Sayt test holatida ishlamoqda!
16 May, 2025   |   18 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:28
Quyosh
05:04
Peshin
12:24
Asr
17:25
Shom
19:39
Xufton
21:08
Bismillah
16 May, 2025, 18 Zulqa`da, 1446
Yangiliklar

Shayxul islom Allohshukur Poshozoda: “Bu diyorning allomalari Islomning ulug‘ madaniy-ma’naviy merosini boyitganlar!”

15.10.2024   6320   4 min.
Shayxul islom Allohshukur Poshozoda: “Bu diyorning allomalari Islomning ulug‘ madaniy-ma’naviy merosini boyitganlar!”

Poytaxtimizda tashkil etilgan “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusidagi xalqaro nufuzli konferensiya qizg‘in suhbatlarga, o‘zaro fikr almashinuvlarga boy bo‘lmoqda. Unda islom dinining tinchlikparvar g‘oyalari xususida batafsil so‘z yuritilmoqda. Mazkur xalqaro konferensiya islomning ezgu g‘oyalarini targ‘ib etishda olimlarning yakdil, hamjihat bo‘lishlariga chorlayotgani bilan ham ahamiyatli.

Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayxul islom Allohshukur Poshozoda bu nufuzli konferensiya haqida fikrlarini bildirdi: 

–   O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev davlat qurilishida shunday ulug‘vor merosga, boy ma’naviy manba va chuqur mazmunli asosga tayanadiki, bu yutuqlar o‘z nomini tarixga zarhal harflar bilan yozdirib, O‘zbekistonning asrlar davomida cho‘qqida bo‘lishiga mustahkam kafolat beradi. O‘zbekistonning Ibn Sino, Forobiy, Beruniy, Ulug‘bek kabi olimlari, Imom Buxoriy, Termiziy, Moturidiy kabi ulug‘ din peshvolari, Amir Temur va Bobur kabi buyuk sarkardalari, Alisher Navoiy kabi she’riyat ustalari va boshqa ko‘zga ko‘ringan tarixiy shaxslari bashariyat tarixiga beqiyos hissa qo‘shib, islomning ulug‘ madaniy-ma’naviy merosini boyitganlar, shuningdek, Yevropa uyg‘onish davriga turtki berganlar.  

Allohga shukrki, islom olami uchun tuganmas xazinaga ega bo‘lgan birodar O‘zbekiston o‘zining qudratli siyosiy yetakchisi boshchiligida tarixiy-ma’naviy missiyasini muvaffaqiyatli davom ettirmoqda.  

Boy tarixiy va ma’naviy merosga asoslanib, O‘zbekiston bilan bo‘lgan madaniy-ma’naviy aloqalarni saqlash va rivojlantirish Ozarbayjon uchun ham har doim katta ahamiyatga ega bo‘lib kelgan. Bugungi kunda Prezidentimiz Ilhom Aliyev va O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘rtasidagi birodarlik rishtalari xalqlarimiz va davlatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni yanada yuksaltirishga, jumladan, ma’naviy sohalardagi aloqalarning rivojlanishiga ulkan turtki bermoqda.  

Bir xil etnik ildizlarga, o‘xshash tarix va mentalitetga ega bo‘lgan qardosh xalqlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikning yangi sifat bosqichiga ko‘tarilishini, Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi Ittifoqchilik qarorini beqiyos faxr va iftixor manbai deb hisoblaymiz. Qorabog‘ zaminida O‘zbekiston tomonidan qurib berilgan Mirzo Ulug‘bek nomidagi o‘rta maktabning nafis va muhtasham binosi o‘zbek xalqining qardosh sovg‘asi sifatida Ozarbayjon xalqi uchun nihoyatda azizdir.  

Islom olamining ajralmas qismi bo‘lgan, milliy va ma’naviy qadriyatlariga sodiq dunyoviy, namunaviy davlat modellari bo‘lgan O‘zbekiston va Ozarbayjonning dono, global tafakkurga ega davlat yetakchilarining bu yo‘nalishda, shuningdek, muqaddas islom dinining insonparvarlik mohiyatini dunyo miqyosida tanitish, uning qadriyatlarini himoya qilish va islomofobiyaga qarshi kurashishdagi alohida o‘rni bor. Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning 2017 yilni “Islom hamjihatligi yili” deb e’lon qilish qarorini Prezident Shavkat Mirziyoyev Islom olami uchun zarur deb baholagan va Toshkentda “O‘zbekiston va Ozarbayjon misolida Islom hamjihatligi” xalqaro konferensiyasini o‘tkazishimizga o‘z xayr-duosini bergan edi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Islom sivilizatsiyasi markazini barpo etishi din, ilm va zamonaviylikning uyg‘unlashgan birligi ramzi va rivojini ifodalaydi.  

Bugungi nufuzli tadbirni o‘tkazish qarorini Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining yuksak minbaridan bayon qilgan edilar. Shukrki, Prezidentning global g‘oya va tashabbusi o‘z samarasini bermoqda va islom dinining gumanistik mohiyatini yuksak darajada taqdim etish nuqtayi nazaridan muhim forum O‘zbekiston mezbonligida amalga oshmoqda.  

Ushbu nufuzli konferensiyada Islom olamining mashhur, obro‘li diniy va jamoat arboblari ishtirok etmoqda. Ishonchim komilki, Toshkent forumi Islom olamining manfaatlarini himoya qilish va yuqori darajada taqdim etish yo‘lida o‘ziga xos hissa qo‘shadi. Qardosh O‘zbekiston ateizm hukmron bo‘lgan davrda islom nurini o‘chirmagan mayoq rolini bajargan. Sovetlar Ittifoqi davrida bu nurga ergashib, 500 yillik tarixga ega bo‘lgan Mir Arab madrasasiga, Toshkent Islom Akademiyasiga yuzlangan avlod vakili sifatida, o‘z vatanim O‘zbekistonning bugungi kunda ham bu missiyani davom ettirayotganidan faxrlanaman.  

Yana bir bor O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston xalqi va davlatining rivoji hamda Islom olamining yuksalishi yo‘lida olib borayotgan ezgu faoliyatlariga Allohdan baraka tilayman. Parvardigor davlatlarimizni, Ozarbayjon-O‘zbekiston ittifoqini, xalqlarimizni va dono davlat rahbarlarimizni himoya qilsin! Alloh Taolo Islom olamini, musulmon ummatini doimo ulug‘da barqaror qilsin, yer yuzida tinchlik hukmron bo‘lsin!  

N.Usmonova,  

manba: O‘zA

 

MAQOLA
Boshqa maqolalar

Islom sivilizatsiyasi markazi Kengaytirilgan ilmiy kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

14.05.2025   2955   4 min.
Islom sivilizatsiyasi markazi Kengaytirilgan ilmiy kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Kengaytirilgan ilmiy kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Kengash a’zolari to‘g‘ridan to‘g‘ri va onlayn tarzda ishtirok etishdi. Dastlab, London qirollik kolleji Arxeologiya bo‘limi ilmiy xodimi, doktor Miliana Radivoyevich Namangan viloyatidagi Axsikent mavzeida olib borilgan arxeologik tadqiqotlar natijasi bilan tanishtirdi.

 

 

Miliana Radivoyevich uzoq yillarda beri mamlakatimizda olib borilayotgan arxeologik tadqiqotlarda faol ishtirok etib keladi.

— Axsikent dunyodagi eng qadimiy metallurgiya markazlaridan biri hisoblanadi. Men o‘zbekistonlik, kiprlik va buyuk britaniyalik hamkorlarimiz bilan birga Axsikentda ilk o‘rta asrlarda metallurgiya yuqori darajada rivojlanganini aniqladik. Jumladan, islom olamining dastlabki davrida tayyorlana boshlagan mashhur Damashq qilichlari ham aynan Axsikentda qazib olingan va qayta ishlangan po‘latdan foydalanganini isbotladik. Nasib etsa, Markazning ochilishi marosimida bu tarixiy voqeani alohida medialoyiha sifatida taqdim etamiz, — dedi u.

 

ITSM xalqaro aloqalar bo‘limi mutaxassisi Yekaterina Soboleva Kengash a’zolarini O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining tantanali ochilishi marosimi konsepsiyasi bilan tanishtirdi. Unda ushbu marosim doirasidan joy olgan tadbirlar, “O‘tmishning boqiy merosi – buyuk kelajak asosi” mavzusidagi IX kongress kun tartibi, ishtirokchilar ro‘yxati, Imom Buxoriy majmuasining yangi binosi va innovatsion muzeyi singari qator  masalalar o‘rin olgan.

 

 

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov Markazning ochilishi munosabati bilan o‘tkaziladigan Xalqaro ko‘rgazma, xorijdan olib kelinadigan qo‘lyozmalar, eksponatlar haqida ma’lumot berdi. Xorijiy mamlakatlardagi qator muzey va kutubxonalar, shaxsiy kolleksiyalar rahbarlarning ushbu ko‘rgazmasidagi ishtiroki bo‘yicha keng qamrovli ishlar olib borilayotganini qayd etdi. 

 

— Biz 25 aprel-2 may kunlari Buyuk Britaniyaning “Sotbis” va “Kristis” auksionlaridan O‘zbekiston madaniy merosiga oid 46 ta lotni saraladik, — dedi Markaz rahbari. — Ayni paytda ularni sotib olish va O‘zbekistonga olib kelish bo‘yicha muzokaralar davom etyapti. Biz bu tarixiy merosni qaytadan qo‘lga kiritayotganimizni jahon ilmiy jamoatchiligiga yetkazishimiz kerak. Shu bois, Buyuk Britaniya va Fransiyada shu masalada xalqaro tadbirlar o‘tkazishni rejalashtiryapmiz.

 

 

Kengash a’zolari tomonidan ushbu yirik anjumanlarga tashrif buyuradigan xorijiy mehmonlar ro‘yxati ham taqdim etildi. Kengaytirilgan ilmiy kengash a’zolari tomonidan ushbu xalqaro tadbirlarda ishtirok etadigan o‘zbekistonlik olimlar va ekspertlar ro‘yxati tasdiqlandi. 

 

Kengash davomida, shuningdek, Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy xodimi Alisher Egamov O‘zbekistonning turli hududlaridagi muzey fondlaridan Markaz ekspozitsiyasida namoyish qilish uchun to‘plangan tarixiy eksponatlar haqida ma’lumot berdi. Mart-aprel oyida joylarga uyushtirilgan ekspeditsiyalar natijasida 1500 dan ortiq tarixiy eksponatlar aniqlangan. Mamlakatimiz tarixining turli davrlariga mansub bu tarixiy buyumlar orasidan saralanganlari Markazning ochilishi munosabati bilan o‘tadigan xalqaro ko‘rgazmadan joy oladi.

 

Shuningdek, Markaz ekspozitsiyasi uchun 2-toifali medialoyihalarning ilmiy-amaliy materiallar bazasini yaratish masalasi ham kun tartibiga qo‘yildi. Boshqa bir qator masalalar bo‘yicha Kengash a’zolari o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi. Kengash uchrashuvida Markaz hamda O‘zbekiston madaniy merosini saqlash, o‘rganish va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati qo‘shma loyihasi - "O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi kitob-albomlarning 81-90 jildlarini nashr qilish masalasi ko‘rib chiqildi. Shuningdek, nashrga tayyorlanayotgan yettita sovg‘abop kitob-albom haqida ma’lumot berildi.

 

Bundan tashqari uchrashuvda Kengash a’zolari Qur’oni karim zalining yangi dizaynini ham tasdiqlashdi.

 

— Qur’on zali binoning markaziy qismidan o‘rin olgani uchun uning dizayniga alohida e’tibor berilyapti, — dedi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi boshlig‘i Azimjon G‘afurov. — Biz Kengash a’zolari e’tiboriga Hazrati Usmon Qur’oni joylashtiriladigan ayvon ustida joylashadigan nurli installyatsiyaning ikki xil ko‘rinishini taqdim qildik. Yig‘ilishda eng maqbul variant tanlandi.

 

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Islom sivilizatsiyasi markaziga navbatdagi tashrifi chog‘ida xalqaro hamkorlar, jumladan, dunyoning yetakchi muzeylari, kutubxonalari va ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlikni faollashtirish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi. Markaz binosining ikkinchi qavatini xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari uchun xonalar ajratish, shuningdek, Islom sivilizatsiyasi markazi uchun alohida yangi bino qurish to‘g‘risidagi qarorning muhim bandlaridan biri bo‘ldi. Qirqqa yaqin asosiy hamkor davlatlar mavjud. Markazning ikkinchi qavatida ularning faoliyati uchun barcha shart-sharoitlar yaratilib, zamon talabi darajasida tashkil etish O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining navbatdagi kengaytirilgan ilmiy kengashi jarayonida alohida ta’kidlandi.