dolzarb vazifa sifatida bilishimiz lozim.
Ibrohimjon INOMOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi masul xodimi
Manba: «Xalq so‘zi» gazetasi 2024 yil 15 oktyabr, 210-son
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida "Islom ma’rifati, hadis ilmi va Imom Buxoriy merosi" o‘quv kursi o‘tkazildi. Mutaxassislar tomonidan yodgorlik majmuasi gid-ekskursovodlari uchun o‘tkazilgan mashg‘ulotlar doirasida ekskursiya faoliyati bilan bog‘liq huquqiy, nazariy va amaliy masalalar ko‘rib chiqildi, xabar bermoqda “Samarkandskiy vestnik” nashri.
- Bu yerga tashrif buyurgan har bir ziyoratchi faqat ibodat qilish uchun emas, balki ma’naviy "oziq" olish uchun ham borishi kerak, - deydi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Sh.Ziyodov. - Bu yerda faoliyat yuritayotgan gidlarning malakasini oshirish tizimini yo‘lga qo‘yar ekanmiz, ularga Imom Buxoriyning bizga qoldirgan merosini, bu merosning tarixiy manbalarini chuqur o‘rgatishimiz shart.
Kurs doirasida majmuaga birinchi marta tashrif buyurgan mehmonlar bilan muloqotning o‘ziga xos xususiyatlari muhokama qilindi. Xorijlik ziyoratchilarga nafaqat Imom al-Buxoriy hayotidagi faktlar va diniy qadriyatlarimizni yetkazish, balki boy madaniy merosimizni asrab-avaylash va yetkazish kabi dolzarb masalalar ko‘tarildi.
Gid-ekskursovodlar ham o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashib, kelgusidagi ishlarni tashkil etish bo‘yicha takliflar berdilar. Bu bevosita ekskursiyalarni o‘tkazish paytida yuzaga keladigan masalalarni muhokama qilish imkonini berdi.
Kurs O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Diniy ta’lim sohasida kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash instituti, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, viloyat hokimligi hamda Imom Buxoriy yodgorlik majmuasini saqlash va uning atrofini obodonlashtirish departamenti tomonidan tashkil etildi.
Tarixiy obidalar va ziyoratgohlar turizm salohiyatining muhim qismi bo‘lgan Samarqand viloyati uchun malakali mutaxassislarni tayyorlash alohida ahamiyatga ega. Mehmonga tashrif buyuriladigan joyning tarixi qanchalik to‘liq va tushunarli ochib berilishi gidning professionalligiga bog‘liq. Shuning uchun ham gid-ekskursovodlarning malakasini muntazam oshirib borish, ularning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini takomillashtirish hamda zamonaviy xizmat ko‘rsatish standartlarini joriy etish Samarqandda turizm xizmatlari sifatini oshirishda ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati