Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan boʻlib oʻtayotgan bu muhtasham anjuman, nafaqat musulmonlar uchun, balki ular bilan diniy bagʻrikenglik tamoyillari asosida umrguzaronlik qilib kelayotgan, qoʻni-qoʻshnichilik munosabatlarini olib borayotganlar uchun ham xayrlidir.
Islom barcha xalqlarni birlikka chorlaydi. Islom diniga eʼtiqod qiluvchi barcha moʻminlar orasida tarqalgan salom soʻzi ham “Sizga tinchlik, omonlik tilayman”, degandir. Shu maʼnoda, islom nomi bilan bogʻlanayotgan xunrezliklar va noxush hodisalar zamirida chin islomga xos boʻlgan eʼtiqod yoʻq, desak, aslo yanglishmagan boʻlamiz.
Ota-bobolarimiz minglab yillar mobaynida islom diniga eʼtiqod qilib keladi. Bu ezgu din, Markaziy osiyoda yashayotgan xalqlarning urf-odatlariga qadar singib ketgan va bunda hech qanday gʻalizlik kuzatilmaydi.
Bunga sabab esa, sof islom aqidasini, uning maʼrifatini, insonparvarligiyu ezgu gʻoyalarini botil aqidalardan oriflik bilan ajratib bera olgan ulamolarning aynan Markaziy osiyodan koʻplab yetishib chiqqanidir. Bu ezgu taʼlimotlardan uzoqlashgan sari, fitnalar koʻpayigani bor gap. Shu bois, ota-bobolarimizning toʻgʻri eʼtiqod borasidagi tavisiyalari va ilmiy merosiga suyanishimiz shart.
Bugun axborot globallashuvi tufayli botil gʻoyalar bilan chalgʻiyotgan yoshlar kam emas. Shu bois, ularga eʼtiqod nuqtai-nazaridan toʻgʻri maʼlumot berish, yoshlarni botil aqidalardan oʻz vaqtida ogoh qilib borish, biz ulamolarning vazifamizdir. Alloh taolo oʻz kalomida “Agar bilmaydigan boʻlsangiz, zikr ahllaridan soʻrangiz”, deb marhamat qiladi. Allohga shukurki, Oʻrta osiyo xalqi, islom olamiga tanilgan allomalari bilan faxrlanadi. Muqaddas kalomdagi “bilganlar” ham shular, aslida.
Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Xoja ahmad Yassaviy, Sigʻnoqiy kabi allomalar haqni botildan ajratgan, ummatga toʻgʻri yoʻlni va islom maʼrifatini koʻrsatib bergan kishilar edi. Mana shunday ajdodlarimizning moʻtadil yoʻli esa, yoshlarni radikal gʻoyalardan asrashda juda muhim. Bugungi anjuman aynan shu haqiqatni anglatishga xizmat qilmoqda.
Naurizbay Utpenov,
Qozogʻiston musulmonlari diniy boshqarmasi raisi, bosh muftiy
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Fatvo markazi xodimi Furqatjon To‘xtasinovning volidai muhtaramalari vafoti munosabati bilan u kishining oila a’zolari va yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.
Alloh taolo marhuma onaxonni O‘z mag‘firatiga olsin, iymonlari va solih amallarini o‘zlariga hamroh aylasin. Oxiratlarini obod etib, joylarini Firdavs jannatlaridan qilsin!
Oxirat safariga kuzatilgan onaxon el-yurt koriga yaraydigan, dinu diyonat yo‘lida xizmat qiladigan farzand va nevaralarni o‘stirdilar, chiroyli tarbiya qildilar.
Haq taolo marhuma onaxonning ahli oilasi, farzandu arjumandlari va yaqinlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarini yaxshiliklar ila to‘ldirsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan marhuma onaxonning yaqinlariga, xususan, Furqatjon To‘xtasinovga hamdardlik bildiramiz.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda “Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz”, degan sabrlilarga xushxabar bering».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi